#Davriy_nashrlarda: IJOZANING TA'RIFI, SHAR'IY ASOSLARI VA AHAMIYATI
Qur'oni karim ta'limida Rasululloh sollallohu alayhi va sallamga bog‘lanadigan sanad bilan ijoza berishning ushbu qoidalari Makkai mukarramada 1439 h.s. rajab oyining 2-sanasi (2018 y. 19 mart)dagi majlis raisi va Islom olami Uyushmasi bosh kotibi doktor Muhammad ibn Abdulkarim raisligida o‘tgan xalqaro qiroat shayxlari kengashi a'zolarining 2-sonli yig‘ilishida ishlab chiqildi.
Qur'on qiroatini ta'lim berish jarayonida Rasululloh sollallohu alayhi va sallamga bog‘lanadigan sanad bilan ijoza berishning asosiy me'yorlari bor.
Qur'oniy ijoza Qur'oni karimni avloddan-avlodga og‘izma-og‘iz yetkazish amaliyotidir. Bunda ijoza beruvchi ijoza oluvchining bir rivoyat yoki ijoza berayotgan bir nechta rivoyatlarda tilovati to‘g‘ri va xatosiz ekaniga guvohlikka o‘tib, Qur'oni karimni o‘qishi va boshqalarga o‘rgatishga izn beradi.
Ijoza shar'iy asosga ega bo‘lib, bunga Parvardigorning ushbu so‘zi dalil: “Albatta, senga bu Qur'on o‘ta hikmatli va o‘ta ilmli Zot tomonidan berilur” (Naml surasi, 6-oyat). Oyatdagi “talaqqiy” ikki zotning biri biridan nimanidir olishini ifodalaydigan so‘zdir. Jabroil alayhissalom Alloh taolodan, Payg‘ambarimiz alayhissalom Jabroil alayhissalomdan, sahobalar roziyallohu anhum Nabiy alayhissalomdan talaqqiy etishgan.
Imom Buxoriy rahimahulloh “Sahih”ida “Qur'on fazilatlari” bobida Masruqdan rivoyat qiladi: «Abdulloh ibn Amr Abdulloh ibn Mas'ud roziyallohu anhuni zikr qilib: “Men uni yaxshi ko‘raman. Nabiy alayhissalomning: “Qur'onni to‘rt kishidan oling – Abdulloh ibn Mas'ud, Solim mavlo Abu Huzayfa, Muoz ibn Jabal va Ubay ibn Ka'b”, deganlarini eshitganman”, degan».
Ushbu hadisdan Qur'on qiroatini puxta, muqrilarning og‘zidan talaqqiy qilish; puxta, mohir qorilarni alohida yaxshi ko‘rish kelib chiqadi. Chunki ular Alloh taoloning Kitobini yodlagan, uni puxtalash, o‘qish, ta'lim berishdagi omonatdorligida ulug‘, mukarram farishtalar kabi ekanlari ma'lum bo‘ladi.
O‘qish va o‘qitishda Qur'oniy
ijozaning ahamiyati
Qur'on tilovati bilimli, mohir ustozdan mukammal tarzda olinadi. So‘ng ustoz ta'lim berishga ijoza beradi va talaba o‘zgani o‘qitishi durust bo‘ladi.
Ammo Qur'onni bir qancha marta mustaqil o‘qib chiqqan, lekin izn olmagan bo‘lsa, o‘zgalarni o‘qitish joiz emas. Zero, lahn (xato)lar keng yoyilgan zamonda Qur'onning adosi (ya'ni, lafzlari ijoza olish talabiga javob beradi) to‘g‘ri bo‘lishda eshitish va o‘tkazishning o‘zi kifoya qilmaydi. Balki bular bilan birga o‘qish va o‘qitish uchun ijoza va izn lozim.
Gohida talaba ustoziga Qur'onni to‘la ravishda bir necha marotaba o‘qib beradi-yu, adoni (ya'ni, lafzlari ijoza olish talabiga javob bermaydi) puxta qilolmaydi. Natijada ustozi unga ijoza bermaydi. Bunga misol: «Imom Jazariy rahimahulloh aytadi: “Imom Ahmad ibn Ahmad ibn Ibrohim Hoshimiy rahimahullohga Abu Ja'far ibn Zubayr rahimahulloh Varsh rivoyatini bir necha bor xatm qilgan, lekin ijoza ololmagan”».
Shu bois salaf ulamolardan ayrimlari ba'zi talabalarining puxta egallaganiga ishonch hosil qilish uchun Qur'onni qayta-qayta o‘qib berishini talab qilishgan. Shulardan, Mujohid ibn Jabr Makkiy Ibn Abbos roziyallohu anhumo huzurida 30 marta xatm qilgan. Imom Abu Ja'far ham Abdulloh ibn Ayyosh, Abdulloh ibn Abbos, Abu Hurayra roziyallohu anhumga o‘qib bergan. Shuningdek, Imom Nofe' ibn Abu Nu'aym rahimahulloh: “Tobeinlardan yetmish nafariga o‘qib berganman”, degan. Shu jumladan, Hishom ibn Ammor qiroatni Sulamiy Ayyub ibn Tamim, Irok ibn Xolid, Valid ibn Muslim, Sadaqa ibn Xolid va boshqalarga o‘tkazib olgan.
Bu borada eng ko‘p yodga olinadigan holat “al-Kamil fil qiroat” kitobi muallifi Imom Yusuf ibn Ali ibn Jubora Huzaliydir. U o‘zi haqida bunday deydi: “Bu ilm (qiroat)da men uchratgan ustozlarim Mag‘ribdan Farg‘onagacha, shimolu sharqda, tog‘u dengizlarda jami 365 nafardir. Agar Islom diyorlarida bu borada peshqadam yana biror insonni bilsam, albatta, oldiga borardim”. Imom Jazariy Huzaliyning ushbu so‘ziga munosabat bildirib: “Ustozlarimiz ilm talabida mana shunday himmatga ega edilar”, deydi.
Muqriy zotlar insonlarga Qur'onni o‘rgatishdan oldin o‘zlari eng mo‘tabar shayxlarga o‘tkazib, ularning qiroat, ado va puxtalikda guvohliklarini olishgan. Ushbu holatlar Alloh taoloning Qur'oni karimni saqlash vositalaridan biridir: “Albatta, Zikrni Biz nozil qildik va, albatta, uni Biz muhofaza qilurmiz” (Hijr surasi, 9-oyat).
Bu Alloh taolo tomonidan mutlaq saqlashdir. Ya'ni, oyatu suralari, talaqqiysiyu adosi, tafsiru ma'nolari. Alloh O‘zi saqlaguvchi va saqlash sabablarini ham hozirlovchidir. Payg‘ambarimiz alayhissalom davrlaridan hozirgi kunga qadar Qur'oni karimni o‘rganish asosiy ilmlardan biri bo‘lib kelgan. Hech bir davr va hech bir avlod Qur'on o‘qitish va ta'lim berishdan xoli bo‘lmaydi. Shuning uchun kim umrini Qur'on o‘qitishga bag‘ishlar ekan, Qur'onni to‘liq – boshidan oxirigacha sanadi Nabiy alayhissalomga bog‘langan shayxlardan talaqqiy qilgan ustozlardan o‘tkazib, o‘qitishga ijoza olmasdan ta'lim berishi joiz bo‘lmaydi.
Imom Buxoriy nomidagi
Toshkent islom instituti
“Tahfizul Qur'on” kafedrasi mudiri
Jahongir qori NE'MATOV
tayyorladi.
“Hidoyat” jurnalining 7-sonidan olindi
Kiritilgan vaqti: 10/08/2021 12:09; Ko‘rilganligi: 5283
Chop etilgan vaqti: 20/09/2025 00:52