O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Xabarlar

Imom Moturidiy faoliyatiga bag‘ishlangan xalqaro anjumanga tayyorgarlik ishlari boshlandi

 
 

Joriy yilning 3-5 mart kunlari Samarqandda “Imom Abu Mansur Moturidiy va Moturidiya ta'limoti: o‘tmish va bugun” mavzuidagi xalqaro anjuman o‘tkaziladi.

Bu yil buyuk vatandoshimiz, hadis va fiqh ilmining ravnaqiga ulkan hissa qo‘shgan yirik alloma Abu Mansur Moturidiy tavalludiga 1150 yil to‘ladi.

Shu munosabat bilan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Islom sivilizatsiyasi markazi, O‘zbekiston musulmonlari idorasi, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi hamda Misrning al-Ahzar majmuasi hamkorligida “Imom Abu Mansur Moturidiy va Moturidiya ta'limoti: o‘tmish va bugun” mavzuida xalqaro konferensiya tashkil etilmoqda.

Mazkur nufuzli anjumanga tayyorgarlik ko‘rish va yuqori saviyada o‘tkazish bo‘yicha Samarqand viloyati hokimligi tomonidan ham zarur chora-tadbirlar rejasi tasdiqlandi.

Unga ko‘ra, Samarqand shahridagi Imom Abu Mansur Moturidiy maqbarasi va mazkur majmua atrofida ta'mirlash ishlari amalga oshiriladi. Anjumanning asosiy majlisi o‘tkaziladigan Samarqand shahridagi “Forumlar majmuasi” hamda sho‘ba yig‘ilishlari tashkil etiladigan Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi hamda Hadis ilmi maktabi ham konferensiyaga tayyorlanmoqda.

Ushbu  konferensiyaga dunyoning turli mamlakatlari va xalqaro tashkilotlardan ikki yuzga yaqin mehmonlarning tashrifi kutilmoqda.

Anjumanga tayyorgarlik ishlarining borish jarayoni bilan tanishish maqsadida mutasaddi vakillar Samarqand shahrida bo‘lib, mehmonlar tashrifiga oid masalalar, anjuman bo‘lib o‘tadigan o‘rinlar va shaharning diqqatga sazovor maskanlarini ko‘zdan kechirib, zaruriy chora-tadbirlar bo‘yicha masalalarni o‘rganmoqda. Bir so‘z bilan aytganda nufuzli anjumanni ko‘tarinki ruhda o‘tkazish uchun tayyorgarlik ishlari boshlab yuborilgan.      

 O‘MI Samarqand viloyat vakilligi matbuot xizmati


Kiritilgan vaqti: 01/02/2020 14:28;   Ko‘rilganligi: 1231
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/press/news/imom-moturidiy-faoliyatiga-bagishlangan-xalqaro-anjumanga-tayyorgarlik-ishlari-boshlandi
Chop etilgan vaqti: 13/05/2024 20:17
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing