Imom-xatiblik mas’uliyat, uni dildan anglamoq lozim
Joriy yilning 20 noyabr kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasining Samarqand viloyati vakili, viloyat bosh imom xatibi Zayniddin Eshonqulov Kattaqo‘rg‘on shahri va Kattaqo‘rg‘on tumani masjidlariga tashrif buyurdi.
Masjidlar holati, imom xatiblar faoliyati bilan yaqindan tanishish, imomlarni ruhlantirish, mavjud kamchilik va muammolarni bartaraf etish maqsadida amalga oshirilgan tashrif asnosida Z.Eshonqulov joylarda yig‘ilish o‘tkazib, yurtimizda olib borilayotgan islohotlar mazmun mohiyati, uni teran anglash va aholiga yetkazish to‘g‘risida mulohaza yuritib, kerakli tavsiya va ko‘rsatmalar berib o‘tdi.
Bugun barcha sohalarda ko‘z ko‘rib, quloq eshitmagan o‘zgarishlar bo‘layotgan bir paytda masjidlarni obod qilish, ibodat uchun zarur shart sharoitlarni to‘kis etish, aholi bilan ishlash, xalqning dardu-tashvishlarini o‘ziniki deb bilish lozimligi, bu borada sustkashlikka yo‘l qo‘yib bo‘lmasligi borasida to‘xtaldi.
Imomlar bugunning kerakli va muhim shaxslardan biriga aylangani, xususan hozirda imom domlalarga shaxsan Yurtboshining o‘zi ishonch bildirayotgani haqida so‘zlab, 15 noyabr kuni Prezidentimiz raisligida o‘tkazilgan videoselektorda imomlar zimmasiga ulkan vazifalar yuklangani, jinoyatchilikning oldini olish, yoshlarni barkamol qilib tarbiyalash borasida imomlarning roli muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlananini aytib o‘tdi. Tuman imom xatiblarini sergak bo‘lib, yon-atrofda bo‘layotgan voqea-hodisalarni teran anglashga, odamlarga uning mazmun mohiyatini to‘g‘ri tushuntirib berishga chaqirdi.
Shuningdek, joylardagi kamchiliklar bosh imom xatiblar va masjid imomlari bilan birgalikda muhokama etilib, ularni bartaraf etish bo‘yicha berilgan qator takliflar tinglandi va yakdil to‘xtamga kelindi.
Ta’kidlash lozimki, bugungi islohotlar davrida masjidlar faoliyatini takomillashtirish muhim vazifalardan biridir.
O‘MI Samarqand viloyati vakilligi
Kiritilgan vaqti: 21/11/2017 00:00; Ko‘rilganligi: 2135
Chop etilgan vaqti: 14/10/2024 17:40