Muftiy hazratlari sirdaryoliklarga insonparvarlik yordamini yetkazdilar
Bugun, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlari va Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Abdug‘ofur Ahmedov kuni kecha 1 may kuni Sirdaryo viloyatida yuzaga kelgan favqulodda holat oqibatida aziyat chekkan yurtdoshlarimizni qo‘llab-quvvatlash maqsadida, insonparvarlik yuklari ortilgan ikkita yuk moshinasi bilan ushbu viloyatga yetib bordilar.
Ushbu safarda “Vaqf” xayriya jamoat fondi rahbari Iskandar Xalilov, Toshkent shahar bosh imom-xatibi Nuriddin Xoliqnazarov va Toshkent viloyati bosh imom-xatibi Xayrulloh Turmatov hamrohlik qilmoqda.
Safarning avvalida Sirdaryo viloyati Guliston shahridagi “Guliston” jome masjidida ulamolarimiz tomonlaridan mazkur noxush hodisaning salbiy oqibatlarini Alloh taboraka va taolodan bartaraf etishini so‘rab, Qur'oni karim oyatlaridan tilovat o‘qilib, muborak Ramazon kunlarida duoyu iltijolar qilindi.
Shuningdek, bir bosh qoramol so‘yilib, kam ta'minlangan oilalar, yordamga muhtoj kishilar, yetim-esirlar va duosi mustajob insonlarga tarqatildi.
Ma'lum qilinishicha, “Vaqf” xayriya jamg‘armasi hisobidan yuborilayotgan mazkur insonparvarlik yordamining umumiy hajmi 30 million so‘mdan ziyod bo‘lib, uning tarkibida oziq-ovqat mahsulotlari – 20 qop un, 9 qop shakar, 5 litrlik 150 dona o‘simlik yog‘i, bir necha quti choy kabi birinchi ehtiyoj uchun zarur boshqa mahsulotlar mavjud.
Muftiy Usmonxon Alimov hazratlari boshchiliklaridagi ulamolar dastlab, Guliston shahridagi yuridik kollejiga tashrif buyurdilar. U yerga vaqtincha joylashtirilgan aholi vakillari bilan muloqot qilib, bunday sinovli kunlarda muhtaram Prezidentimiz ta'kidlaganlaridek, bironta xonadon, bironta odam e'tiborsiz qolmasligini bildirdilar.
Mana shunday mashaqqatli sharoitda eng asosiysi sarosimaga tushmasdan, yelkama-elka turib, sa'y-harakatlarni birlashtirish va boshga kelgan tashvishni sabr-matonat bilan yengish o‘ta muhim ekani ta'kidlandi.
Muftiy Usmonxon Alimov hazratlari muborak Islom dinimizda mana shunday mashaqqatli kunlarda sabr qilishga ulug‘ ajrlar va'da qilingani, bunday sinovlarni tezroq o‘tib ketishiga umid bog‘lashga chaqirilganini so‘zlab, Haq taboraka va taolodan ushbu noxush voqeaning salbiy oqibatlaridan panoh so‘rab, Yaratgan Parvardigorga duo qildilar.
Shuningdek, aholi vakillariga "Vaqf" fondi tomonidan yetkazilgan insonparvarlik yordamlari topshirildi.
Safar davom etmoqda.
Manba:O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Kiritilgan vaqti: 02/05/2020 12:39; Ko‘rilganligi: 1075
Chop etilgan vaqti: 06/10/2024 18:33