Mahalla mullalari masjid bilan hamkorlikda ish olib boradi
Mahalla va guzarlarda aholining diniy ehtiyojlarini qondirish, marosim va diniy rasm-rusmlarni belgilangan mezon asosida o‘tkazishda masjid imomlariga mahalla mullalari yaqindan yordam berib kelmoqda. O‘zbekiston musulmonlari idorasi Samarqand viloyat vakilligi tashabbusi bilan mahalla va masjid o‘rtasidagi hamkorlik mustahkam yo‘lga qo‘yilmoqda.
Mahalla mullalarining huquqiy maqomlarini belgilash, ularning faoliyatini sertifikat orqali yo‘lga qo‘yish shular jumlasidandir.
6 may kuni Samarqand shahridagi mahalla va guzarlarda mullallik qilib kelayotgan domlalalr bilan “Xo‘ja abdu Darun” jome masjidida yana bir bor kengaytirilgan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Uni O‘MI Samarqand viloyat bosh imom-xatibi o‘rinbosari Yoqubjon Mansurov, Samarqand shahar bosh imom-xatibi Zafar Mahmudovlar olib bordi. Kun tartibida har bir mahalla mullasi joylardagi masjid imomiga biriktirilishi, har ikki yilda bir marta O‘MI Samarqand viloyati vakilligi tomonidan tayinlangan maxsus imtihon hay'atining attestatsiyasidan o‘tishi, belgilangan diniy marosimlarni isrofgarchiliksiz,bid'at va xurofotlarga yo‘l qo‘ymagan holda amalga oshirishni ta'minlashi, mahallalarda ijtimoiy-ma'naviy muhitni sog‘lomlashtirish borasida mahalla oqsoqollari bilan hamkorlik qilishi kabi vazifalari shuningdek, vakillik tomonidan ularning mehnatini himoya qilish, diniy va dunyoviy bilimlarini oshirib borish, faoliyatini Hanafiylik mazhabi bo‘yicha amalga oshirishida ko‘maklashish masalalalri muhokama qilindi.
O‘MI Samarqand viloyat vakilligi matbuot xizmati
Kiritilgan vaqti: 06/05/2021 12:52; Ko‘rilganligi: 1023
Chop etilgan vaqti: 20/09/2025 07:59