O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Xabarlar

MUNOSABAT: XOLIS BO‘LING YOXUD NOXOLISLIK KASBINGIZMI?!

 
 

Bugungi kunda axborot tezligi shuncha rivojlandi-ki, bir paytning o‘zida bir voqelikka oid turli yondashuvlarni mutolaa qilish mumkin. Natijada, inson ongi bir-birini inkor etuvchi ma'lumotlar bilan to‘lmoqda.

Ayrim internet saytlari va mualliflar bunday nosog‘lomlikka o‘z “hissa”sini qo‘shmoqda. Shunday saytlar bir xabar e'lon qiladi-yu, ketidan “unday emas, bunday ekan” yoki “falon xabar tasdiqlanmadi” yo “anu xato uchun pistonchi ishdan olindi” degan gaplar ila aybini yopmoqchi bo‘ladi. Aslida, butun xalqni noto‘g‘ri xabar bilan aldagani uchun mard bo‘lib, uzr so‘rashga esa kibri yo‘l bermaydi. Bunday nodonlik dinimizda ham, dunyoimizda ham uyda ham ko‘chada ham er kishining ishi hisoblanmaydi.

Alisher Navoiy hazratlari:

“Og‘ziga kelganni demoq - nodonning ishi,

oldiga qo‘yganni yemoq - hayvonning ishi”

deganlarida ayni haqiqatni aytgan edilar.

Kuni kecha “Imomlarda so‘z erkinligi bormi?” nomli maqola ijtimoiy tarmoqlarda tarqaldi. Uni o‘qib chiqib, muallifda bilim va malaka yetishmasligi, jurnalistik tahlil va surishtiruv yo‘q ekani hamda imom-xatiblarning faolligi borasida uning mavjud voqelikka nazar solmasdan, bir yoqlama yondashganini ko‘rish mumkin.

Aslida, muallif voqea-hodisalarni xolisona va haqqoniy yoritishi va ochiqlik tamoyillariga qat'iy amal qilishi kerak edi. O‘zi tarqatayotgan axborotning ishonchliligini tekshirish va xolis axborot taqdim etish jurnalistning majburiyati. Jurnalist asosiy manba orqali axborotni tekshirib ko‘rishi shart.

Muallif ma'lumotni jamoatchilikka yetkazishdan oldin vaziyatni to‘g‘ri baholab, tahlil etadi, ma'lumotlarning haqqoniyligini tekshiradi va axborotni saralaydi va uni to‘g‘ri uslubda taqdim etadi. Yengil-elpi harakat va tezda mashhurlikka intilish ustoz ko‘rmagan shogirdning ishidir. Dono xalqimizda “Ustoz ko‘rmagan shogird har maqomga yo‘rg‘alar” degan purma'no gap ana shundaylarga tegishli, desak xato bo‘lmaydi.

Shu o‘rinda ta'kidlash zururki, O‘zbekiston musulmonlari idorasi – rasmiy faoliyat olib borayotgan islomiy diniy tashkilotlarning yagona markaziy boshqaruv organi bo‘lib, musulmonlarning diniy ehtiyojlarini qondirish, islomiy rasm-rusumlarni hanafiy mazhabi asosida o‘tkazishga boshchilik qilish va e'tiqodiy birligini ta'minlash bo‘yicha o‘z faoliyatini olib boradi. Shuningdek, respublikadagi masjidlar va madrasalar faoliyatiga boshchilik qiladi hamda ular mo‘min-musulmonlarning diniy ehtiyojlarini qondirish va ahilligini ta'minlash ishlarini amalga oshiradi.

Shu nuqtai nazardan aholining e'tiqodiy birdamligi va o‘zaro hamjihatligini ta'minlash, islomiy savodxonligini tizimli ravishda oshirib borish maqsadida har juma kuni masjidlarda juma tezislari asosida mav'izalar o‘qilib, mo‘min-musulmonlarning diniy-ma'rifiy ongini shakllantirib borish amaliyoti joriy etilgan.

Juma tezislari matni O‘zbekiston musulmonlari idorasining Fatvo bo‘limi ulamolari tomonidan tayyorlanib, tavsiyaviy shaklda masjidlarga yetkaziladi. Imom-xatiblar o‘z salohiyatlari darajasida ushbu mavzuni Qur'oni karim oyatlari tafsiri, hadisi shariflar sharhi, ulamolar nasihatlari va hayotiy misollar asosida ta'sirli qilib jamoatga yetkazadilar. Zarur holatlarda tezislarga ilovalar tayyorlanib, qo‘shilishi ham mumkin. Buni imom domlalarimiz yaxshi biladilar.

Tezislar bir xil bo‘lishi imom domlalarning so‘z erkinligiga zid keladi, deyish mutlaqo to‘g‘ri emas. Chunki tezis o‘z nomi bilan tezis! Ya'ni, u ma'ruza matni emaski, undan tashqariga chiqish mumkin bo‘lmasa. Tezis ma'ruzachi ma'ruza davomida foydalanib turadigan, fikrlarini tartibga keltirib oladigan rejalar majmui.

Juma ma'ruzalarida tezisdan foydalanish hozirgi kunda ko‘plab musulmon  mamlakatlari Saudiya Arabistoni, Birlashgan Arab Amirligi, Misr Arab Respublikasi va boshqa bir qator mamlakatlarda joriy etilgan.

Shu o‘rinda yana bir mulohaza – bugungi kunda imom-xatiblar OAV, televideniya, radio, boshma nashrlarda tinimsiz chiqish qilmoqdalar. Uch yuzdan ortiq imom-xatiblar ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari orqali muntazam chiqishlar qilmoqdalar, onlayn suhbatlar olib borayaptilar. Bularni bilmasdan yoki bilib turib ularga tuhmat qilib “Imomlarda so‘z erkinligi bormi”, deb jar solish qaysi mezonga to‘g‘ri keladi?!

Nazarimizda, maqola muallifi shov-shuv ko‘tarish va jamoatchlikning e'tiborini o‘zi tortish va shu orqali mashhurlikka erishishni maqsad qilgan bo‘lishi mumkin, lekin insofi bor, diyonatli odam bu yo‘ldan bormaydi!

Ayrim jurnalistlar ertalab bir xabarni qo‘yadi-da, yuz minglab kishi o‘qib bo‘lgandan keyin uni saytdan olib tashlab, “unday emas, aslida bunday ekan” qabilidagi tuzatish-izohlar beradi. Bu jurnalistlik emas, aldamchilik desak, to‘g‘ri bo‘ladi.

Axborot tarqatish odobi, mezonlari azal-azaldan mavjud. Jurnalistikada haqqoniylik tushunchasi hech bir zamonda, hech bir mamlakatda va holatda o‘zgarmaydi. Jurnalist yuksak saviyada ijod qilishi mumkin, lekin haqqoniylikka xilof yo‘l tutsa, uning barcha sa'y-harakati chippakka chiqishi muqarrar.

 

             Xulosa o‘zingizdan ...

 

O‘zbekiston musulmonlari idorasi

 


Kiritilgan vaqti: 26/09/2020 09:14;   Ko‘rilganligi: 1031
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/press/news/munosabat-xolis-boling-yoxud-noxolislik-kasbingizmi
Chop etilgan vaqti: 20/05/2024 22:48
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing