O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Xabarlar

Navbatdagi sayyor yig‘ilish Ishtixon tumanida o‘tkazildi

 
 

Bugun, 2024 yil 23 aprel kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi Samarqand viloyati vakilligining tashabbusi bilan navbatdagi sayyor yig‘ilish Ishtixon tumanida o‘tkazildi.

Tadbirlar oldidan viloyat bosh imom-xatibi Zayniddin domla Eshonqulov ishchi guruh a'zolari bilan uchrashib, o‘zining kerakli ko‘rsatma va topshiriqlarini berib o‘tdi. Shundan so‘ng, Zayniddin domla boshchiligida barcha imom-xatiblar tomonidan “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida tadbir tashkil qilindi. Tadbir davomida “Polvon ota” jome masjidi hududidagi 0,5 gektar bo‘sh yer maydoniga 100 tup archa ko‘chatlari ekildi. Shundan so‘ng, Zayniddin domla mazkur masjid hududidagi bemor va nogironligi bor oilalar holidan xabar olib, moddiy ko‘maklar ko‘rsatdi hamda haqlariga xayrli duolar qildi. Qolgan bosh imom-xatiblar va iqtidorli imom-xatiblar ham taqsimot asosida tumandagi mavjud 12 ta masjid imom-xatiblari va noiblari hamda 2023 yilda Haj ibodatiga borib kelgan hojilar hamrohligida 20 ta mahallalarga tarqalib, joylarda aholining nogironligi bor, kam ta'minlangan, boquvchisini yo‘qotgan va notinch oilalar xonadoniga tashrif buyurdilar. Shuningdek, mahalla markazlarida uyushmagan yoshlar bilan suhbatlar tashkil qilindi. Har bir mahalladagi fuqarolar soni, ijtimoiy holati va muammolari tahlil qilindi. Shu bilan bir qatorda, viloyat ishchi guruhi Ishtixon tumanidagi 12 ta masjidda Peshin namozini o‘qib, yig‘ilgan namozxonlarga “Qo‘shnichilik odoblari va haqlari”, “Oila – muqaddas dargoh”, “Ommaviy axborot vositalaridan foydalanish odoblari”, “Tinchlik qadri”, “Farzandlar tarbiyasiga e'tiborsiz bo‘lmaylik”, “Yoshlar kelajagimiz”, “Ne'matlarga shukr qilish fazilati”, “Oilangizni asrang”, “Yot g‘oyalarga aldanmang” va boshqa, bugungi kundagi dolzarb mavzular yuzasidan ma'ruzalar qildilar hamda ularning muammo va takliflarini tingladilar. Ish jarayonidagi holatlar ishchi guruh tomonidan dalolatnoma asosida xatlandi.

Shundan so‘ng, ushbu sayyor uchrashuvda ishtirok etgan diniy soha xodimlari bilan tahliliy yig‘ilish tashkil qilindi. Unda Ishtixon tumanidagi mahallalarda o‘rganilgan muammolar, diniy sohadagi yutuq hamda kamchiliklar muhokama qilinib, ijroga yo‘naltirildi. Mazkur yig‘ilishga viloyat bosh imom-xatibining birinchi o‘rinbosari Yoqubjon domla Mansurov bevosita bosh bo‘ldilar. O‘tkazilgan tahliliy yig‘ilishda masjidning hujjat yuritish va obodonchilik bo‘yicha hamda aholining turli qatlamlaridan o‘rganilgan kamchilik va muammolar hamkor tashkilotlar bilan birgalikda ijroga yo‘naltirish choralari muhokama qilindi. Shuning bilan bir qatorda, diniy soha xodimlariga rahbarlar tomonidan aholi bilan yanada yaqinroq ishlash, sohaning rivojini yanada takomillashtirish hamda joylarda diniy vaziyatni yanada sog‘lomlashtirish, yaqinlashib kelayotgan Qurbon Hayitiga barcha masjidldarni tayyorlash va shu kabi dolzarb yo‘nalishlar bo‘yicha kerakli ko‘rsatma va topshiriqlar berildi.

Mazkur tadbirlardan so‘ng, Allohdan yurtimiz tinchligi, osmonimiz musaffoligi, yurtboshimizning olib borayotgan ishlariga zafarlar so‘ragan holda xayrli duolar qilindi.


O‘MI Samarqand viloyat vakilligi matbuot xizmati


Kiritilgan vaqti: 23/04/2024 17:57;   Ko‘rilganligi: 164
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/press/news/navbatdagi-sayyor-yigilish-ishtixon-tumanida-otkazildi
Chop etilgan vaqti: 14/10/2024 14:42
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing