O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Xabarlar

“Markaziy Osiyo – Fors ko‘rfazi arab davlatlari hamkorlik kengashi” vakillari yig‘ilishida qanday masalalar ko‘tarildi?

 
 

  “Markaziy Osiyo – Fors ko‘rfazi arab davlatlari hamkorlik kengashi” strategik muloqoti tashqi ishlar vazirlarining ikkinchi yig‘ilishida ishtirok etish uchun O‘zbekistonga kelgan Ko‘rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi Bosh kotibi Jasim Muhammad al-Budaviy “Dunyo” axborot agentligiga bergan eksklyuziv intervyusida ushbu rivojlanish yo‘nalishi ikki mintaqa uchun muhimligini ta'kidladi:

  “Biz Fors ko‘rfazi hamkorlik kengashi – Markaziy Osiyo strategik muloqoti tashqi ishlar vazirlarining ikkinchi yig‘ilishini intiqlik bilan kutmoqdamiz”. Ushbu uchrashuvdan ko‘zlangan asosiy maqsad kelgusi yili Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadigan ushbu masaladagi ikkinchi sammitga tayyorgarlik ko‘rishdan iborat. Ya'ni, bu uchrashuv yana bir muvaffaqiyatli sammitga asos bo‘ladi. Ikkinchi muhim sabab, Fors ko‘rfazi arab davlatlari bir tomondan O‘zbekiston bilan, ikkinchi tomondan, umuman Markaziy Osiyo davlatlari bilan yaxshi munosabatlarga ega.

Albatta, biz Ko‘rfaz hamkorlik kengashi – Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining 2023 yil iyul oyida Jidda shahrida bo‘lib o‘tgan birinchi sammitida ilgari surilgan barcha taklif va tashabbuslarni ko‘rib chiqamiz va amalga oshiramiz.

Aytish joizki, hozirgi bosqichda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev tomonidan ilgari surilgan tomonlar o‘rtasidagi munosabatlarni turli jabhalarda rivojlantirish to‘g‘risidagi bitim ishlab chiqilishi muhim tashabbuslardan biridir. Ushbu taklif hozirda Fors ko‘rfazi hamkorlik kengashi mamlakatlari tomonidan ko‘rib chiqilmoqda va biz uni amalga oshirishni intiqlik bilan kutmoqdamiz.

Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan hamkorlik qilishimiz mumkin bo‘lgan ko‘plab sohalar mavjud – bular siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy sohalar, “raqamli” iqtisodiyot, sun'iy intellekt, iqtisodiy yo‘laklarni yaratishdir. Bundan tashqari, biz bir qator muhim g‘oyalar ustida ishlamoqdamiz. Ko‘rfazdagi arab davlatlari va Markaziy Osiyo davlatlari dunyoning kelajagi ekanligiga chin dildan ishonamiz.

O‘zbekiston Fors ko‘rfazi davlatlari bilan mustahkam aloqalar o‘rnatganini mamnuniyat bilan qayd etmoqchiman. Ko‘rfaz davlatlarining O‘zbekistondagi elchixonalari soni buning yorqin dalilidir. Ikki tomonlama tashriflar va turli xalqaro tadbirlarda yuqori darajada ishtirok etish, O‘zbekiston rahbari tomonidan ilgari surilgan tashabbuslar, tashqi ishlar vazirlarining samarali tashriflari dinamikasi ham yuqori.

 Ishonch bilan ayta olamanki, O‘zbekiston Fors ko‘rfazidagi arab davlatlari hamkorlik kengashi hamkorlari orasida alohida o‘rin tutadi. Xususan, O‘zbekiston bilan Saudiya Arabistoni, Birlashgan Arab Amirliklari va Qatar o‘rtasidagi hamkorlikning istiqbolli rejalarini alohida ta'kidlash joiz.   O‘mon sultonligi, Bahrayn va Quvayt bilan hamkorlik kengayadi, degan umiddamiz. Arab davlatlari O‘zbekistonning mavqei, standartlari, mintaqa va undan tashqaridagi o‘rni va ahamiyatini yaxshi biladi. Shu bois O‘zbekiston bilan munosabatlarni yanada rivojlantirishdan manfaatdormiz”.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi

Matbuot xizmati


Kiritilgan vaqti: 17/04/2024 10:16;   Ko‘rilganligi: 189
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/press/news/markaziy-osiyo-fors-korfazi-arab-davlatlari-hamkorlik-kengashi-vakillari-yigilishida-qanday-masalalar-kotarildi
Chop etilgan vaqti: 14/10/2024 14:01
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing