Bulung‘ur tumanida sayyor yig‘ilish va uning doirasida uchrashuv va ma'naviy-ma'rifiy tadbirlar bo‘lib o‘tdi
Bugun, 2025 yil 21 yanvar kuni navbatdagi sayyor yig‘ilish Bulung‘ur tumanida tashkil qilindi. Tumandagi mavjud 16 ta masjid imom-xatiblari va imom-noiblari hamrohligida viloyatdagi 16 ta shahar va tuman bosh imom xatiblari tumandagi 16 ta mahallalarga tarqalib, joylarda aholining kam ta'minlangan va notinch oilalarga tashrif buyurdi.
Shuningdek, mahalla markazlarida uyushmagan yoshlar bilan suhbatlar tashkil qilindi. Har bir mahalladagi fuqarolar soni, ijtimoiy holati va muammolari tahlil qilindi. Shu bilan bir qatorda, viloyat ishchi guruhi Bulung‘ur tumanidagi 16 ta masjidda Peshin namozini o‘qib, yig‘ilgan namozxonlarga “Tinchlik-eng oliy nemat”, “Qo‘shnichilik haqlari”, “Ne'matlarga shukronalik”, “Farzandlar tarbiyasiga e'tiborli bo‘laylik”, “Oilangizni asrang”, “Yot g‘oyalarga aldanmang” va shu kabi bugungi kundagi dolzarb mavzular yuzasidan ma'ruzalar qildilar hamda ularning muammo va takliflarini tingladilar. Ish jarayonidagi holatlar ishchi guruh tomonidan dalolatnoma asosida xatlandi.
Mazkur tadbirlardan so‘ng, ushbu sayyor uchrashuvda ishtirok etgan diniy soha xodimlari bilan tahliliy yig‘ilish tashkil qilindi. Unda Bulung‘ur tumanidagi mahallalarda o‘rganilgan muammolar, tumanda diniy sohadagi yutuq hamda kamchiliklar va namozxonlar tomonidan qilinayotgan shikoyatlar muhokama qilindi. Mazkur yig‘ilishga viloyat vakilligi mutaxassisi X.Temirov va tuman bosh imom-xatibi M.Jomonqulov bevosita bosh bo‘ldilar. O‘tkazilgan tahliliy yig‘ilishda aholining turli qatlamlaridan o‘rganilgan kamchilik va muammolar hamkor tashkilotlar bilan birgalikda ijroga yo‘naltirish choralari muhokama qilindi. Shuningdek, diniy soha xodimlariga rahbarlar tomonidan aholining muammolarini yanada chuqurroq o‘rganib, ularni bartaraf etish, ular bilan yanada yaqinroq ishlash, sohaning rivojini yanada takomillashtirish bo‘yicha kerakli ko‘rsatma va topshiriqlar berildi.
Samarqand viloyati imom-xatiblari keyingi sayyor uchrashuvi 2025 yilning 28 yanvar kuni Samarqand shahrida o‘tkazilishi rejalashtirildi.
O‘MI Samarqand viloyat vakilligi matbuot xizmati
Kiritilgan vaqti: 21/01/2025 19:08; Ko‘rilganligi: 145
Chop etilgan vaqti: 27/03/2025 04:12