O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Xabarlar

Muharram oyi va Ashuro kunining fazilati

 
 

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

Muharram oyi ramazon oyidan keyin turadigan eng hurmatli oydir. Bu oy hijriy sananing boshlanish oyidir. Dinimizda bu oy urush harom qilingan oylardan biri hisoblanadi. Ashuro kuni esa muharram oyining o‘ninchi kunidir. Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam bu oyda ro‘za tutishga targ‘ib qilganlar.

Ali roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Bir kishi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga: «Ey Allohning Rasuli, Ramazondan keyin qaysi oyda ro‘za tutishimga buyurasiz», dedi. Shunda u zot: «Agar Ramazondan keyin ro‘za tutmoqchi bo‘lsang, muharram oyida tutgin. Chunki u Allohning oyidir, unda bir qavmning tavbasini qabul qilgan yana boshqa qavmlarning ham tavbasini qiladi», deb javob berdilar».

Imom Termiziy rivoyat qilgan.

Ashuro kunining fazilati

Ashuro kunining fazilati haqida quyida ba'zi hadislarni keltiramiz.

Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam Madinaga kelganlarida yahudiylarning Ashuro kuni ro‘za tutayotganini ko‘rib: «Nima bu? (ya'ni, nima uchun bu kun ro‘za tutyapsiz?)», - dedilar. Ular: «Bu yaxshi kundir. Bu kunda Alloh taolo Bani Isroilga dushmanlaridan najot bergan. Shuning uchun Muso ro‘za tutgan», - deb javob berishdi. Shunda u zot: «Men Musoga sizlardan ko‘ra haqliroqman», - dedilar va shu kuni ro‘za tutdilar hamda boshqalarni ham ro‘za tutishga buyurdilar.

Imom Buxoriy rivoyat qilgan.

Hishom Ibn Urva otasidan rivoyat qiladi:

Oisha roziyallohu anho: «Quraysh qavmi johiliyatda Ashuro kuni ro‘za tutar edi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ham u kunda ro‘za tutardilar. U zot Madinaga kelganlarida ham u kunda ro‘za tutdilar va ro‘za tutishga buyurdilar. Ramazon ro‘zasi farz bo‘lganidan keyin Ashuro kunida ro‘za tutmay qo‘ydilar. Shundan keyin u kunda xohlagan kishi tutaverardi, xohlagan kishi tutmasdi», dedilar.

Imom Buxoriy rivoyat qilgan.

Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: «Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ushbu Ashuro kunichalik biror kunning ro‘zasini hamda ushbu Ramazon oyichalik (biror oyni) savob talabida boshqasidan afzal bilganlarini ko‘rmaganman», - dedi».

Imom Buxoriy rivoyat qilgan.

Abu Qatoda roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

«Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Ashuro kunining ro‘zasini oldingi yil (gunohlari)ga kafforat bo‘lishini Alloh taolodan umid qilaman», - dedilar».

Imom Termiziy rivoyat qilgan.

Bunday ulkan savob Alloh taoloning fazli-rahmatidir. Zero, Alloh taolo shunday degan: «... Albatta, yaxshiliklar yomonliklarni ketkazadi. ...» (Hud surasi, 114-oyat) Ulamolar besh vaqt namoz, juma namozi, Ramazon ro‘zasi hamda mazkur ro‘zalar kabi fazilatli ibodatlar avval kichik gunohlarga kafforat bo‘ladi, keyin esa katta gunohlarni ham yuvadi, so‘ngra bandaning darajasi ko‘tarilishiga sabab bo‘ladi, deganlar. Bu Allohning rahmatidir. Alloh taolo shunday marhamat qilgan: «...Va rahmatim esa, hamma narsani qamragan». (A'rof surasi, 156-oyat).

Ha, azizlar, Alloh taoloning rahmati kengdir. Bir kunlik ro‘za bilan bir yillik gunohlarga kafforat bo‘lishi Alloh taoloning bandalariga fazli-rahmatidir. Bandalar bunday ulkan savobni osonlik bilan qo‘lga kiritish mumkinligiga shubha bilan qaramasliklari kerak. Aksincha, muharram oyi, ayniqsa, Ashuro kunida imkon qadar ko‘proq ibodat qilib, foydalanib olishlari lozim bo‘ladi.

Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi:

«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Ashuro kuni ro‘zasini tutib, boshqalarni ham uning ro‘zasini tutishga buyurganlarida, sahobalar: «Ey Allohning Rasuli, axir, bu – yahudiylar va nasroniylar ulug‘laydigan kun-ku?», - dedilar. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Agar kelasi yili bo‘lsa, albatta, to‘qqizinchi kuni ham ro‘za tutamiz», - dedilar».

Imom Muslim rivoyat qilgan.

Hofiz ibn Hajar rahmatullohi alayh shunday deganlar: «Bu voqea oxirgi vaqtlarda bo‘lgan. Chunki Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam avvallari biror narsaga buyurilmagan ishlarda ahli kitoblarga muvofiq bo‘lishni xohlardilar. Ayniqsa, mushriklarga xilof bo‘lgan ishlarda shunday edilar. Makka fath bo‘lib, Islom mashhur bo‘lganidan so‘ng ahli kitoblardan ham farqli bo‘lishni xohladilar. Shuning uchun avvalda: «Men Musoga sizlardan ko‘ra haqliroqman», - degan bo‘lsalar, keyinchalik ulardan ham ajralib turishni istadilar va Ashuro kunidan oldin yoki keyin yana bir kun ro‘za tutib qo‘yishga buyurdilar».

Yana bir hadisda esa quyidagicha kelgan:

Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyatqilinadi:

«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Ashuro kuni ro‘za tutinglar va unda yahudiylarga xilof qilinglar. Undan oldin bir kun yoki undan keyin bir kun ro‘za tutinglar», - dedilar.

Imom Ahmad rivoyat qilgan.

Shunga ko‘ra, Ashuro kunining ro‘zasiga undan oldin yoki undan keyin yana bir kunni qo‘shib ro‘za tutish mustahabdir. Ashuro kunining yolg‘iz o‘zida ro‘za tutishda yahudiylarga o‘xshashlik bordir deb, ba'zi ulamolar yolg‘iz shu kuni ro‘za tutishni tanzihiy makruh (ya'ni, yengil qaytarilgan) deganlar. Lekin aksar ulamolar bu kun fazilatli kunlardan va bu fazilatlardan foydalanib qolish mustahabdir deb, yolg‘iz shu kuni ro‘za tutishni makruh emas, deganlar.

Ashuro kuni ahliga kenglik qilish

Abu Hurayra roziyallohuanhudan rivoyat qilinadi:

«Rasululloh solallohu alayhi vasallam: «Kim Ashuro kunida ahli-ayoliga kenglik qilsa, Alloh taolo unga yilning qolganini keng qiladi», dedilar».

Imom Bayhaqiy rivoyat qilgan.

Imom Hofiz Suyutiy bu hadisni sahih degan.

Abdulloh ibn Mas'ud roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Kim Ashuro kuni ahli-ayoliga nafaqada kengchilik qilsa,  Alloh unga yilning qolganini keng qiladi», - dedilar.

Imom Roziy rivoyat qilgan.

Iroqiy aytadi: «Bu hadisning bir qancha yo‘llari bor bo‘lib, uning ba'zilariga sahih deb qaror berilgan. Ba'zilariga esa, imom Muslimning shartiga ko‘ra sahih deyilgan.

Ammo Ashuro kunida ro‘za tutish va kengchilik yaratishdan boshqa amallarning asli yo‘qdir. Jumladan, Ashuro kuni kunduzi yoki kechasi bayram qilish, surma qo‘yish, bo‘yanish kabi ishlarni jumhur fuqaholar – Hanafiy, Molikiy, Shofe'iy va Hanbaliylar bid'at deganlar. Bu ishlarning birortasi mustahab emasdir. Bu haqda keltirilgan rivoyatlar bid'atchilarning to‘qib chiqargan bid'atlari bo‘lib, ular bu amallarni o‘zlarining bid'atlarini qo‘llab-quvvatlash uchun to‘qiganlar.

Lekin yuqorida zikr qilingan hadisga binoan, Ashuro kuni oilasiga kengchilik qilsa, bozorlik qilib, ro‘zg‘orini but qilib olsa, yilning qolgan oylari ham barakatli bo‘lishi umid qilinadi. Sufyon Savriy: «Biz buni tajriba qilib ko‘rdik va ana shunday bo‘lishini topdik» degan. Sufyon ibn Uyayna: «Biz buni ellik yoki oltmish yil tajriba qilib ko‘rdik va faqatgina yaxshilik ko‘rdik», degan. «Al-Muhit» kitobida shunday deyilgan: Jobir rahmatullohi alayh: «Men qirq yil tajriba qildim, bo‘lmay qolmadi», degan.

Qudratulloh Sidiqmetov


Kiritilgan vaqti: 20/08/2020 12:08;   Ko‘rilganligi: 1154
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/press/news/muharram-oyi-va-ashuro-kunining-fazilati
Chop etilgan vaqti: 27/04/2024 22:59
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing