O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Xabarlar

Nochor oilaga imom xatib ko‘magi bilan uy qurilmoqda

 
 

Dili o‘ksik faqir kambag‘allarga, nochoru nogironlarga yordam qo‘lini cho‘zish, ular bilan birga o‘tirish va do‘stona munosabat o‘rnatish, kerak bo‘lganda ularga suyanchiq bo‘lish, bular—islom va musulmonchilikning ruhiyati, mag‘zidir.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam:

“Kim bir mo‘mindan bu dunyo mashaqqatlaridan bir mashaqqatni aritsa, Alloh taolo undan qiyomat kuni mashaqqatlaridan birini aritadi. Kim bir kambag‘alning ishini yengillatsa, Alloh uning bu dunyoyu oxiratidan ishlarini yengillatadi. Kim bir musulmonning aybini berkitsa, Alloh uning aybini bu dunyoyu oxiratda berkitadi. Modomiki, banda o‘z birodarining yordamida ekan, Alloh ham uning yordamida bo‘ladi...”, deb aytganlari keltirilgan.

Ha, Islom dini musulmon jamiyatidagi kishilarni doimo o‘zaro yordam asosida yashashga chaqiradi. Ayniqsa, qiyinchilikda qolgan kishilarga alohida e'tibor berishni tayinlaydi. Demak,boshqa musulmonlarning har biri qiyin hayot kechirayotgan birodarining mushkulini yengillashtirish uchun harakat qilmog‘i lozim. Kiyim-kechak, oziq-ovqat,  turar joy topa olmay qiynalayotgan bo‘lsa, unga yordam berishlari kerak.

Urgut tuman “G‘avsul A'zam” jome masjidi imom xatibi To‘lqin domla Isayev boshchiligida Urgut tumani  Jarqishloq  mahallasida yashovchi boquvchisi yo‘q, kam ta'minlangan, 4 nafar farzandi bor Oripova Muqaddasga  hashar yo‘li bilan homiylarni jalb qilgan holda  uy joy qurib berilmoqda. 6 sotix yer maydonida bino qilinayotgan 3 ta xona, ayvon hamda oshxona va boshqa qo‘shimcha xonalardan iborat uyning qurilishi yakuniga yetish arafasida.

“Hozirgi kunga qadar yuz million so‘m miqdorida pul sarf qilindi. Sovuq kunlar tushganicha ushbu imorat to‘liq bitkazilib, uning sohiblari bu uyda istqomat qila boshlaydi. Ushbu savobli amalga o‘z hissasini qo‘shayotgan barcha saxovatpesha kishilarga Alloh O‘zi ajru muokfatini ato qilsin”, dedi To‘lqin domla.  

Alloh taolo barchaga mehrli, oqibatli bo‘lishimizni nasib aylasin. Yetimlar va zaiflarga yordamchi bo‘lib, jannatda Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi va sallam bilan birga bo‘lishni muyassar qilsin.

 

O‘MI Samarqand viloyat vakilligi


Kiritilgan vaqti: 02/10/2019 12:06;   Ko‘rilganligi: 1327
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/press/news/nochor-oilaga-imom-xatib-komagi-bilan-uy-qurilmoqda
Chop etilgan vaqti: 14/10/2024 17:37
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing