O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Xabarlar

Ezguliklarga cho‘mgan kun

 
 

Qurbon hayiti va Mustaqillik bayrami. Bu ikki sana o‘zining zamirida ezgulik, yaxshiliklarga chorlash, jamiyat orasiga ahillik, birdamlik kiritish kabi ma’nolarni qamraydi.

Joriy yilda qo‘shaloq bayram - Qurbon hayiti va Mustaqillik bayramining bir kunga to‘g‘ri kelishi saxovatpesha insonlar qalbini yaxshiliklarga yanada moyil qilib yuborgan bo‘lsa ajab emas.

Viloyat bosh imom xatibining o‘rinbosari hamda Samarqand shahar “Xo‘ja Is’hoqi Vali” jome masjidi imom xatibi Yo.Mansurov tomonidan 1 sentyabr kuni homiylarni jalb qilgan holda masjid atrofidagi mahallalarda istiqomat qiluvchi kam ta’minlangan oilalar, nogironlar va maktab o‘quvchilariga qator moddiy ko‘maklar ko‘rsatildi. Ushbu tadbirda viloyat bosh imom xatibi Z.Eshonqulov ham ishtirok etdi.

3 nafar nogironga nogironlik aravachasi, 3 nafar maktab o‘quvchisiga o‘quv qurollari, shuningdek kam ta’minlangan oilalarga 2 dona xolodilnik, 2 dona televizor va 1 dona gilam hadya etildi.

“Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili”ga hamohang tarzda amalga oshirilgan ushbu tadbirda ishtirok etgan viloyat bosh imom xatibi Z.Eshonqulov masjid imom xatibiga va barcha homiylarga minnatdorchilik bildirib, bu ishlar besamar qolmasligini, qilingan ehsonlar barakotidan ko‘plab yaxshiliklar kelishini, kimnidir xursand qilish Allohning nazdidagi eng sukli ishlardan ekanini aytib, hadisi sharifda ham: “"Farz amallaridan keyin Allohga eng mahbub amal musulmonning qalbiga xursandchilik kirgizishdir" (Imom Tabaroniy rivoyati)”, deyilgan deya ta’kidladi.

Albatta imkoniyati borning muhtojga yordam berishi, ko‘makka ehtiyoji borlarning bilagidan tutish islom shiorlaridan bo‘lib, jamiyat birdamligini mustahkamlaydi.

O‘MI Samarqand viloyati vakilligi


Kiritilgan vaqti: 01/09/2017 00:00;   Ko‘rilganligi: 2526
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/press/news/ezguliklarga-chomgan-kun
Chop etilgan vaqti: 03/12/2024 02:07
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing