O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Xabarlar

IMOM BUXORIY YODGORLIK MAJMUASI YANGI QIYOFAGA KIRADI

 
 

17 iyun kuni Samarqand viloyat hokimligida Imom Buxoriy yodgorlik majmuasini qayta qurish bo‘yicha loyiha takliflarining taqdimoti yuzasidan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Bu haqda hokimlikning “samarkand.uz” rasmiy veb-sayti xabar beradi.

Yig‘ilishni Samarqand viloyati hokimi Turobjon Jo‘rayev olib bordi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning 2017 yil 14-15 aprel kunlari Samarqand viloyatiga tashrifi davomida Imom Buxoriy majmuasi hududida xalqaro tajribani o‘rgangan holda xalqaro ilmiy markaz qurilishi bo‘yicha topshiriq berilgan edi. Shu munosabat bilan majmuaga tutash hududdan 5,8 gektar yer maydoni ochilib, ilmiy markaz hamda markaz qarshisida 3 ta uch qavatli turar-joy qurilishi uchun ajratib berildi.

Xalqaro ilmiy markaz qurilishining umumiy loyiha qiymati 122 mlrd. so‘mni tashkil etib, bugungi kunda qurilish-pudrat ishlari yakunlanish arafasida. Shu bilan birga, ilmiy markaz qarshisida 3 ta uch qavatli, 18 xonadonli turar-joylar hamda majmuaga olib boruvchi Oqdaryo–Qo‘lbosti avtomobil yo‘li bo‘yida 62 ta milliy ko‘rinishdagi 2 qavatli kottejlar qurib bitkazildi.

Prezidentimiz Sh.Mirziyoevning joriy yil 17-18 mart kunlari Samarqand viloyatiga tashrifi davomida bergan topshirig‘i va viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishdagi dolzarb masalalar muhokamasiga bag‘ishlab o‘tkazilgan majlis bayoni bilan Imom Buxoriy majmuasini qayta qurish loyiha-taklifi va Xartang qishlog‘ining bosh reja-loyihasi ma’qullandi.

Xartang qishlog‘ining bosh rejasi dastlab “ToshboshplanLITI” davlat unitar korxonasi loyiha tashkiloti tomonidan tayyorlanayotgan edi. Loyiha ishlarini jadallashtirish maqsadida bosh reja va batafsil loyihalashtirish rejasi “O‘zshaharsozlikLITI” DUK tomonidan amalga oshirilishi belgilandi.

Ishlab chiqilgan bosh reja va loyiha taklifiga muvofiq, majmuaning umumiy joylashuv er maydoni 60,4 gektarni tashkil etib, majmua to‘liq qayta rekonstruksiya qilinishi belgilandi. Jumladan, majmuaga kirish qismidagi mavjud bir qavatli binolar ikki qavatli qilib quriladi.

Shuningdek, majmuada qo‘shimcha quyidagi bino-inshootlar qurilishi loyihalashtirilgan:

bitta to‘rt qavatli katta, 6 ta uch qavatli o‘rtacha va 20 ta ikki qavatli kichik mehmonxonalar;

supermarket;

yirik savdo markazi;

amfiteatr binosi;

dehqon bozori;

hammom;

ikkita tahoratxona;

milliy hunarmandchilik buyumlari va suvenirlar sotadigan 16 ta savdo do‘koni;

choyxona,

restoran;

bolalar o‘yin maydonchasi;

uchta avtomobillar saqlash maydonchasi;

minibank va boshqa obodonlashtirish ishlari.

Imom Buxoriy majmuasidan o‘tuvchi Oqdaryo–Qo‘lbosti avtomobil yo‘li olti tasmaliga kengaytirilib, Xartang qishlog‘ini 5 km masofada to‘liq aylanib o‘tadi.

Majmuaning qayta qurilishi munosabati bilan ushbu hududdagi 164 ta turar-joy va 30 ta noturar-joylar – jami 194 ta bino va inshootlar buzilishga tushgan. Hozirda bu ish jadal amalga oshirilmoqda.

Yig‘ilishda Imom Buxoriy majmuasini qayta qurish loyihasida yangidan qurilishi rejalashtirilgan mehmonxona, savdo, maishiy xizmat ko‘rsatish va boshqa obyektlar taqdimoti o‘tkazildi.

Viloyat hokimi majmuada yangi obyektlar qurish istagini bildirgan tashabbuskorlarni aniqlash bo‘yicha topshiriqlar berdi.

***

Hurmatli tadbirkorlar va tashabbuskorlar!

Sizda Payariq tumani Xartang qishlog‘ida joylashgan Imom Buxoriy yodgorlik majmuasida yuqorida sanab o‘tilgan obyektlardan biri yoki bir nechtasini qurish istagi bo‘lsa, quyidagi telefon raqamlari orqali murojaat qilishingiz mumkin:

Samarqand viloyat shtabi: (0366) 235-24-44, 235-20-42, 231-15-82.

Manba: “samarkand.uz”


Kiritilgan vaqti: 18/06/2018 00:00;   Ko‘rilganligi: 1893
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/press/news/imom-buxoriy-yodgorlik-majmuasi-yangi-qiyofaga-kiradi
Chop etilgan vaqti: 08/10/2024 17:17
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing