Bosniyadagi tarixiy masjid uzoq yillik tanaffusdan so‘ng yana ochildi
Bosniya va Gersegovinadagi tarixiy Senan Bey masjidi Turkiya tomonidan ta'mirlanib, foydalanishga topshirildi.
1992–1995 yillardagi Bosniya va Gersegovina urushi chog‘ida serb qo‘shinlari tomonidan vayron qilingan tarixiy Senan Bey masjidi Turkiya tomonidan asl rejaga ko‘ra ta'mirlanib, ochildi, deb yozadi IQNA sayti “Anadolu”ga tayanib.
Chaynich shahrida joylashgan Senan Bey masjidi dastlab Usmonlilarning mashhur me'mori Senan Bey tomonidan qurilgan.
Masjid 1992 yil 8 iyun kuni Bosniya urushi paytida serb kuchlari tomonidan vayron qilingan edi. Uni ta'mirlash ishlari 2016 yilda boshlangan edi. Sakkiz yillik bunyodkorlik ishlaridan so‘ng tarixiy masjid namozxonlar uchun yana qayta ochildi.
Masjidni qayta tiklash loyihasi Turk vaqflari Bosh boshqarmasi hamda Bosniya va Gersegovina Islom jamiyati tomonidan hamkorligida amalga oshirildi.
Mazkur loyiha nafaqat masjidga qaratilgan, balki uning asl qiyofasini tiklash uchun hududni obodonlashtirishni ham o‘z ichiga olgan.
Bosniya muftiysi Ramzi Pitich masjidni ta'mirlash va qayta tiklash muhimligini ta'kidlab, ushbu masjidning ochilishiga tayyorgarlik ishlari yakunlanganini e'lon qildi.
Uning ta'kidlashicha, Senan Bey masjidi Gorazd viloyatida so‘nggi 10 yil ichida ochgan uchinchi masjid bo‘lib, uni qayta tiklash Chaynicaga yangi hayot baxsh etadi va bosniyaliklarga masjidga tashrif buyurish uchun yangi sabab va motivatsiya beradi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Kiritilgan vaqti: 01/08/2024 14:51; Ko‘rilganligi: 60
Chop etilgan vaqti: 11/09/2024 17:32