O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Xabarlar

“...Mening bu masjidimda o‘qilgan bir rakat namoz mingta namozdir”

 
 

Masjidi Nabaviyning fazilati juda ulug‘dir, uning zikri va sharafi Qur'oni karim va sunnati nabaviyada keltirilgan:

...لَمَسْجِدٌ أُسِّسَ عَلَى التَّقْوَى مِنْ أَوَّلِ يَوْمٍ أَحَقُّ أَنْ تَقُومَ فِيهِ فِيهِ رِجَالٌ يُحِبُّونَ أَنْ يَتَطَهَّرُوا وَاللَّهُ يُحِبُّ الْمُطَّهِّرِينَ

 “...Birinchi kundan taqvoga asoslangan masjid esa, unda turishingizga loyiqroqdir. Unda poklanishni xush ko‘radigan kishilar bor. Alloh esa poklanuvchilarni sevar” (Tavba surasi, 108-oyat).

Ulamolar, bu haqda quyidagilarni aytadi: “Masjidi Nabaviy ham, Qubo masjidi ham avvalgi kunidanoq taqvoga asoslangan”.

         Ushbu masjidning fazilati shuki, u yerda o‘qilgan bir rakaat namoz boshqa joylarda o‘qilgan ming rakat namozdan afzalroqdir1. Ba'zi rivoyatlarda, “Boshqa joylarda olti oy o‘qilgan namozlardan yaxshiroqdir”, tarzida ham kelgan. Ibn Umar r.a.dan rivoyat qilingan hadisda, Rasululloh s.a.v.: “Mening ushbu masjidimda o‘qilgan namoz boshqa joylarda o‘qilgan mingta namozdan yaxshidir, Masjidul Haromdan tashqari”, – deganlar.

         Abu Dardo r.a.dan rivoyat qilgan hadisda Rasululloh s.a.v.: “Masjidul Haromdagi bir rakat namoz yuz ming namzodir, mening bu masjidimda o‘qilgan bir rakat namoz mingta namozdir va Baytul Maqdisda o‘qilgan bir rakat namoz besh yuz namozdir”, – dedilar.

         Masjidi Nabaviyda ado etilgan ziyoda namozlar boshqa masjidlarda o‘qilgan namozlaring bir necha barobarining fazli ortiveradi. Salafi solihlar shunga ittifoq qilganlar keyingi jumhur ulamolarlarning fikri ham shudir. Muhib at-Tabariy aytadilarki: “Ajri ziyoda bo‘ladi, deb ta'rif berilgan masjid bu Rasululloh s.a.v. davrida qurilgan masjiddir, biroq unga qo‘shilgan joylar ham buning hukmidadir”.

         Ba'zida ayrim sabablarga ko‘ra masjidning tashqarisida, ko‘chalarda namoz o‘qishga to‘g‘ri keladi. Bunday holda masjidning tashqarisida namoz o‘qiganlar ham huddi uning ichkarisida o‘qiganlar kabi ajr olaveradilar. Chunki, saf bir-biriga bog‘langandir.

         Ba'zi tafsir kitoblarda zikr qilinadiki: “Savobni ziyoda berish Allohning fazlidandir, uning bandalariga bo‘lgan marhamatidir. Mo‘min kishi doimo Allohning keng fazlida bo‘ladi. Ikki kishi bir safda yonma-yon bo‘lolmasa – biri masjidning kiraverishida, ikkinchisi esa chiqaverishida bo‘lsa, bir-biriga tegishli bo‘lganligidan ularning ikkisiga ham bir xil ajr beriladi”.

         Ibn Hibbon Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qiladi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kimki uyidan mening masjidimni ziyorati uchun chiqsa, har bir bosgan qadami uchun bir yaxshilik yoziladi va har biridan bittadan gunoh o‘chiriladi, to qaytib kelguniga qadar”, – dedilar.

         10 dekabr kuni Umra safariga yo‘l olgan Samarqandlik 196 nafar ziyoratchilar ana shunday tabarruk manzillarda ibodat, duo va ziyoratda bo‘lib turibdilar. Alloh atolo barchalarimizga shunday ulkan ajrga ega bo‘ladigan ibodatlarni ato etsin!

O‘MI Samarqand viloyat vakilligi


Kiritilgan vaqti: 13/12/2019 15:17;   Ko‘rilganligi: 7351
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/press/news/mening-bu-masjidimda-oqilgan-bir-rakat-namoz-mingta-namozdir
Chop etilgan vaqti: 11/09/2024 21:28
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing