O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Xabarlar

Muhammad Yusuf Boybo‘ta o‘g‘li

 
 

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

“Ziyorat” ruknidagi turkum suhbatlarini navbatdagi sonida ustozimiz, fazilatli shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlarining padari buzrukvorlari  Muhammad Yusuf Boybo‘ta o‘g‘lining ibratli hayot yo‘llari bilan tanishib chiqamiz.

MUHAMMAD YUSUF BOYBO‘TA O‘G‘LI

(1922 – 2004)

TAQDIM

Muhammad Yusuf Boybo‘ta o‘g‘li 1922 yil 1 yanvarda Andijon viloyatining Asaka tumanida tug‘ilgan. 1952 yildan 1959 yilgacha Buxorodagi Mir Arab madrasasida, so‘ngra Toshkentdagi Baroqxon madrasasida tahsil olgan. 1959 yili diniy idora yo‘llanmasi bilan Andijon viloyatining Buloqboshi tumanidagi Qirg‘izboy jome' masjidiga imom-xatib etib tayinlandi. Umrining oxirigacha (2004 yil 3 sentyabr) shu vazifada ishladi. Uch farzandi bor. To‘ng‘ich o‘g‘li shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf zamonamizning yetuk mujtahid olimi, ikkinchisi Muhammad Amin Muhammad Yusuf, uchinchisi esa Tojinisoxon Muhammad Yusuf qizi edi.

 

Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufdek ulug‘ olimni dunyoga keltirgan, bolaligidan u kishiga chuqur ilm va chiroyli tarbiya bergan, o‘zidagi go‘zal axloq va chin insoniy fazilatlarni  farzandi arjumandiga hadya qilgan bu inson haqiqatan eng yaxshi ota hisoblanadi. Muhammad Yusuf Boybo‘ta o‘g‘li 1922 yil 1 yanvarda Asaka tumanida tug‘ilgan. U kishining otalari oddiy cho‘ponlik qiladigan, xiylagina ilmi bor, Qur'oni karimni go‘zal qiroat qiladigan pok musulmon bo‘lgan. Zurriyotlar oilaning yetti ajdodgacha bo‘lgan shajaralarini aniqlab chiqishgan. Shunga ko‘ra, eng katta boboning ismlari Maralboy, u kishining o‘g‘li Mirzaboy, uning o‘g‘li Arabboy, uning o‘g‘li Qalamboy, so‘ng Eshbo‘ta, Qushbo‘ta, Boybo‘ta bo‘lib, Muhammad Yusuf ana shu Boybo‘taning o‘g‘illari edi. Boybo‘tagacha bo‘lgan bari ajdodlar cho‘pon, dehqon va oddiy hunarmand bo‘lishgan.

Shu o‘rinda Allohning bir hikmatini sezganday bo‘lasan kishi: Parvardigor kelgusida bu suloladan dunyoga mashhur yetuk olimlarni chiqarishni iroda qilgan bo‘lsa kerakki, sakkizinchi pog‘onadagi Muhammad Yusufni ilm yo‘liga yo‘llab qo‘ydi. Yo‘llaganda ham ilmsiz turolmaydigan, ilmsiz yurolmaydigan qilib qo‘ydi. U kishi ilmga o‘ta chanqoqligidan Muhammad Solih ismli bir qarindoshlari bilan madrasaga qochib ketdi. Otalari Boybo‘ta o‘g‘ilning bu “o‘zboshimchaligi”dan ancha vaqt achchiqlanib yurgan esa-da, keyin uning “katta olim” bo‘lib yetishganini ko‘rib, juda xursand bo‘lgan.

Muhammad Yusuf Buxorodagi Mir Arab madrasasini bitirgach, Toshkentdagi Baroqxon madrasasida tahsilni davom ettirgan. Ustozlari va kursdoshlari u kishini darslarni nihoyatda tirishqoqlik va g‘ayrat bilan o‘zlashtirganini, Islom asoslari, tarix va fiqh ilmini chuqur o‘rganganini e'tirof etishgan. 1959 yili u kishi O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlari diniy boshqarmasining yo‘llanmasi bilan Andijon viloyatining Buloqboshi tumanidagi Qirg‘izboy jome' masjidiga imom-xatib qilib yuborildi va umri oxirigacha qirq besh yil mobaynida shu masjidda imomlik qildi. 2004 yilning 3 sentyabr kuni masjid qavmiga juma xutbasini qilib bo‘lgach, minbarda jon taslim qildi. Bu zotning vafot kunlarida ushbu satrlar muallifi tomonidan yozilgan nasriy marsiya Muhammad Yusuf domlaning fazl va xislatlari, hayot yo‘llari haqida bir qadar ma'lumot berishini nazarda tutib, marsiyani shu o‘rinda to‘la keltirishni lozim topdik:

“O‘shal juma kuni haddan og‘ir kun bo‘ldi: o‘ksik dillar xun, ko‘ngullar mahzun, chehralar so‘lg‘un bo‘ldi. Shu kuni Buloqboshi motamda qoldi. Ko‘zlardan yosh jalasi selday oqdi. Faryodlar qushlarga qo‘shilib samoga sochildi. Nafaqat Buloqboshi, nafaqat Andijon, balki butun mamlakat, hatto qo‘shni yurtlar ayriliq azobini tortdi, chuqur qayg‘uga botdi. Xalqimiz yetuk olim, qalbi salim, ibodatda qoim bir zotdan ajralib qoldi. Dono, hoksor, solih bir insonni fano dunyosidan baqo olamiga kuzatdi.

U kishi olim zot edilar... Buxorodagi Mir Arab va Toshkent madrasalarini tamomlagan edilar. Qur'on va Hadisni yaxshi bilardilar. Fiqh ilmida bilimdon edilar. Umrlari nihoyasigacha kitobni qo‘ldan qo‘ymadilar. Shogirdlarga saboq berishdan to‘xtamadilar.

Muttaqiy zot edilar... Allohdan qattiq qo‘rqardilar. Tillari amri ma'rufdan, nahyi munkardan, zikrullohdan bo‘shamas edi. Kattayu kichik u kishining pand-nasihatlaridan, va'z-irshodlaridan bahramand edi. Gumrohlikda yurganlarga tanbeh va ta'zir berishdan tortinmasdilar. Odamlarni hidoyatga chorlashdan erinmasdilar. Hattoki umrlari masjid mehrobida turib, “Halol-pokiza insonlargina jannatga kiradi, osiy-gunohkorlarning joyi jahannam bo‘ladi” degan so‘zlarni aytish bilan xotimalandi. O‘limlari ham o‘ziga xos bir ibrat, nasihat bo‘ldi.

Obid zot edilar... Kunlari va tunlarini aksar hollarda ibodatda, Allohga qullikda o‘tkazardilar. Kechalari o‘nlab rakat “tahajjud” o‘qirdilar. Qo‘laridan tasbeh tushmasdi. Tillari Allohning zikridan bo‘shamasdi. Bir necha marta haj va umra qilgan edilar.

Zohid zot edilar... Riyozatga berilgan, nafslarini yenga olgan, ozgina narsaga qanoat qilgan, dunyo moliga etak silkkan edilar. O‘zganing haqidan va haromdan qattiq hazar qilardilar. Riyo, sum'a, kibr, g‘iybat nimaligini bilmasdilar.

Kamtarliklari, hoksorliklari zarbulmasal bo‘lib ketgan edi. Ustoz Do‘stmuhammad Bodariy domlaning hikoyalariga qaraganda, Mir Arab madrasasida o‘qib yurgan Hoji dadamiz tunda “tahajjud” namoziga turganlarida madrasa hojatxonasini tozalab, tartibga keltirar, mudarris va talabalarning poyabzallarini artib-poklab qo‘yar ekanlar. Ikki yilgacha buni kim qilayotganini bilisha olmabdi. Nihoyat bir kuni ustozlardan Shahobiddin qori “aybdor”ni ish ustida “qo‘lga tushiribdilar”. Hayrat va taajjublarini yashira olmay, qiblagan yuzlangan holda “Qo‘lingni duoga och!” debdilar. U kishi aytganlarini qilibdi. “O‘zing ham olim bo‘l, farzandlaringdan ham faqat olim chiqsin” deb duo qilibdilar. Ustoz duolarining ijobatidan bu zotning o‘zlari ham, farzandlariyu nevara-chevaralari ham olim bo‘lishdi. Bo‘lganda ham to‘ng‘ich o‘g‘illari shayx Muhammad Sodiq zamonaning mujtahid olimlari safidan joy oldi.

Hoji dadaning fazilatlarini ta'riflab tugatishga til ojiz, qalam noqis, so‘z tanqis. Birovning dilini og‘ritish uyoqda tursin, hatto “sen”sirashga, ovoz ko‘tarib gapirishga ham botinmasdilar. Yosh bolalarga ham salom berib o‘tardilar. O‘zgalarning g‘ami, tashvishi bilan yashardilar. Muhtojlarga hamisha yordamga shay edilar. Uylariga kelgan mehmonlar ancha yoshni qoralab qo‘ygan mezbonning takalluf va iltifotlaridan xijolat bo‘lib ketishardi. Qarshilik qilmasangiz, hatto taomni og‘zingizga solib qo‘yishdan ham qaytmasdilar. Bular – mubolag‘a emas, Hoji dadaning behisob mehmonlariga bunga guvohdirlar.

Bu zotning dinlariga, dindoshlariga sadoqatlarini hamqishloqlar hali-beri unutishmaydi. Bundan qirq besh yil muqaddam madrasani tamomlab, shu yerdagi masjidga tajriba o‘rganish uchun kelgan yosh mulla yigit qishloq ahlining qistov-iltimosiga “yo‘q” deya olmay, Buloqboshida qolib ketdilar. Qirq besh yil shu joyda ilmu irfon tarqatdilar. Odamlarni hidoyatga chorladilar. Namozlariga imom bo‘ldilar. Chaqaloqlarning qulog‘iga azon aytdilar. Turmush qurayotganlarga nikoh o‘qidilar. Marhumlarning janozasida hozir bo‘ldilar. Xullasi, qishloq hayotining biror jabhasi Hoji dadasiz o‘tmadi. Har bir ishda Imom, ya'ni oldinda bo‘ldilar. Oxirgi damlarigacha shu elning e'tiqodi, baxti va dardi bilan yashadilar. Xastaliklariga qaramay, “Xalq meni kutib qoldi” deb juma namozini o‘qib berishga oshiqdilar. Eng hayratlanarlisi, o‘limlaridan biroz avvalroq Allohga yolborib, “Qirq besh yil shu masjid qavmiga xizmat qildim. Parvardigorim, jonimni olsang shu masjidda, qavm huzurida olgin!” deb duo qilgan ekanlar. “Valiylar duosi – ijobat” deganlariday, jome' minbaridan xitob qilaturib jonni Haqqa topshirdilar. Bunday o‘lim kamdan-kam insonlargagina nasib bo‘ladi.

Muhammad Yusuf hazratlaridan ajrab qoldik. Faqat bir narsa o‘ksik dillarga, g‘amboda ko‘ngillarga taskin-tasalli beradi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qilingan hadisga ko‘ra, vafot etgan kishining barcha amallari kesiladi, faqat qilgan sadaqai joriyasi, tarqatgan ilmi va hamisha duoda bo‘luvchi solih farzandlaridan bo‘ladigan savoblargina yetib turadi. Bu borada ham Hoji dadamiz havas qilguday peshvolardan bo‘ldilar.

Umr bo‘yi el-yurt g‘amida yurdilar. Masjidlar qurdilar, ta'mirlatdilar. Qishloqni obod qilishga hissa qo‘shdilar. Hayotlari oxirigacha xalqqa ilmu irfon tarqatdilar. Minglab shogirdlariga Allohning Kalomini va dinini o‘rgatdilar. O‘zlaridan solih, ilmli, taqvoli, duogo‘y zurriyot qoldirdilar. Bularning savobi qiyomatgacha u zotga borib turajak, inshaalloh!

Endi qishloqning so‘lim ko‘chalaridan Hoji dadaning kavushlari shipillab o‘tmaydi. Endi masjid mehrobidan u zotning bosiq, yoqimli, ammo qat'iyatga to‘la so‘zlari, pandu nasihatlari yangramaydi. Endi sho‘xliklarini bu zotdan yashiradigan Buloqboshining chapani bo‘z yigitlarini “Domla buvaning sirlari” bosmaydi. Hamma e'zozlab, ehtirom ko‘rsatib, ergashib, ibrat olib, taqlid qilib yurgan Muhammad Yusuf hazratlari endi oramizda yo‘qlar... Hammamizni bo‘zlatib, yuraklarimizni o‘rtab, armonlarga g‘arq etib ketdilar, Mavlolariga qovushdilar.

Buloqboshimas, butun Andijon huvillab qolganday, odamlar mung‘ayib so‘lganday... Qayg‘u-alamlarning, sassiz fig‘onlarning, portlagan nolalarning, ko‘zdagi jolalarning cheki-adog‘i yo‘qday... Qalblar og‘ir yo‘qotishdan majruh. Xonadonlarda qayg‘u-alam qo‘noq. Odamlarga g‘am-musibat hamroh. Ammo Alloh buyurganiday chiroyli sabr qilamiz. Og‘ir yo‘qotish evaziga Allohdan ajr kutamiz... Inna lillahi va inna ilayhi roji'un!”.

Shayx Muhammad Sodiqning jufti halollari Fotimaxon hoji aya shunday hikoya qiladi: “Otamiz Muhammad Yusuf domla juda taqvoli, ibodatli, ixlosli, ilmga o‘ta muhabbatli kishi bo‘lganlar. Shuning uchun o‘g‘illarining kelajakda ilmli, ma'rifatli bo‘lishiga astoydil bel bog‘laganlar. Xususan, ularning shar'iy ilmlarni egallashlariga ko‘p e'tibor qaratganlar. Farzand tarbiyasida jiddiy va qat'iyatli bo‘lganlar. Hatto shubhali narsalardan ham farzandlarni ehtiyot qilganlar. U kishining bor e'tiborlari ilm-ma'rifatga qaratilgan edi. Farzandlariga nasihat qilganlarida doim: «Agar dunyoning ortidan quvsang, unga yeta olmaysan. Ammo ilm ortidan quvsang, dunyo sening ortingdan quvadi», deb aytar edilar. Bu u kishining shiori edi.

Yana ibratli fazilatlaridan biri haddan tashqari saxiy odam bo‘lganlar. Otamizni Andijon viloyatidan tashqari atrof viloyatlardan, hatto Qirg‘izistonning O‘sh shahridan ham marosimlarga olib ketishar edi. U kishining topgan dunyolariga ancha-muncha uy-joy yoki mashina kabi narsalardan bir nechasini qo‘lga kiritsa bo‘lar edi. Ammo umrlari oxirigacha   qo‘llarida pul turmadi. Bir qo‘llariga kelsa, ikkinchi qo‘llari bilan ehson qilar edilar. Hatto marosimdan olib kelgan haydovchiga ham uydan bir to‘n berib yuborar edilar. Uylariga kelgan mehmonning qo‘liga biror narsa bermay jo‘natmas edilar. Ramazon oyida katta iftor qilib, to‘planib qolgan narsalarning hammasini bitta qo‘ymay ulashib yuborar edilar.  Bir gal Hazrat bilan ukalari Toshkentda o‘qishayotganda olib kelgan sovg‘alari va qo‘llaridagi pullarining hammasini ustozlar va talabalarga ulashib yuboribdilar. Hatto uyga ketish uchun yo‘lkiraga pullari qolmagan ekan. Allohning qudrati bilan bir tanishlari uchrab qolib, samolyotga chipta olib jo‘natib yuborgan ekan.

Otamiz Muhammad Yusuf oiladagi ayollarga ham juda mehribon bo‘lganlar. Hatto uydagi kelinlarni biror marta “kelin” demay, doim “qizim” deb chaqirar edilar. Hayit-bayramlarda o‘zlari bozorlarga borib, eng sara materiallardan tanlab onamizga, ovsinlarga, menga va qaynsinglimga hadya qilar edilar. Nabiralarga ham sovg‘a olish kerak bo‘lsa, hech kimga ishonmay yelkalariga opichib do‘konga olib borar, sovg‘alar berib, xursand qilar edilar. Ayniqsa Ismoiljon katta nabira bo‘lgani uchun alohida e'tibor ko‘rsatardilar. Keyinchalik ham har gal Buloqboshiga borganimizda “qizim ro‘zg‘orda kamchiligingiz yo‘qmi?” deb so‘rar edilar. Hatto hazrat muftiylikka saylanib, hamma narsamiz yetarli bo‘lganida ham Buloqboshiga borsak, cho‘ntaklaridagi bor pullarini bizga berib yuborar edilar. Biz: “Dada bizni hamma narsamiz yetarli, qaytaga biz sizlarga olib keldik” desak, “qizim, bizniki tabarruk” der edilar. Farzandlarga tarbiya berishda, nasihatda hech erinmas edilar va soatlab nasihat qilar edilar. Bizga hadya berganlarida olmasam, “qizim, men sizlarni yelkamga emas boshimga qo‘yaman. Chunki sizlar din xizmatidagi insonsizlar. Allohga hamdlar bo‘lsin, farzandlarim boshqa yo‘lga yurishmadi, o‘lmasam va tanamda jonim bor ekan, sizlarni boshimda ko‘tarib yuraman” der edilar. Gaplarining ustidan chiqib to vafot etgunlaricha hazratni yelkalarida emas, balki boshlarida ko‘tarib o‘tdilar. Qachon kechalari hovliga chiqsam chiroqlari yoniq bo‘lar edi. Har kuni xuftondan keyin kelib yotib uxlardilar va hamma uxlaganida turib ibodat qilar edilar. Keyin yana bomdoddan oldin biroz uxlab olardilar. Bo‘sh vaqt bo‘ldi deguncha, uydagi supa ustida o‘tirib Qur'on o‘qir edilar yoki kitob ko‘rar edilar. Menimcha, haqiqiy sahobalarning hayotidek hayot kechirganlar. Biror daqiqa vaqtlarini bekorga ketkazmaganlar, biror marta ko‘zlarini tik qilib odamga qaramaganlar. Hatto biz bilan gaplashganlarida ham ko‘zlarini pastga qaratib gaplashganlar. Juda xayoli inson edilar, hamisha shariatdan chiqmaslik uchun tirishardilar. Hayotlarining har bir daqiqasidan ibrat olinadigan inson edilar. Bir safar betob bo‘lib qolganlarida “o‘tirib namoz o‘qing” deyilganda ham ko‘nmay, namozni tik turib o‘qiganlar. Umrlarining oxirgi kuni ham ovqat tayyorlab, “kelib, yeb oling” deyilganda: “xalq kutib qoladi” deb chiqib ketgan ekanlar. O‘sha kuni ham juma ma'ruzasini qilib, mehrobga namoz o‘qish uchun o‘tayotganlarida dunyodan o‘tdilar. 

Hoji dadamiz Hazratning yoshliklarida ilm olishlariga juda qattiq turgan bo‘lsalar-da, men kelin bo‘lib borganimdan keyin u kishiga nasihat ham qilar edilar, ehtiromini qilib, o‘g‘illarining hurmatlarini joyiga ham qo‘yardilar. Hazratning ilmlari bilan juda faxrlanar, uchrashib qolishsa, uzundan-uzoq suhbatlashar edilar. Hazrat Buloqboshiga borganlarida ham toki yotadigan vaqt bo‘lgunicha qo‘yib yubormay, din, shariat ilmi haqida suhbat qurishardi”. 

Bunday insonning farzandi bo‘lish albatta har bir o‘g‘il-qiz uchun o‘ta sharaf, ulkan baxt! Shu bois ham Muhammad Sodiq umr bo‘yi otalariga yuksak ehtirom ko‘rsatdilar, xizmatlariga shay turdilar, ko‘ngillarini oldilar. Biror marta otalarining oldiga tushib yurmagan, biror marta otalariga imom bo‘lib namoz o‘qimagan edilar. Padari buzrukvorlari turgan joyda xalqqa va'z-nasihat ham qilmas edilar.

Ahmad MUHAMMAD
Manba:www.islom.uz


Kiritilgan vaqti: 21/09/2020 13:15;   Ko‘rilganligi: 4022
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/press/news/muhammad-yusuf-boybota-ogli
Chop etilgan vaqti: 21/05/2024 01:14
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing