O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Xabarlar

Manzillar obod ko‘ngillar shod bo‘lmoqda

 
 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev

Qashqadaryo viloyatida bo‘ldilar.

Prezidentimiz Qashqadaryo viloyatiga tashrif buyurganlarida ham odatlariga binoan ma’naviyat-ma’rifat maskanlarini, ulug‘ ajdodlarimiz manguga qo‘nim topgan tabarruk joylarni ziyorat qildilar. Xususan, Yurtboshimiz tashrifi sharofati bilan Qarshi shahridagi “Barkamol avlod” markazida, Qarshi tumanidagi “Abul Mu’in an-Nasafiy” ziyoratgohida qayta qurilish ishlarining borishi yuzasidan taqdimot marosimi o‘tkazildi.

Unda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov, Qashqadaryo viloyati bosh imom-xatibi Rahmatillo Usmonov va boshqa mutasaddi tashkilotlar rahbarlari ishtirok etdilar. Marosimda muhtaram Yurtboshimiz Abul Mu’in an-Nasafiy hazratlarining “Tabsirat al-adillati fi ilm al-kalom” (Kalom ilmida dalillar tilga kirganda), “At-tamhid li-qavoid at-tavhid fi ilmi kalom” (Kalom ilmidagi tavhid qoidalari uchun yagona kitob) asarlari yoshlarning bilimi yanada boyishida, ularning turli yot oqimlarga kirib qolishidan asrashda, el-yurtiga xizmat qiladigan komil, fidoiy insonlar bo‘lib yetishishida muhim asarlar ekanini alohida ta’kidlab o‘tdilar. Shuningdek, Davlatimiz rahbari “Abul Mu’in an-Nasafiy” ziyoratgohida qayta qurilish ishlarini belgilangan loyiha asosida olib borish, ziyoratgoh hududida muhtasham kutubxona tashkil etishni ham taklif etdilar. Shundan so‘ng O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimovga Abul Mu’in an-Nasafiy asarlarini o‘zbek tiliga tarjima qilib, chop etish hamda keng ommaga yetkazish yuzasidan aniq ko‘rsatma va topshiriqlar berdilar.

Tashrif chog‘ida muftiy Usmonxon Alimov hamda viloyat bosh imom-xatibi Rahmatillo Usmonovga oilalarning moddiy-ma’naviy muammolarini o‘rganish, bilim yurtlaridagi darslarni qoldirib yurgan talaba yoshlar hamda ularning ota-onasi bilan suhbatlar o‘tkazish, o‘z joniga qasd qilishning og‘ir gunoh ekanini tushuntirib, muntazam suhbatlar o‘tkazishga doir ko‘rsatmalar berdilar.

“MUSLIM.UZ”dan


Kiritilgan vaqti: 28/02/2017 00:00;   Ko‘rilganligi: 2918
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/press/news/manzillar-obod-kongillar-shod-bolmoqda
Chop etilgan vaqti: 14/10/2024 17:29
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing