O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Xabarlar

Malaka oshirish o‘quvlarining birinchi bosqichi yakunlandi

 
 

Imom noiblar uchun O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi Malaka oshirish markazi Samarqand mintaqaviy filialida 2021 yil 18 fevral kuni boshlangan o‘quvlar 3 mart kuni nihoyasiga yetdi. Ikki hafta mobaynida tinglovchilarga islomshunoslik - islom tarixi va manbashunoslik, qur'onshunoslik va hadisshunoslik, fiqh va kalom ilmi yo‘nalishida umumiy tayyorgarlik, umumkasbiy tayyorgarlik, mutaxassislik bo‘yicha tayyorgarlik, tanlov fanlari bo‘yicha mashg‘ulotlar bo‘lib o‘tdi.

Darslarga Malaka oshirish markazi Samarqand mintaqaviy filiali rahbariyati tomonidan sohaning yetuk mutaxassislari jalb etilgani mashg‘ulotlarning qiziqarli, samarali bo‘lishini ta'minladi hamda tinglovchilar ushbu qisqa vaqt ichida ko‘plab zaruriy ma'lumotlarga ega bo‘ldilar. Viloyat bosh imom-xatibi Z.Eshonqulov, o‘rinbosarlari X.Sattarov, Yo.Mansurov, SamDU professor-o‘qituvchilari, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy tadqiqot markazi mutaxassislari hamda Hadis oliy maktabi ustozlarining dars mashg‘ulotlarini olib borishi malaka oshirish kursi tinglovchilariga har tomonlama manzur bo‘ldi. Ayniqsa, Misrning Al-Azhar universiteti magistratura bo‘limining  usulud din kafedrasi mudiri, hadis ilmi fanlari doktori, Hadis maktabi ustozi, prof. Mahmud Abdulloh Abdurrahmon Abduhalimning notiqlik, zamonaviy firqalar kabi mavzusidagi ma'ruzalari tinglovchilarda katta ta'surotlar qoldirdi.

Umuman olganda har bir imom-xatib va imom noiblarning bu kabi o‘quvlarda ishtirok etishlari ularning bilim va ko‘nikmalari, kasbiy salohiyatlarini yanada oshishiga katta xizmat qiladi.

3 mart kuni tinglovchilar uchun bitiruv test imtihonlari bo‘lib o‘tdi. Malaka oshirish kurslari tinglovchilari o‘zlari uchun yaratilgan sharoit, bir-biridan mazmunli dars mashg‘ulotlari hamda qaratilgan e'tibor uchun barcha tashkilotchilarga o‘z minnatdorchilik va tashakkurlarini izhor etib, xayrlashdilar. Inshalloh, imom noiblar kurslar davomida o‘rgangan ilmlarini xalqimizning diniy ma'rifatini oshirish yo‘lida sarf etadilar.   

      

      

O‘MI Samarqand viloyat vakilligi matbuot xizmati


Kiritilgan vaqti: 04/03/2021 17:46;   Ko‘rilganligi: 781
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/press/news/malaka-oshirish-oquvlarining-birinchi-bosqichi-yakunlandi
Chop etilgan vaqti: 16/04/2024 14:02
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing