HADIS ILMI MAKTABIGA KIRISH IMTIHONLARI DAVOM ETMOQDA
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 16 apreldagi PF- 5416-son Farmoniga asosan islom dini va hadis ilmi rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan buyuk ajdodlarimizning boy merosini chuqur o‘rganish, ular tomonidan asos solingan hadis maktablari faoliyatini qayta tiklash va rivojlantirish, ular qoldirgan boy ilmiy merosni o‘rganish, tadqiq qilish orqali xalqimiz va keng jamoatchilikka yetkazish va targ‘ib qilish, xususan hadis va unga doir ilmlarni chuqur o‘zlashtirgan yetuk mutaxassislarni tayyorlash maqsadida Hadis ilmi maktabi tashkil etilgan edi.
Avval xabar berganimizdek, bugun 9 iyul kuni Hadis ilmi maktabining 2019-2020 o‘quv yili uchun “Hadis va Mustalahul hadis” va “Arab tili” fanlaridan ijodiy imtihonlari bo‘lib o‘tmoqda. Ertaga 10 iyul kuni “O‘zbekiston tarixi” fanidan test sinovlari o‘tkazilishi belgilangan.
Respublikamizning turli hududlaridan O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi o‘rta maxsus islom bilim yurtlarini tamomlagan talabgorlardan 56 nafar abituriyent hujjati qabul qilindi.
Hadis ilmi maktabida 2019-2020 o‘quv yili uchun “Hadis va mustalahul hadis” va “Arab tili” fanlaridan O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi, Toshkent islom instituti va Hadis ilmi maktabi pedagog o‘qituvchilaridan iborat ijodiy imtihon oluvchi professor o‘qituvchilar tarkibi shakllantirilgan. Ushbu tarkib bilan birga Xalqaro islom akademiyasi o‘qituvchisi, Misr Arab Respublikasi Al-Azhar universiteti professori Magdiy Za'bal ham imtihonlarda ishtirok etmoqda.
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita ta'lim bo‘limi boshlig‘i B.Rustamov va O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ta'lim va kadrlar tayyorlash bo‘limi boshlig‘i S.Sherxonov qabul imtihonlari kuzatuvchi sifatida tashrif buyurgan.
Hadis ilmi maktabida qabul imtihonlarini yuqori saviyada tashkil etish, shaffof, ochiq va oshkora o‘tkazilishi uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan. Jumladan, abituriyentlarning ota-onalari va yaqin qarindoshlari uchun kutish joylari, salqin ichimliklar, imtihon jarayonini onlayin kuzatish kabilar hozirlangan.
Imtihonlarning o‘tkazilish jarayonida bevosita ishtirok etish, abituriyentlarning bilim saviyalarini nazorat qilish uchun O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy, qabul imtihoni hay'atining raisi Usmonxon Alimov hazratlari imtihon olish jarayonida ishtirok etdilar.
O‘MI Samarqand viloyat vakilligi
Kiritilgan vaqti: 09/07/2019 17:01; Ko‘rilganligi: 1421
Chop etilgan vaqti: 08/10/2024 17:33