O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Xabarlar

Karantin qoidalariga amal qilish orqali masjidlar sha'nini saqlaylik!

 
 

ذَٰلِكَ وَمَن يُعَظِّمْ شَعَائِرَ اللَّهِ فَإِنَّهَا مِن تَقْوَى الْقُلُوبِ

Ana shunday. Kim Allohning nishonalarini ulug‘lasa, bas, albatta, bu qalblarning taqvosidandir. (Haj surasi, 32-oyat).

Shior so‘zi «nishon», «belgi», «alomat» degan ma'nolarni bildiradi. Bu so‘z Alloh taologa nisbat berilib, «shaoirulloh» – «Allohning nishonlari» deyilganda esa Allohning dini, Islomning ko‘zga ko‘ringan, shon-shavkati alomati bo‘lgan narsalar ko‘zda tutiladi.

Shulardan biri – masjidlar ham Alloh taoloning shiorlaridir. Demak, kimda kim masjidlarni ulug‘lasa, u Alloh taoloning shiorlari ulug‘lagan, shu orqali Alloh taoloni ulug‘lagan bo‘ladi. Masjidlarni ulug‘lash esa jumladan ularning sha'ni, haybati va masjidlardagi jamoat qoidalarini muhofaza etishda namoyon bo‘ladi.

Yurtimizda karantin qoidalari yumshatildi. Alhamdulillah, 17 avgust sanasidan besh oy-u, ikki kun intiq bo‘lib kutganimiz maxsus tartib-qoida va cheklovlar bilan bo‘lsa-da, jamoat bo‘lib masjidda ibodat qilish baxtiga erishdik. Bu baxtda bardavom bo‘lishimiz uchun ko‘rsatilgan qoidalarga amal qilaylik, azizlar! Zero, boshqalarga tartib-intizomda ibrat va namuna bo‘lish uchun...

Alloh taoloning shiori – masjidlar sha'ni-shavkatini saqlash uchun...
Namozxonlar karantin qoidalariga amal qilishni bilmas ekan, masjidlar karantin talablarini bajara olmas ekan, degan xunuk gaplar paydo bo‘lib masjidlarimiz sha'ni past bo‘lmasin.

Bundan-da yomoni “falonchi falon masjidda virus yuqtirib olibdi”, “masjidlar kasallik tarqalishi o‘chog‘i bo‘libdi”, mazmunidagi gaplar masjidlar – Alloh taoloning shiorlari sha'ni uchun eng yomon gaplar bo‘ladi. 

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam marhamat qilganlar:
قال رسول الله صلي الله عليه و سلم:إِنَّمَا بُنِيَتْ لِلصَّلَاةِ وَتِلَاوَةِ الْقُرْآنِ وَذِكْرِ اللهِ
رواه المسلم (Masjid) namoz (o‘qish), Qur'on tilovat qilish va Alloh taoloni zikr qilish uchungina bino qilinadi” (Imom Muslim rivoyati). Shu muborak so‘zdan kelib chiqib hadisda aytilgan uch ishdan boshqasini masjid va uning atrofida bajarmasligimiz lozim. 

Alloh taolodan gunohlarimizni mag‘firat etishini, xatolarimizni o‘chirishini so‘rayman. Gunohlarimiz va xatolarimiz sababli boshimizga kelgan vaboni tez fursatda insoniyat, xususan, yurtimiz ustidan daf qilishini so‘rayman!

Tavfiq va hidoyat Alloh taolodan...

Zikrullo Mahkamov,

Chilonzor tumanidagi "Hasanxon qori" jome masjidi imomi-xatibi


Kiritilgan vaqti: 19/08/2020 08:55;   Ko‘rilganligi: 781
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/press/news/karantin-qoidalariga-amal-qilish-orqali-masjidlar-shanini-saqlaylik
Chop etilgan vaqti: 03/05/2024 19:50
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing