Chegara hududlarga tashrif
2017 yil 2 iyun juma kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi Samarqand viloyati vakilligi rahbariyati, iqtidorli imom-xatiblar Urgut va Bulung‘ur tumanining chegara va chegaraoldi hududlarida joylashgan masjidlarda “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari” yili hamda Ramazon oyi munosabati bilan juma namozini ado etib berish, masjid sharoiti bilan tanishish, namozxonlar kafiyatini o‘rganish maqsadida xizmat safarida bo‘ldilar.
Viloyat bosh imom xatibi Z.Eshonqulov Urgut tumanidagi “Soy G‘o‘s”, bosh imom xatib o‘rinbosari Yo.Mansurov Urgut tumanidagi “Ahmad Ochil”, bosh imom xatib o‘rinbosari X.Sattorov Bulung‘ur tumanidagi “Cho‘yantepa”, Samarqand shahar bosh imom xatibi N.Islamov Bulung‘ur tumanidagi “Olomon” masjidiga tashrif buyurib, juma tezisi asosida hamda Ramazon oyi fazilati, bu oyda qilinishi lozim bo‘lgan amallar, tinchlik-xotirjamlikni qadrlash, uni avaylab-asrash, doimo hushyor turish, ayniqsa chegara hududlarda hushyorlikni yanada oshirish borasida ma’ruza qildilar.
Tinchligimizning sharofati o‘laroq barcha sohalarda xususan O‘zbekiston musulmonlari idorasi tizimida ham ko‘plab islohotlar olib borilayotgani, yaqinda Surxandaryo viloyatida yangidan qad rostlagan Imom Termiziy masjidining ochilishi muborak oyda nafaqat Surxandaryo muzofoti, balki butun yurtimiz musulmonlari uchun katta tuhfa bo‘lganini aytib, bu xayrli ish bilan yig‘ilganlarni muborakbod etdilar.
Masjidlarda ibodatlarning emin-erkin ado etilishi, har kuni xotirjam tong ottirib, shu taxlid kechga yetayotganimiz, iftorlik va saharligimiz serfaz va obod dasturxonlar uzra bo‘layotgani Allohning tinchlik deb atalmish bemisl ne’mati boisidan ekanini har bir mo‘min-musulmon teran anglashi lozimligini aytib, doimo shukrona ila yashashga chorladilar.
Shuningdek, joylarda iftorliklarni xonadonlarda hashamatsiz va kamtarona o‘tkazish hamda ushbu marosimni islom ta’limoti va milliy qadriyatlarimizga zid ravishda kafe va restoranlarda dabdaba va isrof bilan tashkil etishga yo‘l qo‘ymaslikka lozimligini ta’kidladilar.
O‘z navbatida masjid ahli va namozxonlar mehmonlarga tashrif uchun minnatdorchilik bildirib, olib borayotgan ishlariga muvaffaqiyat, yurtimiz tinchligi bardavom bo‘lishini so‘rab, iliq tilaklar bildirib qoldilar.
Usmonxon Muhammadiyev: O‘MI
Samarqand viloyati vakilligi mutaxassisi
Kiritilgan vaqti: 02/06/2017 00:00; Ko‘rilganligi: 2544
Chop etilgan vaqti: 14/10/2024 16:06