Muftiy hazratlarining Samarqand viloyati bo‘ylab safarlari davom etmoqda
O‘zbekiston muslmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlari va Din ishlar bo‘yicha qo‘mita raisi Abdug‘ofur Ahmedovning Samarqand viloyati bo‘ylab safarlari davom etmoqda. Bugun, 12 dekabr kuni “Mehr” insonparvarlik operatsiyasi bilan ona Vataniga qaytarilgan, hozirgi kunda Toyloq tumani “Chorog‘bon” mahallasida yashayotgan bolalar holidan xabar olindi.
Aziza va uning o‘g‘li Abdurahim “Mehr 1” tadbiri bilan, ukalari Sabina, Ahmad va Isobek esa “Mehr 2” insonparvarlik operatsiyasi bilan O‘zbekistonga qaytarilgan edi. Ota-onalarining noto‘g‘ri bosgan qadami tufayli o‘zga, notinch yurtlarda sargardon bo‘lib yurgan bolalar bugun tabarruk ona zaminimizda baxtiyor kun kechirmoqda.
Muftiy hazratlari hamda Din ishlar bo‘yicha qo‘mita raisi ana shu bolalar istiqomat qilayotgan xonadonda bo‘lib, ular bilan dildan suhbatlashdilar. Bolalarning yashash sharoitlari, sog‘ligi, istak va hoxishlari bilan qiziqdilar. Yurtimizdagi tinchlik, yoshlarning barkamol insonlar bo‘lib voyaga yetishlari uchun yaratilgan imkoniyatlar borasida suhbat bo‘lib o‘tdi.
Ularning qalbiga yanada xursandchilik ulashish maqsadida “Vaqf” xayriya jamoat fondi tomonidan xonadonlariga televizor, oziq-ovqat mahsulotlari va boshqa sovg‘alar hadya qilindi. Yurt koriga yaraydigan, xalq va jamiyat, dinmizga foydasi tegadigan, baxtli farzandlar bo‘lib voyaga yetishlarini so‘rab haqlariga duolar qilindi.
O‘MI Samarqand viloyat vakilligi
Kiritilgan vaqti: 12/12/2019 11:13; Ko‘rilganligi: 1045
Chop etilgan vaqti: 15/10/2024 14:36