"Muruvvat karvoni" Samarqandda
2018 yil 24 noyabr kuni “Vaqf” xayriya jamoat fondi tomonidan Samarqand viloyatida “Muruvvat karvoni” nomli xayriya tadbiri tashkil etildi.
Samarqand shahridagi “Zilol Baxt” to‘yxonasida O‘zbekiston musulmonlari idorasining Samarqand viloyati vakilligi, "Vaqf" xayriya jamoat fondi viloyat filiali hodimlari va boshqa mutasaddi shaxslar bilan birgalikda “Muruvvat karvoni” nomli xayriya tadbiri o‘tkazildi.
Tadbir alohida tayyorgarliklar asosida olib borildi. Dastlab Qur’oni karim tilovat qilindi. Yig‘ilganlarga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 16 apreldagi "Diniy-ma’rifiy soha faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi Farmoniga binoan tashkil etilgan "Vaqf" xayriya jamoat fondi faoliyati, maqsad va vazifalari, tashkil etilgan xayriya ishlari haqida ma’lumot berildi.
Tadbirda viloyatning barcha hududidan taklif etilgan 100 nafar ijtimoiy himoyaga muhtoj, kam ta’minlangan va boquvchisini yo‘qotgan shaxslarga oziq-ovqat mahsulotlari, ular orasidan 16 nafar nogironligi bor shaxslarga nogironlik aravachasi taqdim qilindi. Taqdimot ishida viloyatdagi ustoz domlalar yaqindan ko‘mak berdilar. Shuningdek, ustoz domlalar ham fondning esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar.
Tadbir davomida xizmat vazifalarini samarali o‘tab kelayotgan 285 nafar imom-xatiblarga rag‘batlantirish maqsadida O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan nashr ettirilgan diniy-ma’rifiy mazmundagi kitoblar taqdim qilindi. Tadbir so‘ngida ishtirokchilar qilingan ehsonlardan mamnun bo‘lishib, duoi xayrlar qilishdi.
Xayriya tadbiri so‘ngidan tashkilotchilar Samarqand shahridagi "Saxovat uyi" hamda Urgut tumanidagi "Muruvvat uyi" uchun jami 5 dona nogironlik aravachasi hadya etdilar.
Amalga oshirilgan xayriya tadbiri uchun O‘zbekiston musulmonlari idorasiga hamda "Vaqf" xayriya jamoat fondiga o‘zimizning chuqur minnatdorchiligimizni bildiramiz.
O‘MI Samarqand viloyati vakilligi
Kiritilgan vaqti: 24/11/2018 00:00; Ko‘rilganligi: 1709
Chop etilgan vaqti: 16/09/2024 07:06