“Haj – 2024” ishchi guruhi jamoalariga ulkan mas'uliyat yuklandi
Shu yil 20 may kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari raisliklarida “Haj – 2024” mavsumini yuqori darajada o‘tkazish bo‘yicha videoselektor yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda haj delegatsiyasi vakillari, ishchi guruhi a'zolari, ellikboshilar va shifokorlar jamoasi ishtirok etdi.
Majlisda Muftiy hazratlari haj qiluvchi inson Haq taoloning mehmoni ekani, shu bois haj amalini bajarayotgan kishiga ko‘mak bergan, uning og‘irini yengil qilgan inson ulug‘ ajru savoblarga noil bo‘lishini so‘zlab, har bir ishchi guruhi a'zosi va ellikboshilar ana shunday ulug‘ darajalarni maqsad qilib, Rahmonning mehmonlariga O‘zi rozi bo‘ladigan darajada sidqidildan xizmat qilishi lozimligini alohida qayd etdilar.
Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari o‘z so‘zlari davomida muborak safarga qadar ziyoratchilar bilan muntazam suhbatlar tashkil etish va ularda hajning tartib-qoidalari, farz, vojib va sunnatlari, o‘ziga xos mashaqqatlarini tushuntirish va zikru duolar qilish va yurtdoshlarimizning barcha savollariga batafsil javob berish zarurligini ta'kidladilar.
Shu bilan birga haj safarini ado etish baxtiga muyassar bo‘lgan yurtdoshlarimiz muborak zamindagi har bir daqiqasini g‘animat bilib, uni mazmunli va ibodatlar bilan o‘tkazishi uchun ellikboshilar bor kuch-g‘ayratni sarflashi lozimligini qayd etdilar.
Yig‘ilishda ziyoratchilarning ibodatlari mukammal bo‘lishi uchun ularga qulay shart-sharoitlarni muhayyo qilish borasida Makka va Madina shaharlaridagi haj ishchi guruhi faoliyat olib borayotgani, aviqatnovlar jadvali tasdiqlangani, viza rasmiylashtirish ishlari davom etayotgani, mehmonxonalar ziyoratchilarni kutib olishga shay holga keltirilgani, Mino, Arafot va Muzdalifadagi joylar ko‘zdan kechirilgani haqida ham ma'lumot taqdim etildi.
O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Davronbek Maxsudov, Shifokorlar guruhi rahbari Alisher Saatov kabilar so‘zga chiqib, tashkiliy ishlar, tibbbiy jihatlar, xat-hujjatlar, jamoaviy tartib-intizomga rioya etish, qonun-qoidalarga amal qilish, hojilar xavfsizlini ta'minlash va ogohlikga oid muhim tavsiyalarni berdilar.
Shuningdek, joriy mavsumda “Haj – 2024” ishchi guruhi, shifokorlar va ellikboshilar zimmasiga juda katta mas'uliyat yuklangani, shu bois har kim o‘z vazifasini vijdonan to‘la bajarishi zarurligi ta'kidlandi.
Tadbir yakunida Haq taolodan bu yilgi haj mavsumi muvaffaqiyatli o‘tishini so‘rab xayrli duolar qilindi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Kiritilgan vaqti: 21/05/2024 14:54; Ko‘rilganligi: 543
Chop etilgan vaqti: 20/09/2025 03:39