Bunyodkorlik ishlari ko‘zdan kechirildi
Kuni kecha, 7 sentyabr' kuni Samarqand viloyati bosh imom-xatibi Zayniddin domla Eshonqulov faxriy imomlarimiz Mahmudjon domla Ibodullayev hamda Habibulloh domla Boyqobilovlar bilan birgalikda Tayloq tumanida joylashgan “Madaniyat” jome masjidiga tashrif buyurdilar. Joriy yil boshida mazkur masjidning yangi binosi milliy va zamonaviy me'morchilik an'analariga to‘la mos holda qayta qurilib namozxonlarga topshirildi. Hozirda ushbu masjid tahoratxonasining qayta qurilish ishlari amalga oshirilmoqda.
Tashrif davomida rahbarlar quyida amalga oshirilgan va oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishdilar. Masjidning go‘zal naqqoshlik san'ati bilan bezatilganligi hamda namozxonlar uchun yaratilgan barcha shart-sharoitlar odamning ko‘ngliga xusho‘nudlik olib keladi. Masjid tahoratxonasida olib borilayotgan ishlar bilan tanishish jarayonida viloyat bosh imom-xatibi Zayniddin domla Eshonqulov namozxonlar uchun yanada qulayliklar yaratish hamda bugungi pandemiya davrida talab qilinayotgan barcha qonun-qoidalarga to‘liq rioya etish yuzasidan o‘zining kerakli tavsiya va ko‘rsatmalarini berdi.
Shundan so‘ng ushbu masjidda jamoat bilan Peshin namozi ado etildi hamda tashrif so‘ngida faxriy imom Mahmudjon domla Ibodullayev ushbu masjidning qurilishida jonbozlik ko‘satayotgan saxovatpesha insonlar haqqiga hamda bu dargoh qiyomatga qadar mo‘min-musulmonlarga xizmat qilishini so‘rab xayrli duolar qildi.
O‘MI Samarqand viloyati vakilligi matbuot xizmati
Kiritilgan vaqti: 08/09/2020 10:35; Ko‘rilganligi: 1413
Chop etilgan vaqti: 20/09/2025 07:57