O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Xabarlar

Naqshband turizm festivali ishtirokchilari Samarqandda

 
 

11 noyabr kuni Yurtimizda mehmon bo‘lib turgan “Naqshband turizm festivali – 2018” qatnashchilari Buxoroi sharifdagi sayohatlarini yakunlab, Samarqandga yetib keldilar. Mehmonlar viloyat hokimligi, viloyat ichki ishlar boshqarmasi, O‘zbekiston musulmonlar idorasi viloyat vakilligi mutasaddi xodimlari, ''O‘zbekturizm'' Samarqand mintaqaviy bo‘limi xodimlari tomonidan munosib kutib olindi.

Dunyoning 18 davlatidan kelgan 150 dan ziyod naqshbandiy tariqati vakillari Samarqand bo‘ylab sayohatlarini Imom Buxoriy majmuasi ziyorati bilan boshladilar. Ziyorat asnosida qiziqarli suhbatlar bo‘ldi. Majmua mehmonlarda katta qiziqish uyg‘otdi.

Shundan so‘ng Xo‘ja Ahrori Valiy ziyoratgohi va Registon majmuasi ziyorat qilindi. Ayniqsa Registon majmuasidagi Tilloqori madrasasi mehmonlarda o‘zgacha taassurot qoldirdi.

Gid tarjimonlar tomonidan ziyorat qilingan hududlar tarixi, mustaqillik yillari davomida ko‘rsatilgan e’tiborlar haqida atroflicha ma’lumotlar berib borildi.

Festival O‘zbekistonda Malayziyaning “Umumjahon So‘fiylar tashkiloti” tashabbusi bilan “Hilal travel” sayyohlik tashkiloti hamkorligida hamda bevosita Vazirlar Mahkamasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi va O‘zbekiston Musulmonlar idorasi, shuningdek Tashqi ishlar vazirligi, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi ko‘magida tashkil etilmoqda.

Festivalga Malayziya, Indoneziya, Turkiya, Buyuk Britaniya, Yangi Zelandiya, Xitoy, Hindiston, Avstraliya, AQSH, Zambiya va boshqa mamlakatlardan mehmonlar tashrif buyurgan.

Samarqand ziyorati 12 noyabrda ham davom etadi.

O‘MI Samarqand viloyati vakilligi


Kiritilgan vaqti: 11/11/2018 00:00;   Ko‘rilganligi: 1697
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/press/news/naqshband-turizm-festivali-ishtirokchilari-samarqandda
Chop etilgan vaqti: 03/12/2024 02:11
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing