O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Xabarlar

AHLI ILM SUHBATI

 
 

O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi ta’lim muassasalarida amalga oshirilayotgan ta’lim-tarbiyaviy ishlarning maqsadi islom dini asoslarini puxta o‘zlashtirgan, insonparvarlik, xalqparvarlik va Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalangan, o‘rgangan ilmlariga amal qiladigan, dunyo va mintaqada yuz berayotgan tub ijtimoiy-siyosiy va din bilan bog‘liq murakkab jarayonlar mohiyatini teran idrok etadigan yetuk mutaxassis sifatida tayyorlashdan iborat.

Shu nuqtai nazardan, “2017 yil – Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili”da Toshkent islom institutida ham talabalarning kasbiy mahorati bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarini oshirish, muomala madaniyati va o‘z kasbiga bo‘lgan mas’uliyatini yanada oshirish maqsadida respublikadagi ulamolar va tajribali imom-xatiblar bilan ochiq muloqot, davra suhbati va uchrashuvlar tashkil etilmoqda.

Ana shunday uchrashuvlardan bir joriy yilning 16 may kuniToshkent islom institutida bo‘lib o‘tdi. Institut o‘qituvchi va talabalari ishtirokida o‘tkazilgan mazkur tadbirda O‘MIning Samarqand viloyati vakili Zayniddin domla Eshonqulov va Buxorodagi “Chor Bakr” jome masjidi imom-xatibi Azizxo‘ja domla Inoyatov qatnashdilar.

Ahli ilm bilan yuzma-yuz muloqotning o‘zi ham bir dars, katta saboq hisoblanadi. Hakimlar inson tanasidagi barcha xastaliklarni turli dorilar va shifobaxsh giyohlar bilan davolash mumkinu, ammo qalbdagi illatlarni faqat ilm ahlining, ma’rifat egalarining suhbati, pand-nasihatlarigina to‘g‘rilay oladi deyishadi. Zero, Umar (roziyallohu anhu)ning: “Ey Allohim, meni yaxshi kishilar bilan birga jonimni olgin, yomonlar orasida qoldirmagin! Meni yaxshi insonlarga ro‘baro‘ qilgin”, - deya duo qilganlari hadis kitoblarida rivoyat qilingan (Imom Buxoriy rivoyat qilgan).

Samimiy ruhda boshlangan uchrashuvda dastlab so‘z navbati Zayniddin domlaga berildi. Notiq o‘z chiqishida talabalarga ilm o‘rganish yo‘lida sobitqadam bo‘lish, xolisona yondashish lozimligi, ilmdan maqsad faqat Alloh taoloning roziligi bo‘lishi kerakligi, noxolis maqsadlardan hamisha yiroqlashish zarurligi haqida keng izohlar asosida go‘zal nasihatlar qildi.

Shundan so‘ng Azizxo‘ja domla tadbir qatnashchilariga “Tolibi ilmlarga tavsiyalar” mavzusida marifiy suhbat o‘tkazdi. Ulamo ilm o‘rganish uchun zarur qoidalar, uslublar haqida gapirib, bu borada o‘zlarining hayotiy tajribalari bilan o‘rtoqlashdi.

Ustozlar tomonidan aytilgan ushbu o‘git va tavsiyalar ilm o‘rganish yo‘lidagi barcha tolibi ilmlar uchun hozir ham, kelgusi hayotlarida ham ulkan dars va amal dasturi o‘laroq faqat va faqat ularning ish-faoliyatlarida doimo g‘alabaga erishishlariga xizmat qiladi. Binobarin, ushbu nasihatlar dinimiz ko‘rsatmalari, ustozlarning yillar mobaynida orttirgan beqiyos tajribalari mahsulidir.

Imom G‘azzoliy (rahmatullohi alayhi) aytganlaridek: “Johillar davrasidan yiroqlashib, olimlar tomon intilish, bilmaganini ulardan so‘rab, nasihatlariga quloq tutish kishini ulug‘likka eltuvchi eng yaqin yo‘ldir”.

Tadbir nihoyasida tashrif buyurgan ustozlar institut jamoasi, xususan, ustozlar va talabalarning haqlariga xayrli duolar qildilar.

manba: www.buxoriy.uz


Kiritilgan vaqti: 17/05/2017 00:00;   Ko‘rilganligi: 3144
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/press/news/ahli-ilm-suhbati
Chop etilgan vaqti: 08/10/2024 16:35
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing