O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Xabarlar

Imom-xatiblar uchun madaniy va ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etildi

 
 

Imom-xatiblarning hududlarda diniy vaziyatni sog‘lomlashtirish, ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini saqlash, millatlar va diniy konfessiyalararo totuvlikni ta’minlashdagi o‘rni va roli muhim ahamiyat kasb etib keladi.

Shunga binoan, viloyat hokimligi tashabbusi bilan imom xatiblarimizning diniy va dunyoviy bilimlarini oshirish, ma’naviy-ma’rifiy ko‘nikmalari hamda dunyoqarashlarini yuksaltirishga qaratilgan tadbirlar muntazam ravishda amalga oshirib borilmoqda.

Jumladan, 2018 yilning 28 noyabr kuni imom-xatiblarning Samarqand shahridagi tarixiy obida, muqaddas qadamjo, yirik sanoat korxonalari va boshqa diqqatga sazovor joylarga sayohatlari tashkil etilib, tashriflar davomida imomlarga buyuk o‘zbek alloma va mutafakkirlari hayoti, ijodi, ularning olamshumul kashfiyotlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar bilan bir qatorda, bugungi kunda mamlakatimizda olib borilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy-ma’rifiy va boshqa sohalarda amalga oshirilayotgan ulkan islohotlar, misli ko‘rilmagan ijobiy o‘zgarishlar mazmun-mohiyati atroflicha tushuntirib berildi.

Shu bilan birga, imomlar uchun viloyat musiqali drama teatrida “Bir o‘lib ko‘raychi!” nomli spektakl namoyishi tashkil etildi.

Joriy yilning 29 noyabr kuni “Sharq yulduzi” kinoteatrida “Hayot” nomli badiiy film namoyishi, Samarqand shahri, Pastdarg‘om va Payariq tumanlarida imom xatiblarining taniqli ijodkor (yozuvchi, shoir, rassom va boshqa madaniyat xodim)lari bilan uchrashuvlari va namunali tarzda “Ma’naviyat soat”lari o‘tkazildi.

Ta’kidlash lozimki, tashkil etilgan sayohat, teatr va kino tomoshalari, ayniqsa ijod ahli bilan o‘tkazilgan uchrashuvlar imomlarda katta ta’surot qoldirmoqda.

Shu bilan birga, imomlarimiz bu kabi madaniy va ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar din vakillarining ma’naviy yetukligini ta’minlashga xizmat kilishi shubhasiz ekanligini ta’kidlashib, kelgusida bunday tadbirlarni muntazam tashkil etib borishni istamoqdalar.

O‘MI Samarqand viloyati vakilligi


Kiritilgan vaqti: 08/12/2018 00:00;   Ko‘rilganligi: 1460
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/press/news/imom-xatiblar-uchun-madaniy-va-manaviy-marifiy-tadbirlar-tashkil-etildi
Chop etilgan vaqti: 27/04/2024 03:00
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing