O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Xabarlar

Navbatdagi sayyor yig‘ilish Payariq tumanida o‘tkazildi

 
 

Bugun, 2024 yil 12 noyabr kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi Samarqand viloyati vakilligining tashabbusi hamda yillik ish rejasiga asosan  navbatdagi sayyor yig‘ilish Payariq tumanida o‘tkazildi.

Tadbirlar oldidan viloyat vakilligi xodimi X.Temirov ishchi guruh a'zolari bilan uchrashib, o‘zining kerakli ko‘rsatma va topshiriqlarini berib o‘tdi. Shundan so‘ng, Xasan domla Temirov Kattaqo‘rg‘on shahar bosh imom-xatibi A.Nazarov hamda Payariq tumani bosh imom-xatibi M.Abduxoliqovlar hamrohligida tuman markazidagi “Islom nuri” jome masjidi hududidagi bemor va nogironligi bor oilalar holidan xabar olib, moddiy ko‘maklar ko‘rsatdi hamda haqlariga xayrli duolar qildi. Qolgan bosh imom-xatiblar va iqtidorli imom-xatiblar ham taqsimot asosida tumandagi mavjud 12 ta masjid imom-xatiblari va noiblari hamda 2023-2024 yillarda Haj ibodatiga borib kelgan hojilar hamrohligida 17 ta mahallalarga tarqalib, joylarda aholining IHM, nogironligi bor, kam ta'minlangan, boquvchisini yo‘qotgan va notinch oilalar xonadoniga tashrif buyurdilar. Shuningdek, mahalla markazlarida uyushmagan yoshlar bilan suhbatlar tashkil qilindi. Har bir mahalladagi fuqarolar soni, ijtimoiy holati va muammolari tahlil qilindi. Shu bilan bir qatorda, viloyat ishchi guruhi Payariq tumanidagi 12 ta masjidda Peshin namozini o‘qib, yig‘ilgan namozxonlarga “Qo‘shnichilik odoblari va haqlari”, “Oila – muqaddas dargoh”, “Ommaviy axborot vositalaridan foydalanish odoblari”, “Tinchlik qadri”, “Farzandlar tarbiyasiga e'tiborsiz bo‘lmaylik”, “Yoshlar kelajagimiz”, “Ne'matlarga shukr qilish fazilati”, “Oilangizni asrang”, “Yot g‘oyalarga aldanmang” va boshqa, bugungi kundagi dolzarb mavzular yuzasidan ma'ruzalar qildilar hamda ularning muammo va takliflarini tingladilar. Ish jarayonidagi holatlar ishchi guruh tomonidan dalolatnoma asosida xatlandi.

Ishchi guruh a'zolari tumandagi 12 ta masjidda Peshin namozini o‘qib, yig‘ilgan namozxonlarga dolzarb mavzularda ma'ruzalar qildi. Unda 1000 nafardan ziyod namozxonlar ishtirok etishdi.

Viloyat vakilligi xodimi Hasan domla Temirov Kattaqo‘rg‘on shahar bosh imom-xatibi A.Nazarov bilan birgalikda Payariq tumanidagi “Islom nuri” jome masjidida tumanda rasmiy faoliyat olib borayotgan mahalla mullolari va otinoyilar bilan faoliyatlarini yanada jadallashtirish, aholi orasida keng tarqalayotgan bid'at xurofotlarni to‘xtatishda qilinishi kerak bo‘lgan amaliy ishlar, aholi bilan yaqindan ishlash, faoliyatlariga mas'uliyat bilan yondashish va shu kabi masalalar yuzasidan davra suhbati o‘tkazdi. Shundan so‘ng, Hasan domla “Islom nuri” jome masjidida jamoat bilan birga Peshin namozini ado etdi. Namozdan so‘ng, Kattaqo‘rg‘on shahar bosh imom-xatibi Anvar domla Nazarov jamoatga “Ne'matning shukrini ado etishlik” mavzusida mazmunli ma'ruza qilib berdi.

Shundan so‘ng, ushbu sayyor uchrashuvda ishtirok etgan diniy soha xodimlari bilan tahliliy yig‘ilish tashkil qilindi. Unda Payariq tumanidagi mahallalarda o‘rganilgan muammolar, diniy sohadagi yutuq hamda kamchiliklar muhokama qilinib, ijroga yo‘naltirildi. Mazkur yig‘ilishga viloyat vakilligi mutaxassisi Hasan domla Temirov va Payariq tumani bosh imom-xatibi M.Abduxoliqovlar bevosita bosh bo‘ldilar. O‘tkazilgan tahliliy yig‘ilishda masjidning hujjat yuritish va obodonchilik bo‘yicha hamda aholining turli qatlamlaridan o‘rganilgan kamchilik va muammolar hamkor tashkilotlar bilan birgalikda ijroga yo‘naltirish choralari muhokama qilindi. Shuning bilan bir qatorda, diniy soha xodimlariga rahbarlar tomonidan aholi bilan yanada yaqinroq ishlash, sohaning rivojini yanada takomillashtirish hamda joylarda diniy vaziyatni yanada sog‘lomlashtirish, yaqinlashib kelayotgan Qish mavsumiga barcha masjidldarni tayyorlash va shu kabi dolzarb yo‘nalishlar bo‘yicha kerakli ko‘rsatma hamda topshiriqlar berildi.

Mazkur tadbirlardan so‘ng, Allohdan yurtimiz tinchligi, osmonimiz musaffoligi, yurtboshimizning olib borayotgan ishlariga zafarlar so‘ragan holda xayrli duolar qilindi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Samarqand viloyati vakilligi Matbuot xizmati


Kiritilgan vaqti: 12/11/2024 22:56;   Ko‘rilganligi: 201
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/press/news/navbatdagi-sayyor-yigilish-payariq-tumanida-otkazildi
Chop etilgan vaqti: 27/03/2025 05:03
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing