O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Xabarlar

“Jo‘sh ota” masjidi ta'mirdan so‘ng foydalanishga topshirildi

 
 

Uzoq Qo‘shrabot tumanining “Jo‘sh” qishlog‘i 2019 yil “Obod qishloq” dasturiga kiritilgan edi. Dastur asosida ko‘plab qishloqlar obod bo‘ldi. Yo‘llarga asfalt yotqizildi. Bog‘cha, maktab, qishloq vrachlik punktlari, shifoxonalar, savdo shahbchalari, dam olish maskanlari, mahalla maskanlari qurildi. Shuningdek, qishloqdagi muqaddas qadamjo – XII asrga oid Jo‘sh ota masjidi va ziyoratgohida ham obodonlashtirish, qurilish ishlari olib borildi. O‘tgan bir yil mobaynida masjid va maqbara binosi to‘liq rekonstruksiya qilindi. Majmua atrofida tahoratxona, ziyoratchilar dam olish maskani va boshqa maishiy xonalar bunyod etildi, atrof bog‘ga aylantirildi. Ushbu xayrli ishga viloyat, tuman hokimliklari keng ko‘lamda yordam ko‘rsatdilar. O‘zlarining xayr-saxvati bilan ko‘mak bergan homiylar va doimiy hasharda ishtirok etgan aholi vakillari ham bu savobli ishdan chetda qolmadilar.

Samarqand viloyat bosh imom-xatibi Z.Eshonqulov ushbu masjidda olib borilgan qurilishi-ta'mirlash, obodonlashtirish ishlarida bosh-qosh bo‘ldi. Har hafta uch-to‘rt kun ustolarning ishi bilan tanishib, zaruriy ashyolarni yetkazishda kamarbasta bo‘lib turdilar. Oraliq vaqtlarda esa vakil o‘rinbosarlari Yo.Mansurov va X.Sattarovlar masjid qurilishidan o‘z joyiga borib xabardor bo‘lishdi.

Bugun, 1 mart kuni olib borilgan mehnatlar samarasi o‘laroq Qo‘shrabot tumani “Jo‘sh ota” masjidi to‘liq rekonstruksiya qilinib, namozxon va ziyoratchilar ixityoriga topshirildi. Ushbu xursandchilik onlarida mahalla oqsaqollari, keng jamoatchilik, viloyatda faoliyat olib borayotgan imom-xatiblar, ustozlar yig‘ilib, shu kunlarga yetkazgani, tinchlik-xotirjamlik uchun Yaratganga hamdu sanolar aytishdi.

O‘MI Samarqand viloyat vakilligi axborot xizmati


Kiritilgan vaqti: 01/03/2020 18:15;   Ko‘rilganligi: 2008
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/press/news/josh-ota-masjidi-tamirdan-song-foydalanishga-topshirildi
Chop etilgan vaqti: 20/06/2025 13:09
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing