AHOLI BILAN MULOQOTNI KUCHAYTIRISH DAVR TALABI
Ma’lumki, kishi nimaga intilsa o‘sha narsa unga chinakam baxt bo‘lib tuyuladi. Boshqacharoq qilib aytadigan bo‘lsak baxtning rangi, ifori turlicha. Lekin ishonchimiz komilki, baxtlar ichida eng shirini, eng azizi va eng ardoqlisi oilaviy baxtdir.Chunki barchamizning yukinib, talpinib boradigan manzilimiz, xuzurlanadigan va halovat topadigan maskanimiz- bu oilamizdir.
Oila kelajagimiz vorislarini tarbiyalab, umuminsoniy qadriyatlar va milliy an’analarni avloddan-avlodga yetkazishda muhim rol o‘ynaydi. Mamlakatimizdagi har qanday o‘zgarishlar o‘z ta’siri va ifodasini oila muhitida aks ettiradi. Shuning uchun ham har bir oilada tinchlik-osoyishtalik va ijtimoiy –ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlash eng muhim vazifadir. Chunki mustahkam oila – yurtning ishonchli kelajagi, tayanchi, mehr-muruvvat, madaniyat va ma’naviyat o‘chog‘idir. Mamlakatdagi tinchlik-xotirjamlik, xalqning farovonligi, iqtisodiy yuksalishlar oilalar totuvligi tufaylidir. Mustaqillik yillarida oilaga munosabat masalasi davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi, bu borada bir qator me’yoriy-huquqiy hujjatlar, davlat dasturlari amalga oshirildi. Bosh qomusimizning 63-moddasida «Oila jamiyatning asosiy bo‘g‘inidir hamda jamiyat va davlat muhofazasida bo‘lish huquqiga ega» deb belgilab qo‘yilgan.
So‘nggi yillarda mamlakatimizda amalga oshirilgan ezgu ishlar, hukumat qarorlari onalik va bolalikning muhofaza qilish oilani mustahkamlash siyosati bilan bog‘liqdir. Oilalarni asrash va har tomonlama qo‘llab - quvvatlash maqsadida butun bir yillar oila masalasiga bag‘ishlandi. 1998-yilning «Oila yili», 2012-yilning «Mustahkam oila yili», 2013-yilning «Obod turmush yili», 2016-yilning «Sog‘lom ona va bola yili» deb nomlanib va ulkan ishlarning amalga oshirilganligi fikrimiz isbotidir.
Statistik ma’lumotlarga ko‘ra respublikamiz aholisining 98 foizi 7 million 500 mingdan ortiq oilalarda yashaydi, qayd etilayotgan nikohlar soni yildan-yilga oshib bormoqda. Oilalarni saqlash borasida aholi orasida olib borilayotgan keng ko‘lamli ishlarga qaramay, ajrimlar sonining oshib borayotgani barchamizni qayg‘uga soladi. Aksariyat yoshlarimizning oila qurishga tayyor emasligi, o‘z sog‘ligiga yetarlicha e’tibor bermasligi, yigitlarning oilani boshqarish, moddiy ta’minlash, farzandlarni tarbiyalash mas’uliyatini to‘liq his etmasligi, qizlarning esa uy bekasi, onalik vazifalarini yaxshi anglab yetmasligi, oilada sog‘lom ma’naviy muhitni yaratishga qodir emasliklari sababli oilaviy ajrimlar ko‘payayotganligi ko‘pchilikka ma’lum. Shuningdek, yigitlarning ichkilikbozlik, giyohvandlik kabi illatlarga berilib ketishi, qizlarimizning ijtimoiy tarmoqlarga qaram bo‘lib virtual olamdan baxt izlab, oiladan voz kechish holatlari, xorijdan baxt izlab uzoq yurtlarga turmushga chiqishlari, kutganlari sarob bo‘lib baxtsiz bo‘lib qolish holatlarining uchrayotgani g‘oyat tashvishli holatdir.
Inson qadri ulug‘lanayotgan yurtimizda 1995-yilda BMTning «Xotin - qizlar xuquqlari kamsitilishining barcha shakllariga barham berish to‘g‘risida» gi (SEDAW) Konvensiya ratifikatsiya qilingan va yurtimizda mazkur konvensiya shartlariga amal qilinadi.
Ba’zan hayotimizda ayolga nisbatan salbiy munosabatlar, kelishmovchiliklar, qo‘ydi-chiqdilarning uchrab turishi ham sir emas. Bunday holatlarni bartaraf etish uchun Xotin-qizlar qo‘mitasi tashabbusi bilan viloyatimizning barcha tuman va shaharlarida «Ayollar maslahat markazi» tashkil etilgan. Markazlarning asosiy vazifasi - hayot yo‘llarida jiddiy muammolarga uchragan, kutilmagan sinovlar, tashvishlar esankiritib qo‘ygan, tushkun kayfiyatdagi, ma’naviy va ruhiy yordamga muhtoj xotin-qizlarga va ularning oilalariga ijtimoiy, huquqiy, ma’naviy va psixologik yordam ko‘rsatish, zarur tushuntirish ishlarini olib borishdan iborat.
Joylarda faoliyat yuritayotgan mazkur markazlarning ish samaradorligini oshirish maqsadida viloyat hokimligi tomonidan «Ayollar maslahat markazi» faoliyatini o‘rganish va ularga amaliy yordam ko‘rsatish bo‘yicha ishchi guruxi shakllantirildi. Ishchi guruh tomonidan mazkur markazlar faoliyatini o‘rganish jarayonida yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar aniqlanib ularni bartaraf etish yo‘llari ko‘rsatildi, tegishli maslahatlar berildi. 125ta xonadonlarga kirib namunali suhbatlar tashkil etildi va muammolar yechimi yuzasidan zarur tavsiyalar berildi.
Darhaqiqat, kishilar kayfiyatidagi tushkunlik, ruhiy ezilish uning sog‘ligiga, oilasi, hamda ish faoliyatiga ham jiddiy ta’sir ko‘rsatadi. Turmush qiyinchiliklaridan, hayot tashvishlaridan ezilgan ayol shirin so‘zga, tasalli va tavsiyaga, to‘g‘ri maslahatga muhtoj bo‘ladi. Zarur holatlarda berilgan ma’naviy-ruhiy dalda kishini har xil noxushliklardan asrab yo‘l qo‘yilishi mumkin bo‘lgan jiddiy xatolardan himoyalash mumkin. Shuning uchun ham markazga murojaat etayotgan muammoli xotin-qizlarimiz ishonchlarini qozonish «Ayollar maslahat markazi»ning kundalik shioriga aylanmog‘i lozim.
N.Temirova: Samarqand viloyat
bosh imom xatibining xotin-qizlar
masalalari bo‘yicha maslahatchisi
Kiritilgan vaqti: 20/04/2017 00:00; Ko‘rilganligi: 2857
Chop etilgan vaqti: 07/12/2024 23:55