O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Xabarlar

Maxdumi A’zam jome masjidi

 
 

Oqdaryo tumanining Dahbed qo‘rg‘onida joylashgan “Maxdumi A’zam” jome masjidi Yalangtush bahodir tomonidan 1619 yili qurdirilgan va o‘z zamonasining madaniy markazlaridan hisoblangan.

Masjid nomi zamonasining buyuk allomalaridan biri mutafakkir hazrati Maxdumi A’zam nomi bilan bog‘liqdir. Asl nomi Sayyid Ahmad Xoja Kosoniy taxminan 1463-64 yili Farg‘ona vodiysining Kosonsoy shahrida dunyoga kelgan. O‘z yurtida va Toshkentda ilm olib kamolotga erishgandan keyin shayboniy xukmdorlaridan Jonibek Sultonning taklifiga binoan Samarqandning Miyonqol vohasiga ko‘chirib keltirishgan. U kishi kelganidan keyin bu vohani obodonlashtirib o‘n tup tol ekadi. Keyinchalik bu joy o‘n tolga nisbat berilib “dahbed” degan nom oladi. Maxdumi A’zam hazratlari 30 dan ortiq asarlar muallifi, Naqshbandiy tariqatining bilimdoni bo‘lib, shayx maqomiga erishgan. O‘z davrida yuzlab shogirdlarini tarbiyalagan Maxdumi A’zam hazratlari 1542 yil Dahbedda vafot etadi. Maxdumi A’zam hazratlarining qo‘nim topgan joyiga ko‘plab allomalar dafn kilingan bo‘lib, bugungi kunda tashrif bayuruvchilar bilan gavjum ziyoratgohdir

Masjid xovlisida 500 yoshdan oshgan chinor bor. Uning tana qismi g‘ovak shakliga kirib kolgan.

Mustaqillik yillarida Dahbed qo‘rg‘oni tubdan o‘zgartirilib, ulkan ishlar natijasida chiroyli shaharcha ko‘rinishiga aylantirildi. 1991 yil “Maxdumi A’zam” ziyoratgohi ta’mirlanib, yangidan ochildi. 1998 yil to‘liq qaytadan ta’mirdan chiqarildi. 2014 yilga kelib esa misli ko‘rilmagan darajada obodonlashtirish ishlari olib borildi. O‘zbekistan Respublikasining “Madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish to‘g‘risida»gi (2009 yil 9 oktyabr, O‘RQ-228-son) Qonuniga asosan Samarqand viloyati Madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish davlat inspeksiyasining 2014 yil
21-fevraldagi 90-sonli tavsiyanomasini inobatga olib, O‘zbekiston Respublikasi «Mahalliy Davlat hokimiyati to‘g‘risida»gi Qonunning 6,25-moddasiga hamda takdim etilgan hujjatlarga asosan Okdaryo tuman hokimining Dahbed massividagi “Maxdumi A’zam” ziyoratgohini obodonlashtirish» Nizomini tasdiqlash to‘g‘risida 2014 yil 7 mart kuni 171- sonli Karori chiqdi. Bu qarorga asosan “Maxdumi A’zam” xotirasini abadiylashtirish buyicha jamoatchilik komissiyasi huzuridagi o‘zini-o‘zi boshqaradigan mustaqil nodavlat xayriya jamoasi tuzildi.

Ziyoratgohning umumiy maydoni 38040,73 kv.m bo‘lib, shu maydonda qabriston, mevali va manzarali daraxtlardan tashkil topgan bog‘ hamda manzarali maysalarni o‘z ichiga oladi.

Hozirda “Maxdumi A’zam” jome masjidida Yusupov Olimxon Isoqovich imom-xatiblik qilmoqda.

“Maxdumi A’zam” xayriya jamoasiga tuman bosh imom xatibi Ablaqulov Xabibullaxon Po‘latovich rahbarlik qiladi.

O‘MI Samarqand viloyat vakilligi


Kiritilgan vaqti: 10/11/2016 00:00;   Ko‘rilganligi: 3595
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/press/news/maxdumi-azam-jome-masjidi
Chop etilgan vaqti: 14/10/2024 16:00
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing