O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Xabarlar

Munosabatlar qonuniy bo‘lsa, pand yemaysiz

 
 

O‘zA veb-saytida e'lon qilingan “Xorijga turmushga chiqayotgan qizlar...” sarlavhali maqolada (Shahnoza Mamaturopova. 21.10.2020y) qizlarimizning ayrimlari Janubiy Koreya, Xitoy va boshqa davlatlarga hoyu-havas ortidan ergashib, turmushga chiqib ketayotgani, xorijiy mamlakatlarda yashashga havasmandlikning ortida qanday sabablar borligi haqida so‘z yuritilgan, begona yurt fuqarolari bilan surishtirmay-netmay oila qurib ketayotgan qizlarga achchiq saboqlar hayotiy misollar yordamida tushuntirilgan.

Aks-sado

Materialda, shuningdek, milliy qonunchiligimizda kim bilan turmush qurish va qayerda yashash fuqaroning ixtiyoriy ravishdagi tanlovi hisoblanishiga ham e'tibor qaratilgan.

Men huquqshunos sifatida fikr bildirmoqchi bo‘lgan mavzu ham aynan shu jihat bilan bog‘liq. Zero qonunchilik doirasida berilgan har qanday huquq insonni turli vaziyatlarda o‘zini o‘zi himoya qilishga ham undaydi.

To‘g‘ri, oila qurish, turmush o‘rtog‘i va istiqomat qiladigan maskan tanlash har bir fuqaroning daxlsiz shaxsiy huquqidir. Biroq 18-20 yoshga to‘lgan qizlarimiz ushbu qarorni qabul qilayotganda ularda hayot tajribasi yetarli bo‘ladimi, keyinchalik turmush ko‘chalari taqdim qilishi mumkin bo‘lgan turli sinovlarni ularning hali qotib ulgurmagan yelkasi ko‘tara oladimi?

Shu sababli bugungi shiddatli zamonamizda yoshlarimizga aytadigan so‘zimiz: o‘z huquqlarini puxta bilishi, qonun bilan turli vaziyatlarda o‘zini himoya qilishi bilan bog‘liq. Bu fikrlarimiz, ayniqsa, taqdirini xorijiy yurt vakillari bilan bog‘lashni rejalashtirayotgan qizlarimizga tegishlidir.

O‘zbekiston fuqarolarining chet el fuqarolari bilan oila munosabatlari qanday tartibga solingan, fuqarolarimiz oilaviy taqdirini chet el fuqarosi bilan bog‘lamoqchi bo‘lganida nimalarga asosiy e'tiborini qaratishi kerak?

Bu savolga javob izlaganda, birinchi navbatda, Bosh qomusimizda oila jamiyatning asosiy bo‘g‘ini ekani hamda jamiyat va davlat muhofazasida bo‘lish huquqiga egaligi belgilab qo‘yilganiga e'tibor qaratmoqchiman.

Oila kodeksiga muvofiq mamlakatimiz FHDYO organlarida O‘zbekiston fuqarolarining chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar bilan nikohini qayd etish hamda chet el fuqarolari o‘rtasidagi nikohni qayd etish umumiy asoslarda, O‘zbekiston Konstitusiyasi va oila qonunchiligi asosida amalga oshiriladi.

Bunda nikohni tuzishga monelik qiladigan holatlar bo‘lmasligi kerak, ya'ni FXDYO tomonidan bo‘lajak kelin-kuyovning nikoh yoshiga mosligi, boshqa nikohda bo‘lmasligi va boshqa monelik holatlarga aniqlik kiritilishi lozim. O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining chet el fuqarolari bilan nikoh tuzilganligini qayd etishda arizaga chet el fuqarosining shaxsini tasdiqlovchi hujjatining nusxasi hamda chet el fuqarosining nikohda turmasligi haqidagi belgilangan tartibda legalizatsiya qilingan yoki apostil qo‘yilgan hujjat (davlat tilidagi tarjimasi bilan birga) ilova qilinishi lozim.

Bunday hujjatlar Sh.Mamaturopova o‘z maqolasida keltirgan holatlardan biri, ya'ni ba'zi qizlarimiz turmush qurgan kishi o‘z yurtida ham xotini borligini keyin bilib qolgani kabi noxush vaziyatlar, aldanib qolishlarning oldini olishga xizmat qiladi.

O‘zbekiston fuqarosi va chet el fuqarosi yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar o‘rtasidagi nikohni qayd etish agar chet el fuqarosining yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxsning O‘zbekiston Respublikasida bo‘lish vizasi nikoh tuziladigan kunda haqiqiy bo‘lsagina amalga oshiriladi.

Oila qonun hujjatlariga binoan, O‘zbekiston fuqarosi bilan nikohga kirgan chet el fuqarosi yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxsning shaxsini tasdiqlovchi hujjatiga nikoh qayd etilganligi to‘g‘risida belgi qo‘yilishi (agar shaxsini tasdiqlovchi hujjatda bunday belgi qo‘yish uchun joy mavjud bo‘lsa) ham alohida ahamiyatga ega.

FHDYO organi tomonidan nikoh qayd etilgandan keyin O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi bilan nikohga kirgan shaxs fuqarosi bo‘lgan xorijiy davlatga nikoh tuzilganligi to‘g‘risidagi xabarnoma belgilangan tartibda yuboriladi.

Chet elda doimiy yashovchi O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining nikohini qayd etish o‘sha davlat qonunchiligiga asosan uning vakolatli organlari tomonidan yoki O‘zbekiston Respublikasining konsullik muassasalarida mamlakatimizning oila qonun hujjatlariga asosan amalga oshiriladi.

O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining chet el fuqarosi yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxs bilan nikohini qayd etish, agar nikohni qayd etish O‘zbekiston Respublikasining konsullik muassasasi hududida joylashgan o‘sha davlatning qonunlari bilan tan olinganda, shuningdek, imzolashda o‘sha davlat va O‘zbekiston Respublikasi qatnashgan konvensiya yoki boshqa xalqaro shartnomalarga (fuqarolik va oila ishlari bo‘yicha huquqiy yordam, konsullik-huquqiy yordami) muvofiq hollardagina konsul tomonidan amalga oshiriladi.

Boshqa davlatda yashovchi O‘zbekiston Respublikasining fuqarosi bilan mazkur davlatning tegishli organlarida nikohni qayd ettirmoqchi bo‘lgan o‘sha davlat fuqarosining iltimosiga ko‘ra, konsul nikohni qayd etuvchi o‘sha davlat organlariga taqdim etish uchun ariza beruvchi O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi nikohda turmasligi haqida ma'lumotnoma berishi mumkin (konsul bu ma'lumotlarni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi orqali O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligidan oladi).

Boshqa davlat fuqarosi bilan niqohni qayd etib, xorijga ko‘chib ketgan fuqarolarimizga doimiy yoki vaqtincha konsullik ro‘yxatiga olinishiga qonunchilikda imkoniyat yaratilgan. Buning uchun xorijdagi konsullik muassasalariga bevosita murojaat qilinib yoki interaktiv xizmatlar veb-portali orqali tegishli hujjatlar topshirilishi bilan konsullik ro‘yxatiga (doimiy, vaqtincha) olinadi.

Maqolada «Sovchilik agentligi» haqida ham fikr bildirilgan. O‘ylaymanki, bunday tadbirkorlik faoliyatiga huquqiy baho, ular tomonidan ko‘rsatilayotgan bunday «xolis xizmat» salbiy oqibatlari haqida ko‘proq ma'lumot berilishi lozim.

Ishonchim komil, O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining oila qonunchiligi, shu jumladan, chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar bilan nikohini qayd etish haqidagi batafsil huquqiy axborot FXDYO organlari, «Oila» markazi, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi tomonidan aholiga yetkazilmoqda. Xorijiy mamlakatlar bilan ochiq va do‘stona hamkorlik munosabatlari chet el fuqarolari bilan nikohni qayd etish holatini kengaytirishi aniq fakt, bu yo‘lda tegishli milliy qonunchilik va xalqaro shartnomalar qabul qilinib, ular takomillashtirilmoqda. Chet el fuqarosi bilan nikoh munosabatlariga kirishmoqchi bo‘lgan fuqaro O‘zbekistonning oila qonunchiligi va xalqaro shartnoma qoidalaridan xabardor bo‘lmoqchi bo‘lsa, albatta «LEX.UZ» qonun hujjatlari milliy bazasiga murojaat qilishi yoki Oila kodeksidan boxabar bo‘lishi, FXDYO, «Oil»a markazi, advokatura vakillaridan o‘zlariga tegishli huquqiy ma'lumotlarni olishi kerak.

O‘zbekiston Respublikasida Oila institutini mustahkamlash konsepsiyasida oilalarga ta'sirchan, sifatli, uslubiy va konsultativ yordam berish, yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash vazifasi qo‘yilgan. Maqolada ta'kidlangan muammolarni hal etish yo‘llaridan biri Oila kodeksining VIII bo‘limi – “Chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar ishtirokidagi oilaviy munosabatlarni tartibga solish” qoidalari bo‘yicha kadrlar malakasini oshirish va yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlashning samarali shakllarini tashkil etish zarur, deb hisoblayman.

Hech bir yosh yigit-qizlarining nikoh va oila huquqlariga daxl qilmagan holda ta'kidlashni istardimki, oila qurish va turmush o‘rtog‘i tanlash, u mamlakatimiz ichkarisida yoki tashqarisida bo‘lsin, o‘ta mas'uliyatli qaror qabul qilish jarayonidir. Bunda yoshlarimizga yozilmagan, lekin hayotda sinalgan qoida – ota-onalari, yaqinlari, mahalla-ko‘y maslahatgo‘y va yordamchi bo‘la oladi. Yoshlarimiz ham, o‘z navbatida, hayotning issiq-sovug‘ini ko‘rgan yoshi ulug‘lar maslahatini, albatta, e'tiborga olishi lozim, deb hisoblayman. Zero umr savdosi – qiyin savdo, deydi xalqimiz.

Komil Rashidov,

yuridik fanlari doktori, professor.

O‘zA


Kiritilgan vaqti: 10/12/2020 10:38;   Ko‘rilganligi: 1120
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/press/news/munosabatlar-qonuniy-bolsa-pand-emaysiz
Chop etilgan vaqti: 20/09/2025 03:46
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing