O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Xabarlar

Imkoniyati cheklanganlar uchun katta bayram

 
 

“3 dekabr – Xalqaro nogironlar kuni” munosabati bilan viloyatimiz bo‘ylab moddiy imkoniyati cheklangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolar, “Mehrinbolik”, “Muruvvat”, “Saxovat” uylarida istiqomat qilayotganlar, maxsus maktab-internatlarida tarbiyalanayotganlar holidan xabar olish ishlari jadal suratlarda olib borilyapti.

Aynan, 3 dekabr kuni Samarqand shahridagi viloyat musiqa va drama teatri binosida madaniyat xodimlari, san’atkorlar ishtirokida “Xalqaro nogironlar kuni”ga bag‘ishlangan bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda viloyat bosh imom xatibi Z.Eshonqulov va Samarqand shahridagi masjid imom xatiblari ishtirok etdilar.

“Inson va uning manfaatlari ustuvor sanalgan yurtda yashash ­– oliy baxt” shiori ostida o‘tkazilgan tadbir davomida so‘zga chiqqan Z.Eshonqulov muruvvat va yaxshilikning ahamiyati, uning sababidan qalblar ulfat, yurtlar obod bo‘lishi haqida rivoyatlar asosida ma’ruza qildi. Hech kim hech qachon e’tibordan chetda emasligini ta’kidlab, bugungidek tadbirlar ramziy ma’no kasb etishi, aslini olganda aziz yurtimizda har kuni inson qadri ulug‘lanib, o‘zaro mehr-oqibat, qo‘llab-quvvatlash, doimiy hamkorlik tamoyillari asosida vatanimiz taraqqiy topib borayotganiga e’tibor qaratdi.

Tadbir so‘ngida 10 dan ziyod nogironlik aravachasi, eshitish moslamalari, turli ko‘rinishdagi hassalar kabi harakat uchun qulayliklar tug‘diruvchi vositalar ishtirokchilarga taqdim etildi.

Kun davomida imkoniyati cheklangan fuqarolar uchun Samarqand shahridagi diqqatga sazovor joylarga sahyotlar uyushtirildi va ular uchun bayram dasturxoni tashkillashtirildi.

O‘MI Samarqand viloyati vakilligi


Kiritilgan vaqti: 03/12/2017 00:00;   Ko‘rilganligi: 1932
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/press/news/imkoniyati-cheklanganlar-uchun-katta-bayram
Chop etilgan vaqti: 04/12/2024 13:18
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing