Muftiy Usmonxon Alimov hazratlari: Diniy ta'lim sohasida tarixiy yangilik
5 sentyabr kuni Toshkent islom institutida modul ta'lim tizimida yangi 2019-2020 o‘quv yili boshlanishi munosabati bilan tadbir bo‘lib o‘tdi. Tadbir Qur'oni karim tilovati bilan boshlandi va O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlari tomonidan yangi o‘quv shaklini muvaffaqiyatli o‘tishini so‘rab duolar qilindi.
Toshkent islom instituti rektori Uyg‘un G‘afurov so‘zga chiqib, Toshkent islom institutida joriy etilgan Modul ta'lim shakli to‘g‘risida ma'lumot berib, yangi o‘quv shakliga omad va zafarlab tilash uchun so‘zni muftiy Usmonxon Alimov hazratlariga berdi.
Muftiy hazratlari barchani yangi o‘quv yili bilan qutlab, shunday dedilar: – Alloh taboraka va taologa beadad shukronalar bo‘lsinki, yurtimizga juda ham ulug‘ ne'matlarini bermoqda. Muhtaram Prezidentimiz rahbarligida mamlakatimizda barcha sohalar qatori diniy ta'lim sohasida ham juda katta yangilanishlar bo‘ldi. Keyingi yillarda diniy ta'lim muassasalariga keng imkoniyatlar berildi, katta yutuqlarga erishildi. Diniy ta'lim tizimida Modul tizimi joriy etilishi tarixiy voqea bo‘ldi. Buning afzalliklari juda ham ko‘p, ayniqsa, masjidlarda mehnat qilayotgan o‘rta maxsus ma'lumotga ega bo‘lgan iqtidorli imom-domlalarni imtixonsiz o‘qishga qabul qilinishi, yilda uch smestr davomida ikki oydan ta'lim berilishi va uch yilda oliy diniy ma'lumotni qo‘lga kiritilishini alohida ta'kidlash kerak. Shuningdek, ushbu ta'lim tizimiga qabul qilingan talabalar uchun alohida bino ajratildi hamda sinf xonalari, o‘quv predmetlari, zamonaviy pedagogik uskunalar bilan jihozlandi hamda uch mahal bepul issiq ovqat va yotoq joylari bilan ta'minlandi.
Sizlar mana shunday yaratib berilgan sharoitlardan unumli foydalanish bilan birga, o‘z ustlaringizda yanada samarali mehnat qilib, xalqimizga munosib fidokor, yurtimizga, dinimizga sidqidildan xizmat qiladigan yetuk insonlardan bo‘lishingizni Alloh taolodan so‘rab duo qilamiz, - dedilar.
Marosimda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining maslahatchisi Abduhakim qori Matqulov, Toshkent shahri bosh imom-xatibi Nuriddin domla Xoliqnazarov va o‘qishga qabul qilingan imom-domlalar so‘zga chiqishdi.
Ma'lumot o‘rnida, mazkur ta'lim tizimiga 2019-2020 o‘quv yili bo‘yicha viloyatlar kesimida 120 nafar o‘rta maxsus ma'lumotli imom-xatiblar O‘zbekiston musulmonlari idorasining viloyat vakilliklari tavsiyasiga asosan o‘qishga qabul qilindi. Modul ta'lim tizimi talabalariga qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida, “Vaqf” xayriya jamoat fondi tomonidan Toshkent shahri Mirzo Ulug‘bek tumanidagi sobiq “Oltin tepa” masjidi binosi o‘quv xonalari, talabalar turar joyi va oshxona uchun moslashtirilib, barcha zarur jihozlar bilan ta'minlandi.
Alloh taolodan barcha ilm toliblariga manfaatli ilm ato etishini so‘raymiz.
Manba: muslim.uz
Kiritilgan vaqti: 06/09/2019 16:56; Ko‘rilganligi: 1285
Chop etilgan vaqti: 15/12/2024 03:28