O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Xabarlar

Meva va sabzavotlarni dori yordamida kattalashtirish va yetishtirish masalasi

 
 

Ziroatchilikda meva va sabzavotlarni dori yordamida tez va ko‘zga chiroyli ko‘rinadigan suratda yetishtirish holatlari ko‘p uchraydi. Bu esa, meva va sabzavotlarning tabiiy yetilishiga o‘z ta'sirini ko‘rsatmay qolmaydi. Ba'zan bozorlarda meva va sabzavotlarning yetilishi vaqtidan avval savdo rastalariga chiqqanini ko‘ramiz. Hajmi ham katta va ko‘z bilan qaraganda chiroyli ko‘rinadi. Ushbu meva va sabzavotlarni yetishtirishda ularning tarkibiga ta'sirini ko‘rsatuvchi turli dori vositalari qo‘llaniladi. Bunga asosiy sabablardan biri bozorlarga ziroat mahsulotlarini erta chiqarish bilan tez fursatda katta foyda qozonishdir. Shuningdek, meva va sabzavotlarni tabiiy yetilishidan oldin uzib olib, unga dori yo‘llash orqali yetishtirib, kattalashtirish holatlari ham kuzatiladi.

Bu turdagi meva va sabzavotlarni tabiiysidan ajratib olish unchalik qiyin emas. Shu o‘rinda “Dinda buning hukmi nima?”, “Buning inson salomatligi uchun zarari yo‘qmi?” kabi savollar tug‘ilishi turgan gap.

“Islom ilmlari tadqiqot markazi” fatvo bo‘limiga kelib tushgan quyidagi savolni e'tiboringizga havola qilamiz:

Savol: “Ba'zi ziroatchilar meva mahsulotlarining chiroyli, katta va tez fursatda yetishtirish maqsadida dori mahsulotlarini qo‘llashlari kuzatilmoqda. Bunday dorilarning inson salomatligi uchun zarari bor. Shuningdek, bunday dori vositalaridan foydalanishga ziroat uyushmasi ham ruxsat bermagan. Buning hukmi qanday bo‘ladi?”.

Javob: “Bunday ko‘rinishda faoliyat olib borish musulmonlarga yolg‘on yo‘l bilan mahsulotlarni yetkazish bo‘lgani uchun harom hisoblanadi. Zero, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim musulmonlarni aldaydigan bo‘lsa, bizdan (musulmonlar safidan) emas”, deganlar.

Mahsulotlarni bunday ko‘rinishda odamlarga taqdim qilish zararli bo‘lgani bois, uni hunar qilish va undan rizq topib yeyish harom hisoblanadi. Bunday mahsulotlar haqida ma'lumotga ega bo‘lgan kishilar ularni bozorga olib chiqishi, sotishi va rivojlantirishi mumkin emas. Zero, bunda yomonlikka sherik bo‘lib qolish bor. Alloh taolo bunday marhamat qiladi: “Yaxshilik va taqvo yo‘lida ko‘maklashinglar va gunoh va dushmanchilik yo‘lida ko‘maklashmanglar! Allohga taqvo qiling, Alloh azobi shiddatli bo‘lgan Zotdir” (Moida surasi, 2-oyat).

Ziroat bilan shug‘ullanadigan kishilar halol kasb qilish yo‘lida bir-birlariga yaxshilikda ko‘maklashib, musulmonlar uchun zararli bo‘lgan ishlardan chetlanishlari lozim. Musulmon kishilarning zimmalarida bo‘lgan haqlaridan biri – bir-birlariga nasihat qilish va yaxshilikka buyurib, yomonlikdan qaytarishdir. Zero, rivojlanish uchun asosiy omillardan biri yaxshilik va taqvo yo‘lida bir-birlarini qo‘llab quvvatlashlaridir. Vallohu a'lam!” (Manba: “Majallatul buhusu-l islamiyya”).

Demak, meva va sabzavot mahsulotlarini yetishtirishda inson salomatligiga yomon ta'sir qiladigan dori vositalarini qo‘llash dinimizda qaytarilgan amallardan ekan. Shuni alohida aytib o‘tish kerakki, bugungi kunda ushbu mahsulotlarga zarar yetkazadigan kasallik va illatlarga qarshi himoyalanish uchun maxsus ziroat uyushmasi tomonidan tavsiya qilingan dorilardan foydalanishning zarari yo‘q. Ammo, mahsulotni tezda yetishtirib, chiroyli va katta ko‘rinishda bozorga olib chiqish va katta daromadga ega bo‘lish maqsadida dori vositalaridan foydalanish qabih amallardan bo‘lib, jamiyatga zararli mahsulot yetkazish xavfi bo‘lgani uchun qaytarilgandir.

Alloh taolo rizqimizga baraka ato etsin. Har birimiz rizqimizni halol va chiroyli yo‘l bilan to‘g‘ri so‘zlik ila qozonishimizni nasib qilsin!

 

Xayrulloh domla Sattarov,

Samarqand viloyati bosh imom-xatibi o‘rinbosari


Kiritilgan vaqti: 04/06/2021 21:39;   Ko‘rilganligi: 524
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/press/news/meva-va-sabzavotlarni-dori-yordamida-kattalashtirish-va-etishtirish-masalasi
Chop etilgan vaqti: 26/04/2024 20:30
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing