Hadis ilmi maktabiga zamonaviy avtobus topshirildi
Bugun, 27 mart kuni Samarqand viloyatidagi Hadis ilmi maktabiga zamonaviy avtobusni topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov zamonaviy avtobusni Hadis ilmi maktabiga topshirish chog‘ida davlatimiz Rahbari tashabbusi bilan ushbu ta’lim dargohini tashkil qilinishi mamlakatimiz ma’naviy taraqqiyotining bugungi bosqichida muhim ahamiyat kasb etishi, kelgusida ushbu maktabdan hadis olimlari yetishib chiqishiga tilak bildirdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlari marosimda oliy maktabdagi juda ko‘p qulayliklar bilan birga ushbu zamonaviy avtobus Hadis ilmi maktabi faoliyatida katta xizmat qilishi, eng zamonaviy va qulay sharoitlardan unumli foydalangan talaba-yoshlar kelgusida Imom Buxoriy, Imom Termiziy va Imom Dorimiy kabi ulug‘ muhaddislar bo‘lib yetishishlariga umid bog‘ladilar. Shuningdek, Alloh taboraka va taoloning bergan ne’matlariga shukr qilish, ne’matlarni yanada ziyoda bo‘lishiga asosiy omil ekanini sharhladilar. Muftiy hazratlari O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan ham mazkur oliy maktabga munosib sovg‘a topshirilishini bildirdilar.
Marosimda mutasaddi tashkilotlar rahbarlari, taniqli ulamolar, bosh imom-xatiblar, madrasalar mudirlari va tajribali imom-xatiblar ishtirok etdi.
Manba: muslim.uz
Kiritilgan vaqti: 27/03/2019 00:00; Ko‘rilganligi: 1477
Chop etilgan vaqti: 03/12/2024 01:05