O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Xabarlar

KARANTIN PAYTIDA SAFDAGI ORALIQ MASOFANI SAQLASH NAMOZNI NUQSONLI QILADIMI?

 
 

483-CAVOL: Masjidlar ochilib yana jamoat namozlari o‘qila boshlandi. Lekin saflar orasini ochib, namozxonlar bir-biridan uzoqlashib namoz o‘qiyapmiz. Bu namozimizga nuqson yetkazmaydimi?

JAVOB: Bismillahir Rohmanir Rohim. Saflarni to‘g‘rilash va jipslashtirish haqida kelgan buyruqlar to‘rt mazhab ulamolari tomonidan ham mustahablikka ko‘ra deb bilingan, ya'ni, sunnat deb qabul qilingan. Payg‘ambarimiz alayhissalom saf haqida shunday deydilar:


أقيموا الصف في الصلاة فإن إقامة الصف من حسن الصلاة (متفق عليه عن أبي هريرة رضي الله عنه)


“Namozda safni to‘g‘ri qilinglar, chunki safni to‘g‘ri qilish namozning go‘zalligidandir” (Muttafaqun alayh)
Odatdagi sharoitda bu sunnatga amal qilishga kuchli targ‘ib qilinadi. Uni tark qilish makruhdir. Lekin karantin sharoitida ijtimoiy masofani saqlamaslik kasallik tarqalishining asosiy omili bo‘lgani uchun masofa saqlash, xoh jamoat joyida bo‘lsin, xoh masjidda bo‘lsin vojib darajasiga ko‘tarildi. Chunki bu ishda jonni salomat saqlash bor va bu qoida butun dunyoda amalga tatbiq qilinmoqda. Albatta, vojibni bajarish uchun sunnatni tark qilinadi.
Demak, kasallik tarqalishidan saqlanish uchun soha mutaxassislari ko‘rsatmasiga ko‘ra saf tortilsa ham, namoz buzilmaydi, makruh ham bo‘lmaydi. Chunki uzrli holat bo‘lganda bu sunnat soqit bo‘ladi. Hozirgi kunda kasallik tarqalishidan qo‘rqish ham uzrlardan biridir. Kasallik tarqamasligi uchun saflarni orasini ochishga ehtiyoj bor.
Boshqa tomondan namoz o‘qish Alloh taoloning buyrug‘i bo‘lgani kabi, inson o‘z jonini omon saqlashi ham U Zotning buyrug‘idir. Zero Alloh taolo Qur'oni karimda bandalariga imkoniyatdan tashqari ishni buyurmasligini bayon qiladi:


لَا يُكَلِّفُ اللَّهُ نَفْسًا إِلَّا وُسْعَهَا


ya'ni: “Alloh hech bir jonga toqatidan tashqari narsani taklif etmaydi...” (Baqara surasi 286-oyat)
Demak, jonimizni tahlikaga qo‘ymasdan namozni ado qilsak, har ikki buyruqni bajargan bo‘lamiz. Buni o‘zaro masofa saqlash bilan amalga oshiramiz, shunda kasallik tarqalishi keskin pasayadi, xavf kamayadi.
Banda doim imkoni darajasida harakat qilib, ibodatlarini bajargandan keyin Alloh taolo haqida yaxshi gumon qilib, uning fazlidan umid qilish kerak. Zero yaxshilikka mukofot, yomonlikka jazo beruvchi Alloh taoloning o‘zidir. Hamma narsani ko‘rib, bilib turuvchi zot, xohlasa imkonimiz darajasida qilgan ibodatimiz uchun o‘zi va'da qilgan to‘liq savobni beradi.
Bandasining ixlosi, jiddi jahdiga qarab, savoblar 700 barobargacha ko‘payishi hadislarda bayon qilinadi. Xuddi mening duoim ijobat bo‘lmadi degan kishining duosi qabul bo‘lmagani kabi, Alloh taoloning rahmatiga egalik qilib, namozimiz durust bo‘lmadi, savobi kamaydi demaslik kerak. Aksincha rahmatidan umid qilish va azobidan qo‘rquvni mo‘tadil tutish talab qilinadi. Imkonimiz boricha amal qilib, qolganiga Alloh taoloning rahmati va fazlini so‘raylik. Shoyad tez kunlarda ofiyat va xotirjamlikka erishsak. Vallohu a'lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo hay'ati. @diniysavollar


Kiritilgan vaqti: 17/08/2020 18:21;   Ko‘rilganligi: 976
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/press/news/karantin-paytida-safdagi-oraliq-masofani-saqlash-namozni-nuqsonli-qiladimi
Chop etilgan vaqti: 03/05/2024 14:17
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing