O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Xabarlar

Buxoro shahrida I Xalqaro Ziyorat-turizmi Forumi o‘z ishini boshladi

 
 

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev tashabbusi bilan joriy yilning 21 — 23 fevral kunlari Buxoro va Samarqandda I Xalqaro “Ziyorat-turizmi” Forumi bo‘lib o‘tishi belgilangan edi. Kecha 21 fevral kuni dasturga ko‘ra, forumga taklif etilgan mehmonlar Buxoroning diqqatga sazovor maskanlari va ziyorat turizmi obyektlari, jumladan Bahouddin Naqshbandiy memorial majmuasini tomosha qildilar. Shundan keyin forumining VIP-ishtirokchilari va boshqa bir qancha tashkilotlar vakillari bilan mahalliy va xorijiy OAV uchun matbuot anjumanlari bo‘lib o‘tdi. Forumda ishtirok etish uchun 34ta davlatdan 120 nafarga yaqin vakil tashrif buyurgani anjumanda aytib o‘tildi. Ziyorat turizmi bo‘yicha ilk xalqaro forumda islom dunyosining nufuzli xalqaro tashkiloti, tegishli idoralar, din ulamolari, O‘zbekiston musulmonlari idorasining viloyatlardagi bosh imom xatiblari, oliy o‘quv yurtlari, sayyohlik ma’muriyatlari, ilmiy-akademik doiralar, ziyorat turizmi bo‘yicha turistik kompaniyalar vakillaridan iborat xorijiy mehmonlar, shuningdek, mahalliy OAV vakillari va turoperatorlar ishtirok etmoqda.

Forum O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi tomonidan Buxoro viloyati hokimiyati, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi, O‘zbekiston musulmonlari idorasi, “Vaqf” xayriya jamoat fondi, Tashqi ishlar vazirligi hamda UNESCO va UNWTO ko‘magi ostida “O‘zbekiston havo yo‘llari” bilan hamkorlikda tashkil etildi.

Bugun 22 fevral kuni Ziyorat turizmi bo‘yicha ilk xalqaro forumning rasmiy ochilish marosimi bo‘lib o‘tmoqda. Unda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov, O‘zbekiston musulmonlar idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Ulug‘bek Qosimxo‘jayev, Buxoro viloyati hokimi O‘ktam Barnoyev, Turkiya din ishlari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Osman Tiraschi, Dehli bosh masjidi imomi Said Buxoriy, Rossiya muftiylar kengashi raisi birinchi o‘rinbosari Rushan Abbasov, Indoneziyadagi O‘zbekiston sayyohlik brendi elchisi Eko Shri Margianti, Misr Vakillar palatasining Ijtimoiy birdamlik, oila va nogironlar qo‘mita raisi Abdulhadiy Al-Kasabiy va boshqalar so‘zga chiqishlari kutilmoqda.

Forum doirasida Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi Buxoro viloyati hokimiyati, O‘zbekiston Ruspublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi va forumning boshqa ishtirokchilari bilan birga “O‘zbekistonni ziyorat-turizmining markazlaridan biri sifatida e’tirof etish to‘g‘risida”gi Buxoro deklaratsiyasini imzolash marosimi bo‘lib o‘tishi va bir qancha xalqaro sayyohlik uyushmalari va fondlar o‘rtasida Hamkorlik memorandumini imzolash rejalashtirilgan.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi

Samarqand viloyat vakilligi


Kiritilgan vaqti: 22/02/2019 00:00;   Ko‘rilganligi: 1321
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/press/news/buxoro-shahrida-i-xalqaro-ziyorat-turizmi-forumi-oz-ishini-boshladi
Chop etilgan vaqti: 07/12/2024 22:41
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing