Imom-xatiblar ishtirokida targ‘ibot tadbiri bo‘lib o‘tdi
2017 yil 23 noyabr kuni Samarqand qishloq xo‘jaligi institutida O‘zbekistonda diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, xususan, xorijlik ulamolar, din xodimlari ishtirokida o‘tkazilgan xalqaro konferensiyalarning mazmun mohiyatini yetkazish, yoshlarni milliy an’ana va qadriyatlarimizga yot bo‘lgan zararli ta’sirlardan ximoya kilishga qaratilgan targ‘ibot tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda O‘zbekiston musulmonlari idorasi viloyat vakilligi, viloyatdagi mavjud 285 ta masjid imom-xatiblari, imom noiblar, Ma’naviyat va ma’rifat markazi tuman (shahar) bo‘limlari rahbarlari, otinoyilar ishtirokchi sifatida qatnashdilar..
Ma’ruzalar Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita mas’ul xodimi D.Bobojonov, Toshkent islom instituti rektori U.G‘ofurov, viloyat hokimligi mas’ul xodimlari, viloyat ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari U.Usmonov tomonidan olib borildi.
Voizlar Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning 2017 yil 19 sentyabr kuni Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida so‘zlagan nutqida ko‘tarilgan siyosiy, diniy,ijtimoiy va yana boshqa ko‘plab sohalardagi muhim masalalar haqida so‘zlab berdilar.
Jahon afgor ommasidagi ijtimoiy-siyosiy vaziyatlar, inqiroz va inqiloblar sababidan kelib chiqayotgan muammolar, diniy ekstremizmning ayanchli oqibatlari, yoshlarni jismonan sog‘lom, ma’nan barkamol etib tarbiyalash, ularning ongi va dunyoqarashini “ommaviy madaniyat” kabi salbiy ta’sirlardan himoyalashning muhim yo‘nalishlari to‘g‘risida keng ma’lumotlar berildi.
2017 yil 15 noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti raisligida mamlakatimizda huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish borasida belgilangan vazifalar ijrosi, bu borada mavjud muammolar va ularni hal etish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida har bir mahallani jinoyatchilikdan xoli hududga aylantirish, bu borada befarqlik, loqaydlik holatlariga barham berish jamiyatda tinch va osoyishta hayotni ta’minlash borasida davlat va jamoat tashkilotlari oldida turgan dolzarb masalalar belgilab berilgani, har bir fuqaro ongida “Mening mahallamda jinoyat sodir bo‘lmasligi kerak” degan tuyg‘uni shakllantirish g‘oyat muhim ahamiyatga ega ekani ta’kidlandi.
Shuningdek, tadbirda 18 oktyabr kuni Toshkent shahrida o‘tkazilgan “Islom hamjihatligi: O‘zbekiston-Ozarbayjon misolida” mavzuidagi xalqaro konferensiya ishtirokchilarining yurtimizda hukm surayotgan diniy bag‘rikenglik haqida bildirgan fikr-mulohazalari namoyish etildi.
O‘MI Samarqand viloyati vakilligi
Kiritilgan vaqti: 23/11/2017 00:00; Ko‘rilganligi: 2195
Chop etilgan vaqti: 08/10/2024 18:06