Anjuman ishtirokchilari Samarqandni ziyorat qilishdi
2017 yilning 20 oktyabr kuni yurtimiz bo‘ylab davom etayotgan “Islom hamjihatligi O‘zbekiston – Ozarbayjon misolida” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya ishtirokchilari Samarqandda bo‘ldilar.
Mehmonlar temiryo‘l vokzalida viloyat hokimligi hamda O‘zbekiston musulmonlari idorasi viloyat vakilligi tomonidan alohida ehtimom bilan kutib olindi.
Nufuzli mehmonlar “Registon plaza” mehmonxonasiga joylashdi va ularga viloyat hokimligining alohida korteji xizmat qildi.
Viloyat safari Imom Buxoriy hazratlarining qabrini ziyoratidan boshlandi. Qabr oldida Qur’on tilovat qilindi va duoga qo‘l ochildi.
Tashrif juma kuniga to‘g‘ri kelgani munosabati bilan mehmonlar muftiy Usmonxon Alimov hazratlari boshchiligida Imom Buxoriy masjidida juma namozini o‘qidilar. Ibodat muftiy hazratlari tomonidan ado etib berildi. Namoz nihoyalangach, muftiy hazratlari yig‘ilganlarga mehmonlarni tanishtirib, hamjihatlikni mustahkamlash va tinchlikni asrash yo‘lida bo‘lib o‘tayotgan konferensiya ahamiyati haqida so‘zlab berdilar. Ikki davlat o‘rtasidagi aloqalar doimiy bo‘lishi, hamjihatlik ziyoda bo‘lib, tinchligimiz barqaror bo‘lishini so‘rab duolar qildilar.
Ketish oldidan ziyoratgoh sahnida bir piyola choy ustida qisqa suhbat bo‘lib o‘tdi va mehmonlar viloyatimiz noz-ne’matlaridan tanovvul qildilar.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov qabri ziyorati mehmonlarda o‘zgacha taassurot qoldirdi. Taomilga ko‘ra Qur’on tilovat qilingach, martabali mehmonlar marhum yurtboshimiz dafn etilgan hududda barpo etilayotgan yodgorlik majmuasi bilan yaqindan tanishdilar. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning ko‘rsatmalari asosida takomillashtirilayotgan majmuada olib borilayotgan ishlar Islom Karimov xatirasiga munosib tarzda bo‘lgani mehmonlar tomonidan e’tirof etildi.
Tashrif davomida Hazrati Donyor maqbarasi, Mirzo Ulug‘bek rasadxonasi, Go‘ri Amir maqbarasi va Registon maydoni ziyorat qilindi. Siyob bozoriga ham tashrif buyurilib shirinliklar va esdalik sovg‘alari xarid qilindi.
Shuning bilan ularning Samarqand shahridagi diqqatga sazovor joylar bo‘ylab uyushtirgan ziyoratlari yakunlandi.
Mehmonxonada kechki ovqatdan so‘ng yana bir bor Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi O.Yusupov, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy U.Alimov, Kavkaz musulmonlari idorasi raisi, MDH Dinlararo kengashi hamraisi – Shayxulislom Ollohshukur Poshshozoda ushbu anjuman butun dunyo tomonidan e’tirof etilgani, kelgusida uning samarasidan nafaqat ikki davlat, balki butun dunyo ahli bahramand bo‘lishini ta’kidlab o‘tdilar.
21 oktyabr kuni anjuman ishtirokchilari temiryo‘l vokzalidan «Afrosiyob» tezyurar poyezdiga o‘tirib Buxoro viloyatiga jo‘nab ketdilar.
O‘MI Samarqand viloyati vakilligi
Kiritilgan vaqti: 21/10/2017 00:00; Ko‘rilganligi: 2461
Chop etilgan vaqti: 07/11/2024 01:13