Imom xatiblar uchun sayohat tashkil etildi
28 noyabr kuni samarqandlik imom xatiblar uchun viloyat hokimligi hamda O‘zbekiston musulmonlari idorasining viloyat vakilligi hamkorligida Samarqand shahrining diqqatga sazovor joylari hamda yirik ishlab chiqarish korxonalari bo‘ylab sayohat tashkil etildi.
Ma’naviy hordiq chiqarish, kunlik vazifalar, kasb majburiyatlari sababli tabiiy ravishda yuzaga keladigan ruhiy toliqishlar uchun muolaja tariqasida tashkil etilgan sayohat dastlab Go‘ri Amir maqbarasi ziyorati bilan boshlandi. Qur’oni karim tilovat qilinib, Sohibqiron bobomiz va u kishining avlodlari, maqbara hududida dafn etilganlar ruhiga bag‘ishlandi. Maqbara tarixi va bugungi kuniga oid qiziqarli ma’lumotlar imom-xatiblarga yetkazildi.
Sayohat davomida ulug‘vor tariximiz timsoli, qadimgi va navqiron Registon maydoni hamda “Afrosiyob” muzeyiga ham tashrif buyurildi.
Viloyatdagi yirik ishlab chiqarish korxonalaridan biri “SAG” gilam zavodi faoliyati bilan yaqindan tanishish imomlarimizda o‘zgacha taassurot qoldirdi. Bugungi ildam rivojlanish jarayonining yorqin namoyondasi, raqobatbardosh, ko‘zni qamashtirar darajada go‘zal mahsulot chiqarayotgan korxona sayohati davomida mutuxassislar tomonidan zavodning tashkil bo‘lishi, rivojlanish tarixi, hozirdagi faoliyati haqida ma’lumotlar berildi.
“Hamid Olimjon” nomidagi drama teatrida “Bir o‘lib ko‘ray” nomli spiktakl tomoshasi bilan sayohat yakunlandi.
Sayohatda Samarqand shahri va unga yondosh tumanlardan 100 nafar imom xatib ishtirok etdi.
O‘MI Samarqand viloyati vakilligi
Kiritilgan vaqti: 28/11/2018 00:00; Ko‘rilganligi: 1623
Chop etilgan vaqti: 03/12/2024 00:09