O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Xabarlar

Ma’rifat va bag‘rikenglikning amaliy ifodasi

 
 

Insonni, avvalo, insonligi uchun hurmat va ehtirom qilish bashariyatning ko‘p ming yillik tarixidan meros bo‘lib kelayotgan olijanob fazilatlarning eng muhimlaridan biri hisoblangan – bag‘rikenglik tushunchasining taqozosidir. Jamiyat kishilari qachonki, yaxshilikni o‘zlari uchun bo‘lishi bilan birgalikda boshqalarga ilinsalargina najot topib, muvaffaqiyat pillapoyalaridan ildam odimlab boraveradilar. Qur’oni karimda bu borada:

«Asr (vaqti)ga qasamki, (barcha) inson ziyon-baxtsizlikdadir. Faqat imon keltirgan va yaxshi amallar qilgan, bir-birlariga Haq (yo‘li)ni tavsiya etgan va bir-birlariga (mana shu Haq yo‘lida) sabr-toqat qilishni tavsiya etgan zotlargina (najot topguvchidirlar)» (Val-asr surasi, 1–3-oyatlari), deb bizga ta’limot berilgan.

Ming yillar mobaynida xalqimiz mamlakatimiz hududida yashayotgan millat va elatlar bilan inoq, hamfikr va qadrdonlik tamoyillari asosida yashab kelgan. Ayniqsa, keyingi asrlarda bag‘rikenglik va insonparvarlik madaniyatini rivojlantirish, millatlararo va fuqaroviy o‘zaro ahillikni mustahkamlash, yosh avlodni Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalash davlatimiz siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Hatto Konstitusiyamiz ham vijdon va e’tiqod erkinligi, fuqarolarning bag‘rikengligi uchun zarur sharoitlarni yaratishga xizmat qiladi.

Keyingi ikki yilda Prezidentimiz yurtimizda ilm-fan va madaniyatni rivojlantirish, xalqimizning boy tarixiy, ilmiy, ma’naviy merosini har tomonlama o‘rganish, jahon afkor ommasiga keng tanishtirishga doir bir qator tashabbuslarni ilgari surdi. Mazkur tashabbuslar zamirida “Jaholatga qarshi – ma’rifat” shiori ostida muqaddas dinimizni, buyuk ajdodlarimizning boy merosini o‘rganish, tarixiy obidalarni asrab-avaylashga alohida e’tibor mujassam.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning 2017 yil sentyabr oyida Nyu-York shahrida bo‘lib o‘tgan BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida “Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik” nomli maxsus rezolyutsiyani qabul qilish to‘g‘risidagi tashabbusi keng jamoatchilik tomonidan ijobiy baholandi. Unda bag‘rikenglik, o‘zaro hurmatni qaror toptirish, diniy erkinlikni ta’minlash, fuqarolarning huquqlari va erkinliklarini himoya qilish, ularni kamsitishga yo‘l qo‘ymaslik kabi umuminsoniy qadriyatlar, barchaning ta’limdan foydalanishini ta’minlash, savodsizlik va bilimsizlikka barham berish g‘oyalari ifoda etilgandi.

Yaqinda BMT Bosh Assambleyasining yalpi sessiyasida “Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik“ bo‘yicha rezolyutsiyasining qabul qilinishi mamlakatimiz uchun 2018 yilning eng muhim tarixiy voqeasi bo‘ldi, desak adashmaymiz. Bu Prezidentimiz rahbarligida yurtimizda millatlararo va diniy bag‘rikenglikni ta’minlash borasida uzoqni ko‘zlab olib borilayotgan izchil islohotlarning dunyo hamjamiyati tomonidan tan olinishi deganidir.

Ya’ni, O‘zbekiston tomonidan ilgari surilgan bu konstruktiv taklif - dunyoda mavjud barcha dinlarga nisbatan ma’naviy bag‘rikenglik madaniyatini kuchaytirishga doir g‘oya 51 davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.

Bugun dunyoning nufuzli siyosatchilari, ekspertlar rezolyutsiyaning bag‘rikenglik bilan bir qatorda, madaniy va diniy bilimlarni kuchaytirish, global tinchlik va farovonlik uchun ustuvor yo‘nalish sifatida xizmat qilajagini ta’kidlamoqda.

Xulosa qilib aytganda, Prezidentimiz tashabbusining BMT tomonidan qabul qilinishi mamlakatimiz uchun ham tarixan, ham ma’nan olamshumul voqea bo‘ldi.

Zayniddin Eshonqulov,

O‘zbekiston musulmonlari idorasining

Samarqand viloyati vakili,

viloyat bosh imom-xatibi


Kiritilgan vaqti: 22/12/2018 00:00;   Ko‘rilganligi: 971
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/press/news/marifat-va-bagrikenglikning-amaliy-ifodasi
Chop etilgan vaqti: 25/09/2021 17:11
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing