Meva-sabzavot eksport qiluvchilar uchun yangilik
Samarqand viloyat prokuraturasida viloyat bojxona boshqarmasi bilan hamkorlikda tijorat banklari, soliq idoralari xodimlari hamda tadbirkorlar ishtirokida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 17 oktyabrdagi “Meva-sabzavot mahsulotlarini tashqi bozorlarga chiqarish samaradorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori mazmun-mohiyatiga bag‘ishlangan tadbir o‘tkazildi.
Qarorga ko‘ra, yuridik shaxslar eksport qiluvchilari meva-sabzavot mahsulotlarini dastlabki to‘lovsiz, akkreditiv ochmasdan, bank kafolatini rasmiylashtirmasdan hamda eksport shartnomasini siyosiy va tijorat xavflaridan sug‘urta polisisiz eksport qilishlari mumkin.
- Eksportdan tushumlarni o‘z vaqtida ta’minlamagan tashkilotlar nohalol eksportyorlar reestriga kiritiladi va keyinchalik ularga nisbatan eksport qilishda to‘lovlarni oldindan to‘liq to‘lash talablari qo‘llaniladi, - deydi viloyat bojxona boshqarmasi bo‘lim bosh inspektori Sh.Rahmatov. - Tadbirkorlik subyektlari ulgurji savdo qilish litsenziyasiga ega bo‘lmasdan meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qilish huquqiga ham ega. Bunda yakka tartibdagi tadbirkorlar meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qilishdan tushgan tushumdan yagona soliq to‘lovi to‘lashlari kerak bo‘ladi.
Manba: “zarnews.uz”
Kiritilgan vaqti: 17/11/2018 00:00; Ko‘rilganligi: 1456
Chop etilgan vaqti: 03/12/2024 02:14