O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Xabarlar

Muftiy hazratlari olis Orlot qishlog‘idagi taroveh namozida qatnashdilar

 
 

Allohga shukrki, mohi Ramazon o‘lkamizda o‘zgacha fayz va tarovat bilan o‘tmoqda. Qutlug‘ oyning fazli va barakasidan barcha birdek bahramand bo‘lishga oshiqmoqda. Buni odamlarning xayrli ishlarga harisligi, ibodatga oshuftaligi va farzu sunnat amallarini bajarishga e'tibori oshganidan yaqqol sezish mumkin.
Bu yilgi Ramazon oyining ilk kunlarida Samarqand viloyatiga Davlatimiz Rahbarining tashrifi va muborak oy bilan tabrik qilishlari xalqimizni cheksiz quvontirdi.

Tashrif chog‘ida muhtaram Prezidentimiz Islom dini rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan ulug‘ bobokalonimizning olamshumul dovrug‘lariga mos qadamjosining yangi loyihasi bilan tanishdilar. Majmua tarkibiga kiruvchi masjidning ichki sahnining o‘zi ikki ming kvadrat metrdan oshadi. Atrofidagi sahnlar bilan masjidda bir necha o‘n ming musulmon bir vaqtning o‘zida namoz o‘qishi mumkin bo‘ladi.
Ushbu buyuk alloma xotirasiga xalqimizning va jahon hamjamiyatining ehtiromi belgisi sifatida Allohning izni va xalqimizning xohish-irodasi bilan amalga oshiriladigan majmuaga muborak Ramazon oyi kunlarida tamal toshining qo‘yilishi Yaratgan Parvardigorimizning ushbu ezgu ishlarni qo‘llab-quvvatlashiga umid bog‘lashga imkon beradi.
Yurtimizga o‘zining fayzu barakasi bilan kirib kelgan Ramazon oyning hikmatlari juda ko‘p, ayniqsa, hufton namozidan keyin taroveh namozining o‘qilishi eng huzurbaxsh onlar, desak to‘g‘ri bo‘ladi. Zero, Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning Ramazonda doim ado qilgan taroveh namozi ta'kidlangan sunnat amal hisoblanadi. Abu Hurayra roziyallohu anhu aytadi: “Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning Ramazon haqida “Kim unda iymon bilan, savob umidida qoim bo‘lsa, o‘tgan gunohlari mag‘firat qilinadi” deganlarini eshitdim” (Imom Buxoriy).
Kuni kecha mana shunday sharif oyning fayzli oqshomida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlari Samarqand viloyati Ishtixon tumanidagi “Eshoni Temirxon to‘ra” jome masjidiga tarovih namozini mo‘min-musulmonlar bilan birga-birga ado etish uchun tashrif buyurdilar. Hazratning tashriflarini eshitib, ko‘zlari Ramazon shukuhi ila chaqnagan, yuzlari nurli, yoshlari ulug‘ otaxonlar hamda taroveh namozida Haq kalomiga some bo‘lishni intiqlik ila kutgan namozxonlar jomega to‘p-to‘p bo‘lib kela boshlashdi. Yana bir quvonarlisi, ushbu jome masjidning yangi binosi qutlug‘ oy arafasida foydalanishga topshirilishi mo‘min-musulmonlarga Ramazon oyiga katta tuhfa bo‘lgan edi.
Masjidni fayzga to‘ldirib turgan namozxonlarni muftiy hazratlari muborak Ramazon oyi bilan qutlab, ushbu oyning fazilatlari haqida so‘zlab berdilar. Muftiy hazratlari tinchlik va osoyishtalik ne'mati, shukronalik, farzandlarimizni komil inson etib tarbiyalash, ularni turli yot g‘oyalar ta'siridan saqlash kabi dolzarb mavzularda ma'ruza qildilar.
Taroveh namozi yakunida muftiy hazratlari diyorimizda olib borilayotgan ulkan o‘zgarishlar yanada ravnaq topishi, el-yurt tinchligi va mamlakat obodligi, hayotimiz yanada farovon bo‘lishi hamda turli kasalliklar bartaraf bo‘lishini Haq taolodan tilab duoi xayrlar qildilar.

O‘MI Samarqand viloyat vakilligi matbuot xizmati


Kiritilgan vaqti: 17/04/2021 10:11;   Ko‘rilganligi: 44
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/press/news/muftiy-hazratlari-olis-orlot-qishlogidagi-taroveh-namozida-qatnashdilar
Chop etilgan vaqti: 16/05/2021 13:40
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing