O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Xabarlar

Hadis ilmi maktabi muborak bo‘lsin!

 
 

Noyabr oyining ilk kunlarida ommaviy axborot vositalarida yurtimizda yana bir oliy ta’lim muassasasi tashkil etilgani haqida xushxabarlar e’lon qilindi.

Barchamiz O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 16 apreldagi “Diniy-ma’rifiy soha faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmonining ijrosini ta’minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasining “Hadis ilmi maktabi faoliyatini tashkil etish va qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida” qarori qabul qilinganini katta xursandchilik va shukronalik bilan qarshi oldik.

Ta’kidlash lozimki, hozirda yurtimizda faoliyat olib borayotgan oliy va o‘rta-maxsus diniy ta’lim muassasalarida darslar umumiy yo‘nalishda olib boriladi va aynan hadis ilmiga xoslangan ta’lim yo‘nalishidagi ilm dargohi suv va havodek zarur edi. Chunki, buyuk muhaddislar yashab o‘tgan zaminimizda hadis ilmi bo‘yicha bilimdon, bobolar yo‘lini munosib tarzda davom ettiradigan mutaxassislarga bo‘lgan ehtiyoj har qadamda sezilib kelayotgandi.

Yurtimizda olib borilayotgan diniy sohadagi islohotlar gultojlaridan biri bo‘lgan ushbu ta’lim dargohi ayni ehtiyojni qondiruvchi, yana Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Daromiy kabi muhaddislar, hadis ilmi bilimdonlarini yetishtirib chiqaruvchi katta zamin va keng imkoniyat bo‘moqda.

Qaror mantlari bizga shuni ma’lum qiladiki, maktab O‘zbekiston musulmonlari idorasi muassisligida oliy ta’lim beruvchi nodavlat ta’lim muassasasidir, bitiruvchilarga beriladigan davlat namunasidagi diplom bakalavr darajasini beruvchi oliy ma’lumot to‘g‘risidagi hujjat deb e’tirof etiladi.

Xalqimiz uchun Qur’oni karim va hadislarning asl mohiyatini, hadis ilmining ilmiy nazariy asoslarini chuqur o‘rgangan, muhaddis bobolarimiz merosini puxta o‘zlashtirgan, hadisshunoslik sohasida ilmiy izlanishlar olib borish ko‘nikmasiga ega mutaxassislar ta’yorlanadi. Imom Buxoriy bobomiz davridagi kabi hadisshunoslik maktabini shakllantiriladi va rivojlantiriladi.

Qaror matnlarida keltirilgan shu va boshqa bandlar bilan tanishgan kishi Hadis maktabining ahamiyati, mohiyati va dolzabligiga, yurtimiz uchun Alloh taolo tomonidan berilgan buyuk bir ne’mat ekanligiga amin bo‘lishi muqarrardir.

Hadis ilmining sultoni Imom Buxoriy bobomiz ruhini shod etish maqsadida, u zot mangu qo‘nim topgan muqaddas majmua yonginasida tashkil etilgan Hadis ilmi maktabi vatandoshlarimizga muborak bo‘lsin deymiz.

Zayniddin domla Eshonqulov,

Samarqand viloyat bosh imom xatibi


Kiritilgan vaqti: 05/11/2018 00:00;   Ko‘rilganligi: 1530
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/press/news/hadis-ilmi-maktabi-muborak-bolsin
Chop etilgan vaqti: 14/10/2024 17:13
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing