O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Xabarlar

Muftiy hazrat Abduxoliq G‘ijduvoniy masjidida juma namozini ado etdi

 
 

Bugun, 29 mart kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlari juma namozini ado etish uchun Buxoro viloyati G‘ijduvon tumanidagi “Abduxoliq G‘ijduvoniy” jome masjidiga tashrif buyurdilar. Ushbu tabarruk jomeda muborak kun ibodatini ado etish uchun yuzlab namozxonlar jam bo‘ldilar.

Muftiy hazratlari juma mav’zisida bugungi kunda mo‘min-musulmonlarga juda katta imkoniyatlar berilayotgani haqida gapirib, yurtimizda yangi masjidlarni qurish, mavjudlarini zamonaviy ko‘rinishda qayta barpo qilish ishlari jadal davom etayotganini so‘zlab berdilar. Xususan, bugun Prezidentimizning G‘ijduvon tumaniga tashriflari chog‘ida Abduxoliq G‘ijduvoniy maqbarasini ziyorat qilganlari, amalga oshirilgan qurilish-ta’mirlash ishlarini ko‘zdan kechirganlari, bu joyda ma’rifat markazi bo‘lishi, odamlar o‘ziga ilm-ma’rifat olib ketishi, ushbu markazda imom-xatiblar uchun ham mashg‘ulotlar tashkil etish tavsiya etilgani haqida atroflicha so‘zlab berdilar. “Yetti pir” haqida kitob yozish va ularning ilmiy merosini targ‘ib etish bo‘yicha davlatimiz Rahbari topshiriq berganlarini namozxonlarga yetkazdilar.

Muftiy hazratlari so‘zlarida davom etib, Abduxoliq G‘ijduvoniy yetti pirning birinchisi va Xojagon tariqati asoschisi ekani, keyinchalik Orif Revgariy, Mahmud Fag‘naviy, Ali Romitaniy, Muhammad Boboi Samosiy, Sayyid Amir Kulol bu yo‘nalishni davom ettirib, Bahouddin Naqshband uni yuksak bosqichga olib chiqqani haqidagi ma’lumotlarni taqdim etdilar.

Muftiy hazratlari mav’iza yakunida, namozxonlarga bugungi kunda mamlakatimizda olib borilayotgan muborak dinimiz taraqqiyoti yo‘lidagi xayrli ishlar, ijrootlar va bunday ne’matlarga har bir kishi tunu kun Parvardigorga shukrona qilishi lozimligini aytib, xalqimizni shukronalik hissi bilan yashashga da’vat etdilar.

Ushbu tabarruk joyga kelgan ziyoratchilar bilan muftiy hazratlari suhbat qurib, ularning haqqiga duolar qildilar.

Muftiy hazratning Buxoro viloyati safari davom etmoqda.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi

Matbuot xizmati

MANBA: muslim.uz


Kiritilgan vaqti: 29/03/2019 00:00;   Ko‘rilganligi: 1485
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/press/news/muftiy-hazrat-abduxoliq-gijduvoniy-masjidida-juma-namozini-ado-etdi
Chop etilgan vaqti: 29/03/2024 13:27
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing