Ehson savobli amallardandir
Alloh taolo ehson haqida shunday marhamat qilgan:
“Suygan narsalaringizdan ehson qilmaguningizgacha sira yaxshilikka (jannatga) erisha olmaysizlar. Nimaniki ehson qilsangiz, albatta, Alloh uni biluvchidir” (“Oli Imron” surasi, 92-oyat).
Olamlarning Robbisi jannatga erishishning yo‘llaridan biri bu – suygan narsasidan ehson qilish ekanini bayon qilmoqda. Inson tabiatida shunday bir narsa borki, o‘zi suygan narsasidan voz kechib, uni ehson qilish ozgina qiyinroq tuyuladi. Ammo, o‘ylab qaralsa voz kechayotgan narsasi uning evaziga oxiratda qo‘lga kiritadigan mukofoti, ya’ni jannatning oldida juda arzimas narsa ekanini tushunib yetadi.
Ishtixon tumanida 11 ta jome masjid faoliyat yuritib kelmoqda. Tuman imom xatiblari o‘zlarining kunlik ish jarayonlarida aholi xonadonlarida bo‘lib, ularning muammo va kamchiliklarini tinglash hamda ularni bartaraf etish borasida sa’y harakatda bo‘lib kelmoqdalar. Tuman bosh imom xatibi A.Yaxshilikov boshchiligida imom xatiblar “Vaqf” xayriya jamoat fondining joylardagi vakili sifatida xayr-ehson, muruvvat va saxovat oyi bo‘lmish muborak Ramazon oyi davomida 215 ta iqtisodiy nochor, kam ta’minlangan, boquvchisini yo‘qotgan, nogiron hamda bemor kishilar xonadonida bo‘lib, ularga jami 12 280 000 so‘m miqdorda pul, oziq-ovqat mahsulotlari va ro‘zg‘or anjomlari ehson qildilar.
Ramazon oyi har birimiz uchun sinov va savoblarni qo‘lga kiritish oyi. Bu muborak vaqtdan esa unumli foydalanmog‘imiz, nafaqat ibodatimizni, balki amallarimizni ham chiroyli qilmog‘imiz kerak.
Alloh taolo barchamizning tutayotgan ro‘zalarimizni va xayr-ehsonlarimizni qabul qilsin!
Kiritilgan vaqti: 16/05/2019 00:00; Ko‘rilganligi: 1268
Chop etilgan vaqti: 03/12/2024 01:24