O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Xabarlar

HAJ VA UMRA TADBIRLARINI TASHKIL ETILISHI VA O‘TKAZILISHI TARTIBI TO‘G‘RISIDA

 
 

Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 7 iyundagi 364-son Qarori bilan “Haj” va “Umra” tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlangan edi. Unga ko‘ra, “Haj” tadbiri O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita va Saudiya Arabistoni Podshohligi Haj vazirligi o‘rtasida har yili imzolanadigan shartnoma asosida amalga oshiriladi. “Umra” tadbiri esa O‘zbekiston musulmonlari idorasi va uning Saudiya Arabistonidagi hamkor tashkiloti o‘rtasida har yili imzolanadigan shartnomaga muvofiq amalga oshiriladi.

Ziyoratga borish uchun ariza beruvchi doimiy yashash joyidagi fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organiga ariza hamda pasporti nusxasini taqdim etishi lozim. Fuqarolarning arizalari fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari tomonidan yil davomida qabul qilinib, navbatga qo‘yib boriladi. Ziyoratga boradigan fuqarolarni ro‘yxatga olish uchun fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari maxsus jurnallarni yuritadi.

Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi arizani qabul qilib olgandan so‘ng ariza beruvchiga tegishli ma'lumotnoma berishi shart.

Ziyorat bilan bog‘liq barcha shart-sharoitlar (ziyorat to‘lovlari, shartlari va muddati) haqida ziyoratchilarga “Haj” tadbiri boshlanishidan kamida 1 oy, “Umra” tadbiri boshlanishidan kamida 14 kun oldin ma'lum qilinadi.

“Haj”ga borishga navbatga qo‘yiladigan nomzodlar quyidagi talablarga javob berishi lozim:

nomzod moddiy va jismoniy jihatdan “Haj” tadbiriga qodir bo‘lishi;

“Haj” amallarini to‘g‘ri va to‘la-to‘kis ado etishi uchun yetarli diniy bilimga ega bo‘lishi;

nomzod ma'naviyati, ma'rifati va odob-axloqi bilan mahallada obro‘-e'tiborga ega bo‘lishi;

oilasidagi muhitning sog‘lomligi va farzandlarining ijobiy tavsiflanishi, mahalla fuqarolar yig‘inidagi ijtimoiy-ma'naviy muhitni yaxshilashda ibrat bo‘la olishi;

yo‘ldan adashganlarni sog‘lom turmush tarziga qaytarish, ularning ijtimoiy moslashuviga yordam berishi, mahalla fuqarolar yig‘inida o‘tkaziladigan xayriya tadbirlarida ishtirok etishi.

Ziyoratchilar ro‘yxatini shakllantirishda quyidagi qo‘shimcha shartlar inobatga olinadi:

ziyoratga bormoqchi bo‘lgan fuqarolar voyaga yetgan bo‘lishi;

ziyoratga 45 yoshgacha bo‘lgan ayollar uchun mahramining ham birga borishi hamda mahram ekanligini tasdiqlovchi hujjat (pasport, tug‘ilganlik haqida guvohnoma va nikoh tuzilganligi haqida guvohnoma) nusxasi taqdim etilganligi.

“Haj” tadbiriga borishga nomzodlarni mahalla fuqarolar yig‘ini miqyosida saralab olish uchun fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarida tuman (shahar) hokimi tomonidan 7 kishidan iborat tarkibda ishchi guruh tuziladi.

Ishchi guruh tarkibiga, qoidaga ko‘ra, tuman bosh imomi, mahallaga biriktirilgan imom, mahalla raisi, profilaktika inspektori, Xotin-qizlar qo‘mitasi va O‘zbekiston faxriylarini ijtimoiy faoliyatini qo‘llab-quvvatlash “Nuroniy” jamg‘armasi vakillari kiritiladi.

Fuqarolarning vijdon erkinligi va diniy e'tiqodga bo‘lgan konstitusiyaviy huquqlarini to‘liq ta'minlash, “Haj” va “Umra” tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish bilan bog‘liq ishlar samaradorligini yanada oshirish, ziyoratlarni yuqori saviyada va tizimli tashkil etish hamda ko‘rsatiladigan xizmatlar narxini arzonlashtirish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 6 mart kunida № 154-F Farmoyishi qabul qilindi.

Diniy-ma'rifiy sohadagi islohotlarning natijasi o‘laroq, qolaversa fuqarolarimizning muqaddas ziyoratga bo‘lgan ehtiyojlarini to‘laqonli qondirish maqsadida Rahbariyat ko‘rsatmasi va jamoatchilik kengashi qarori asosida Umra safariga boruvchi ziyoratchilarning sonini belgilash bo‘yicha (kvota) cheklovlar olib tashlangan.

Hozirda ushbu yo‘nalishdagi ishlarni yana ham takomillashtirish bo‘yicha tizimli ishlar olib borilmoqda.

2019 yil “Haj” mavsumi uchun to‘lanadigan mablag‘ 33300000 so‘m qilib belgilandi. Shu vaqtga qadar “Haj” ziyoratiga boruvchilar 38000000 so‘m miqdorida to‘lovni amalga oshirar edilar.

“Haj” va “Umra” tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish masalalari bo‘yicha Jamoatchilik kengashi tomonidan Umra safariga bormoqchi bo‘lgan har bir fuqaro uchun to‘lanadigan mablag‘ qiymati 11600 000 so‘m miqdorda belgilandi. Mazkur mablag‘ga Saudiya Arabistoni Podshohligi rasmiy vizasi, Makka va Madina shaharlaridagi 5 va 4 yulduzli mehmonxona, o‘zbek oshpazlari tomonidan tayyorlanadigan taomlar, 24 soatlik bepul tibbiy xizmat, O‘zbekiston ramzlari tushirilgan maxsus libos, ibodat qo‘llanmasi, beyjik, zamonaviy transport hamda boshqa ziyorat xizmatlari kiritilgan.


Kiritilgan vaqti: 04/06/2019 00:00;   Ko‘rilganligi: 1257
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/press/news/haj-va-umra-tadbirlarini-tashkil-etilishi-va-otkazilishi-tartibi-togrisida
Chop etilgan vaqti: 14/05/2024 21:56
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing