O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Xabarlar

Buxoroda tabiiy ofat talofotlari bartaraf etilmoqda

 
 

Kuni kecha 27 aprel kuni respublikamiz hududiga kirib kelgan kuchli shamol Buxoro, Navoiy, Samarqand va Qashqadaryo viloyatlarida aholi hayoti, infratuzilma tarmoqlari va qishloq xo‘jaligi ekinlariga zarar yetkazdi.

Ayniqsa, Buxoro viloyatida ko‘p qavatli uy-joylar, aholi xonadonlari, noturar binolar hamda madaniy meros obyektlariga jiddiy talofotlar yetkazilgani aniqlangan.

Bundan tashqari, viloyat bo‘yicha 42400 dona daraxt sinishi qayd qilingan. Binolar va daraxtlar ostida qo‘yilgan 415 ta avtotransportga jiddiy ziyon yetgan.

Sog‘liqni saqlash boshqarmasining bergan ma'lumotiga ko‘ra, jami 41 nafar fuqarolarga shundan, 32 nafar yengil, 7 nafar o‘rta va 1 nafar fuqaroga og‘ir tan jarohati yetgan. Shuningdek, 1 ta holatda o‘lim qayd etilgan.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi ushbu tabiiy ofat jabrdiydalariga Alloh taolodan sabr va ofiyat tilaydi. Buning oqibatida vafot etgan bir nafar yurtdoshimizning oila a'zolariga chuqur hamdardlik izhor qiladi.

Yurtimizga kelgan ushbu kuchli shamol va yog‘ingarchilik natijasida bo‘lgan talofatga sabrli bo‘lish, Allohga istig‘for aytib, bundan ham yomon bo‘lmagani uchun shukr qilishi lozim. Shunday musibatlarga sabr qilish –chidash, imon taqozo qilgan ishlarni amalga oshirish, Allohning hukmiga rozi bo‘lishdir. Hadisi shariflarga murojaat qilsak, toat va ibodat, gunohlardan saqlanish barobarida musibat va qiyinchiliklar yetganda sabrli bo‘lish musulmon kishining asosiy fazilatlaridan ekani aytiladi.

Alloh taoloning irodasi ila yetgan balolarga sabr qilib, Undan savob umid qilish lozim. Qur'oni karimda: “Albatta, Alloh sabrlilar bilan birgadir”, deya marhamat qilgan. Banda uchun Alloh u bilan birga bo‘lishidan ortiq mukofot bormi!? Yana bir oyati karimada: “Albatta, sabrlilarga ajrlari hisobsiz to‘liq berilur”, deya xushxabar qilingan (Zumar, 10).

Hadisi shariflarda musulmonga yetgan musibat uning gunohlariga kafforot ekani aytilgan. Hazrati Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Musulmonga yetgan har bir musibat tufayli Alloh uning gunohlarini o‘chiradi, hatto unga kiradigan tikan uchun ham” deganlar. (Imom Buxoriy rivoyati).

Ayni vaqtlarda Buxoro viloyati hokimligi, mutasaddi tashkilotlar va keng jamoatchilik vakillari hamkorlikda kuchli shamol oqibatida yetkazilgan zarar oqibatlarini bartaraf etish ishlari olib borilmoqda.

Bugun, 28 aprel kuni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev ushbu tabiiy ofat oqibatlarini ko‘zdan kechirish, zarur chora-tadbirlarni belgilash hamda aholi bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot qilish maqsadida, Buxoro viloyatida bo‘ldi.

Davlatimiz rahbari Qorako‘l va Olot tumanlaridagi holatni ko‘zdan kechirdi. Olot tumani markazida mahalliy aholi vakillari, faollar bilan uchrashuv o‘tkazildi. Turar joylar va infratuzilma obyektlarini ta'mirlash, aholiga har tomonlama ko‘maklashish bo‘yicha mutasaddilarga topshiriqlar berildi. Qishloq xo‘jaligi, iqtisodiyot tarmoqlari, jamoat xavfsizligi yuzasidan tezkor chora-tadbirlar belgilandi.

Bunday tezkor va amaliy amaliy sa'y-harakatlar har bir inson, har bir oila, har qanday vaziyatda davlatimiz e'tiborida ekanini yaqqol ifoda etadi.

O‘z navbatida, o‘lkamizda shu kunlarda noqulay ob-havo hukm surishi, janubiy-g‘arbdan kuchli shamol, changli bo‘ron kirib kelishi va ayrim hududlarda qisqa muddatli jala yomg‘irlar yog‘ishi ehtimoli borligini inobatga olib, transport vositalarni xavfsiz joylarga olishni hamda ehtiyot choralarini ko‘rishni iltimos qilamiz!

Ta'kidlash zarurki, ayrim ijtimoiy tarmoqlarda Buxoro viloyatida kuchli bo‘ron oqibatida boshpanasiz qolgan odamlar go‘yoki ommaviy tarzda Buxoro shahriga vaqtinchalik yashab turish uchun ketayotgani haqidagi xabar yolg‘on va haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. Aholi orasida vahima chiqarishga qaratilgan ma'lumotlarni har qanday shaklda tarqatish Islom dini ta'limotlarda qattiq qoralanadi, qonunchilikda esa javobgarlikka tortilishini yana bir bor yodga solamiz.

Islom dini manbalarida har bir holat uchun – yaxshi-yomon kunlar, xursandchilik-musibatli damlarda o‘ziga xos duolarni o‘qish haqida bayon etilgan. Shunday duolarni qilish murodu maqsadga yetishga katta vasila bo‘lganini bir necha bor o‘z tasdig‘ini topgan. Jumladan, shamol qattiq bo‘lganda “Allohumma, laqhan va laa 'aqiyman” – “Ey, Alloh! Uni yomg‘irli shamol qilgin, ofat keltiradigan qilmagin!”, mazmunidagi duolarni o‘qish tavsiya etiladi.

So‘zimiz yakunida, tabiiy ofat jabrdiydalariga Alloh taoloning qazoi qadarini rozilik ila qarshi olgan chinakam mo‘minlarning maqomini so‘raymiz, haqlariga duo qilamiz.

Haq taolodan shu kunlarda yurtimizda bo‘layotgan kuchli shamol va yog‘ingarchiliklarning salbiy oqibatlaridan panoh va yaxshiliklarga sababchi bo‘lishini so‘rab, Alloh taolo yurtimizni turli baloi-qazolardan O‘zi asrasin!

Manba:Muslim.uz


Kiritilgan vaqti: 28/04/2020 22:23;   Ko‘rilganligi: 823
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/press/news/buxoroda-tabiiy-ofat-talofotlari-bartaraf-etilmoqda
Chop etilgan vaqti: 19/05/2024 09:43
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing